Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Sarvar Toshkentga Oʻzbekiston–Buyuk Britaniya iqtisodiy qoʻmitasining ikkinchi yigʻilishiga kelib, Mirziyoyevga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernemning salomi va maxsus maktubini yetkazdi. Eng avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish hamda Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida infratuzilma, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim va sogʻliqni saqlash sohalarida yangi loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda, Spot qoʻshimcha qilishicha, Prezident Administratsiyasi rahbari, shu bilan birga Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.
Oʻsha kuni, Yuz.uz ma’lumotiga koʻra, qoʻmitaning ikkinchi yigʻilishi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Sarvar hamraisligida oʻtdi. 46 ta loyihani amalga oshirish, UK Export Finance ishtirokida moliyalashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazini rivojlantirish, elektrotexnika, kritik minerallar, farmatsevtika va transport mashinasozligi sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Britaniyaning DCTS savdo imtiyozlari tizimi, sertifikatlashni soddalashtirish, texnik toʻsiqlarni bartaraf etish va Oʻzbekiston mahsulotlarini Britaniya savdo tarmoqlarida ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Yakunda savdo, investitsiyalar, sanoat, raqamli texnologiyalar, moliya va sogʻliqni saqlash sohalaridagi kelishuvlarni mustahkamlovchi bayonnoma imzolandi.
Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash yanvar–avgust oylarida 12,6 foizga oshdi va 250 million dollarga yaqinlashdi.
Kontekst
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 260 ta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, uchta qoʻshma oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgan va Kembrij universiteti hamkorligida Prezident maktablari ishga tushirilgan. Moliya sohasida Standard Chartered banki, neft-gaz sohasida British Petroleum kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, London fond birjasida esa Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasining birinchi IPO oʻtkazilgan.
Taqqoslash uchun: Oʻzbekistonning yanvar–avgust oylaridagi tashqi savdo aylanmasi, Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, 57,4 milliard dollarni tashkil etdi, shunga koʻra Buyuk Britaniya bilan savdo 0,5 foizdan kam (shu ma’lumotlar asosidagi hisob-kitob).