JSST bolalar va oʻsmirlardagi semizlikni davolash boʻyicha dastlabki global tavsiyalarni ilk bor e’lon qildi. 10 yoshgacha boʻlgan bolalarga u dori vositalarini ham, bariatrik jarrohlikni (vazn tashlash uchun hazm tizimida oʻtkaziladigan operatsiyalar) ham, vazn tashlash uchun moʻljallangan qurilmalarni ham tavsiya etmaydi.
Buning oʻrniga JSST har qanday yoshdagi bolalar va oʻsmirlar uchun ovqatlanish, jismoniy faollik va xulq-atvorni oʻzgartirish boʻyicha tuzilgan dasturlarni — yakka tartibda yoki uchala yoʻnalish birlashtirilgan multimodal dastur doirasida — qat’iy tavsiya qiladi. Raqamli vositalarga shartli ravishda, faqat ulardan foydalanishni ota-ona yoki vasiy nazorat qilgan taqdirdagina ruxsat beriladi. Davolashdan maqsad vaznni kamaytirishdan kengroq: salomatlik, oʻzini yaxshi his qilish va uzoq muddatli kuzatuv. Semizlikni JSST qaytalanib turadigan surunkali kasallik deb ataydi, uni boshqarish mumkin.
10–19 yoshdagi oʻsmirlarga tasdiqlangan dori vositalarini faqat nazorat ostidagi multimodal dastur natija bermagandagina koʻrib chiqish mumkin, operatsiyani esa — ogʻir semizlikda va qat’iy shartlar ostida. Aynan qaysi dorilar va qanday shartlar nazarda tutilgani press-relizda aniqlanmagan.
Alohida JSST semizlik bilan bolaning ruhiy salomatligi bilan bir vaqtda va iloji boricha erta, oila ishtirokida shugʻullanishni maslahat beradi. JSSTning ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi departamenti direktori Luz Mariya De Regil yordamning asosi dori yoki jarrohlik emas, balki kompleks qoʻllab-quvvatlashdan foydalana olish ekanini ta’kidlaydi. Faqat davolash bilan semizlikning oʻsishini toʻxtatib boʻlmaydi, shu bois JSST siyosiy choralarga, jumladan tartibga solish va fiskal choralarga ham chaqiradi.
JSST miqyosni shunday ta’riflaydi: 2024-yilda 5–19 yoshdagi 170 million bola va oʻsmir semizlik bilan yashagan — 70 millioni 5–9 yoshda, 100 millioni 10–19 yoshda. 1990-yildan beri bu guruhda tarqalish toʻrt baravar oshgan: 2 foizdan 8 foizgacha.
Kontekst
Oʻzbekistonda oʻsmirlar orasida ortiqcha vazn va semizlik kam uchramaydi. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda UNICEF 2025-yil kuzida 59 ta maktabda oʻtkazgan tadqiqot oʻsmirlarning 25 foizdan ortigʻida ortiqcha vazn yoki semizlik borligini koʻrsatdi. 10–19 yoshdagi 2404 oʻsmirning antropometrik koʻrsatkichlari oʻrganilgan: tana vazni indeksi 72,2 foizida normal, oʻgʻil bolalarning 30,8 foizida ortiqcha vazn yoki semizlik qayd etilgan, eng zaif guruh — 10–14 yoshli oʻgʻil bolalar (42,1 foiz).
Sogʻliqni saqlash vazirligining bolalar dietologiyasi boʻyicha bosh mutaxassisi Nilufar Ahmedovaning soʻzlariga koʻra, 5 yoshgacha bolalar orasida ortiqcha vaznli bolalar ulushi 4,5–6 foiz atrofida saqlanmoqda, yetti yoshlilar orasida 10 foizdan oshadi, 10–14 yoshli guruhda esa 36 foizga yetadi. U bolalardagi ortiqcha vazn va semizlik qandli diabet, gipertoniya kasalligi va yurak bilan bogʻliq erta muammolar uchun zamin boʻlishini ta’kidlagan.
Tadqiqot kuzatuvdagi boʻshliqni ham koʻrsatdi: maktab bolada ovqatlanish buzilishini sezsa, uni odatda shifokorlarga bir martalik yoʻnaltiradi, aniq rasmiylashtirilgan va muntazam algoritm esa maktablarning atigi 19 foizida bor. Jismoniy faollik uchun yetarli infratuzilma 59 ta maktabdan 36 tasida mavjud — asosan shahar maktablarida.