Eng katta mablagʻni Aloqa Ventures ajratadi — 570 ming dollar. Shundan 300 ming dollar Bito, 120 ming dollar BlogiX, 100 ming dollar Bigmart va 50 ming dollar Safora startapiga yoʻnaltiriladi.
IT Park Ventures 450 ming dollar sarmoya kiritishini ma’lum qildi. Jumladan, ORA startapiga 150 ming dollar, Layf, Bigmart va UrbanDrive loyihalarining har biriga 100 ming dollardan ajratilishi koʻzda tutilgan. Q.Watt startapiga kiritiladigan investitsiya miqdori esa maxfiylik kelishuvi sababli oshkor etilmagan.
Yoshlar Ventures 215 ming dollar ajratadi. Shundan 100 ming dollar UrbanDrive, 40 ming dollardan Fieldy va Bonu, 35 ming dollar esa Mikrogreen startapiga yoʻnaltiriladi.
Startaplar marketing, logistika, elektron tijorat va avtomobil savdosi kabi yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi. ORA blogerlar tarmogʻi orqali reklama kampaniyalarini avtomatlashtiradi, Layf onlayn-doʻkonlar va yetkazib berish xizmatlari uchun texnologik infratuzilma taqdim etadi. Bigmart bizneslar oʻrtasidagi savdo uchun B2B marketpleys, UrbanDrive esa avtomobil oldi-sotdisi platformasidir. Q.Watt powerbank va velosipedlarni ijaraga berish xizmatlarini taklif etadi.
Ayrim startaplar bir nechta investordan mablagʻ jalb qilmoqda. Jumladan, UrbanDrive va Bigmart ikkita venchur fonddan investitsiya oladi. ORA va Layf esa xususiy va mahalliy fondlardan qoʻshimcha 50 ming dollardan sarmoya jalb qiladi.
Kontekst
Uchala venchur fondi ham davlat sektori bilan bogʻliq. IT Park Ventures IT Park va Raqamli texnologiyalar vazirligi, Yoshlar Ventures Yoshlar ishlari agentligi, Aloqa Ventures esa nazorat paketi davlatga tegishli boʻlgan Aloqabank bilan bogʻliq tuzilmalardir.
E’lon qilingan investitsiya miqdorlari mablagʻlar startaplarga allaqachon oʻtkazilganini anglatmaydi. Investitsiya bitimlarini yakunlash va mablagʻlarni ajratish jarayoni bir necha oy davom etishi mumkin.
22-sentabr kuni ICT Week doirasida oʻtkazilgan Startup & Venture Summit tadbirida startaplarga ramziy cheklar topshirildi.