«BMT-ayollar» delegatsiyasi Oʻzbekiston fuqarolik sektori bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktor Belen Sans Luke, uning oʻrinbosari Eliza Fernandes Saens va «BMT-ayollar»ning Markaziy Osiyo boʻyicha aloqa ofisi rahbari Seren Güven Güreş ishtirok etdi. Bundan oldin delegatsiya davlat organlari bilan muzokaralar olib borgan.

Uchrashuvda toʻrtta narsa haqida gaplashildi:

  • ayollarning huquqiy himoyaga erishishiga nima toʻsqinlik qilayotgani;

  • ular mavjud yordam mexanizmlari haqida bilishadimi;

  • qoʻllab-quvvatlash xizmatlari ishi qanday muvofiqlashtirilayotgani;

  • chekka va chegara hududlarda ayollar qanday yashayotgani.

Kontekst

Uchrashuv mavzusi CHANGE mintaqaviy dasturi bilan bogʻliq. Uni Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradi, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Aholi jamgʻarmasi va «BMT-ayollar» esa Markaziy Osiyoning beshta mamlakatida amalga oshiradi. Dastur gender zoʻravonligining oldini olish, mahalliy tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ma’lumotlar masalasi tasodifiy emas. Parallel ravishda Oʻzbekistonning Gender profili tayyorlanmoqda, gender statistikasi boʻyicha vazifalar esa milliy «Statistikani rivojlantirish — 2030» strategiyasiga kiritilgan. Raqamlarsiz himoya qayerda ishlayotgani va qayerda ishlamayotganini tushunish qiyin.