Bu haqda TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi. 49 va 29 yoshli jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, ular Diriya kasalxonasiga yetkazilgan. Tibbiy tekshiruvdan soʻng har ikkisi ham shifoxonadan chiqarilgan. Hujum vaqtida aeroportda yana 20 nafarga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan. Dastlabki ma’lumotlarga koʻra, ular jabrlanmagan. Oʻzbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi vaziyatni kuzatib bormoqda, fuqarolar bilan aloqada boʻlib, ularga konsullik yordamini koʻrsatmoqda.
10-oktabrdagi hujum oqibatida jami 12 kishi halok boʻldi, 309 kishi jarohat oldi. Keyinchalik jarohatlangan Hindiston fuqarosi ham vafot etdi va halok boʻlganlar soni 13 nafarga yetdi. 11-oktabr, yakshanba kuni sodir etilgan takroriy hujumda Pokiston fuqarosi halok boʻldi, yana 11 kishi jarohat oldi. Zarba aeroportning 4-terminaliga berildi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi hujumni qoralab, barcha tomonlarni vazminlikka chaqirdi. Vazirlik hujum ortida kim turganini aytmadi. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya esa hujum uchun mas’uliyatni husiylar zimmasiga yukladi.
Kontekst
Bu Saudiya Arabistoni aeroportlariga bir hafta ichida berilgan birinchi zarba emas. Kursiv ma’lumotiga koʻra, 5-oktabr kuni husiylar Ar-Riyod aeroporti, Jiddadagi Aramco obyekti va mamlakat janubidagi aeroportga hujum qilgan. Oqibatda uch kishi halok boʻlgan, 36 kishi jarohat olgan.
Oʻzbekiston elchixonasi 9-oktabr kuni Saudiya Arabistonidagi vaziyat barqarorligicha qolayotganini ta’kidlab, parvozlar jadvalidagi ehtimoliy kechikishlar va oʻzgarishlar haqida ogohlantirdi. Uzbekistan Airways Toshkent — Jidda va Toshkent — Madina yoʻnalishlaridagi reyslarni jadval asosida amalga oshirishda davom etmoqda hamda har bir parvozdan oldin xavf-xatarlarni baholamoqda.
Elchixona Saudiya Arabistonida boʻlgan yoki u yerga bormoqchi boʻlgan fuqarolarga parvozlar haqidagi ma’lumotlarni oldindan aniqlashtirishni, Yaman chegarasidan uzoqroq yurishni, harbiy obyektlar va hujumlar oqibatlarini suratga olmaslikni, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni hamda hujjatlarini doimo yonida olib yurishni tavsiya etmoqda. Saudiya Arabistoni oʻzbekistonliklar koʻp boradigan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. 2022-yildayoq ikki mamlakat haj kvotasini yiliga 24 ming nafarga, umra kvotasini esa 100 ming nafarga yetkazishga kelishib olgan edi.
Yana oʻqing
Dubay — Fargʻona, bitta chipta: flydubai va Uzbekistan Airways interlayn bitim imzoladi. Endi ikkala aviakompaniya reyslari uchun bagajni ham oʻz ichiga olgan yagona chipta rasmiylashtirish mumkin.
Oʻzbekiston Fors koʻrfazi bozoriga IT-xizmatlar eksportini kengaytirmoqchi: Oʻzbekiston IT-xizmatlari eksportining qariyb 5 foizi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari hissasiga toʻgʻri keladi.