Viloyatda sanoat 9,2%ga, xizmatlar 16,1%ga, investitsiyalar 8,9%ga oshdi. Soʻnggi oʻn yilda respublika byudjetidan hududga 20 trln soʻm yoʻnaltirildi, banklar tadbirkorlarga 90 trln soʻm ajratdi, joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trln soʻm sarflandi.
Sanoat va tadbirkorlikka ajratilgan yerlar $7 mlrd investitsiya jalb etishi va kamida 70 ming ish oʻrni yaratishi kerak. Sanoat maydonchalarining samaradorligi nafaqat kiritilgan mablagʻ hajmi boʻyicha, balki bir kvadrat metrga toʻgʻri keladigan qoʻshilgan qiymat boʻyicha ham baholanadi.
Kontekst
Yigʻilish Prezidentning viloyatga ikki kunlik safari doirasida oʻtdi. Bir kun oldin u yerda 206 ta, jami $9,4 mlrdlik loyiha ishga tushirildi va qurilishi boshlandi, jumladan kichik va mikro GESlar uchun uskunalar ishlab chiqaradigan $20 mlnlik zavod. Viloyatning yer va tabiiy resurslari cheklangan, shu sababli sanoat va bandlikka urgʻu beriladi: aholi zichligi boʻyicha Andijon viloyati mamlakatda birinchi oʻrinda.