Oʻzgarishlar Prezidentning PQ-265-sonli qarorida nazarda tutilgan boʻlib, reklama tarqatuvchi kompaniyalarga ham, mobil aloqa operatorlariga ham taalluqli. Yangiliklarning asosiy maqsadi — fuqarolarga kim va qachon reklama maqsadida murojaat qilishi mumkinligini nazorat qilish imkoniyatini kengaytirish.

Yangi qoidalarga koʻra, reklama mazmunidagi SMS-xabarlarni faqat abonentning yozma yoki elektron roziligi olinganidan keyin yuborish mumkin boʻladi. Bundan tashqari, vaqt boʻyicha cheklov ham joriy etiladi: soat 18:00 dan 09:00 gacha mobil aloqa orqali reklama tarqatish taqiqlanadi.

Mobil aloqa operatorlariga ham yangi majburiyatlar yuklatiladi. Foydalanuvchining soʻroviga koʻra, ular reklama qoʻngʻiroqlari va xabarlarini toʻliq yoki qisman bloklash imkoniyatini yaratishi kerak boʻladi. Shuningdek, reklama xabarlari va qoʻngʻiroqlarini tarqatish bilan shugʻullanadigan kompaniyalar oʻz axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazishi shart.

Iste’molchilar uchun bu qoʻshimcha himoya mexanizmlari joriy etilishini anglatadi. Agar ilgari bezovta qiluvchi reklamalardan qutulish qiyin boʻlgan boʻlsa, endi fuqarolar bunday xabarlarni cheklashni talab qilishi va shikoyat bilan murojaat qilganda yangi huquqiy normalarga tayanishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim masalalar hozircha ochiq qolmoqda. E’lon qilingan hujjatlarda reklama olishga rozilik qanday tasdiqlanishi, uni qanday qaytarib olish mumkinligi va operator bloklash haqidagi soʻrovni qancha muddatda bajarishi kerakligi aniqlashtirilmagan. Shuningdek, qoidabuzarliklar yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqishning alohida tartibi ham belgilanmagan.

Yangi talablar shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va raqamli reklamani tartibga solish sohasidagi kengroq oʻzgarishlarning bir qismidir. Kutilishicha, ular istalmagan reklama xabarlari sonini kamaytirishga va kompaniyalarning mijozlar bilan munosabatlarini yanada shaffof qilishga xizmat qiladi.