Boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun fan olimpiadalari joriy etiladi. Kelgusi yildan boshlab toʻrtinchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan olimpiadaning tuman bosqichi gʻoliblariga kompyuterlar beriladi. Bu haqda Prezident pedagoglar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Gʻoliblarni tayyorlagan oʻqituvchilarga olimpiada bosqichiga qarab pul mukofotlari beriladi: tuman bosqichi uchun 10 mln soʻm, viloyat bosqichi uchun 50 mln soʻm, respublika bosqichi uchun esa 100 mln soʻm.

Maktablar «sifat indeksi» boʻyicha baholanadi va ta’lim natijalariga qarab toifalarga ajratiladi. Boshqa maktablarning toifasini oshirishga yordam beradigan ilgʻor maktablarning pedagogik jamoalariga 30 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.

Alohida chora-tadbirlar doirasida ta’lim tizimiga yuklama yuqori boʻlgan 52 ta tumandagi xususiy maktablar qoʻllab-quvvatlanadi. Buning uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish, boʻsh turgan davlat binolarini oʻn yilga bepul foydalanishga berish hamda xalqaro akkreditatsiya xarajatlarining yarmini qoplash nazarda tutilmoqda. Farzandlari xususiy maktablarda oʻqiydigan ota-onalar uchun soliq solinmaydigan daromad miqdori ikki baravar oshiriladi.

Kontekst

Hozir 40 ming nafar oʻqituvchi oyiga taxminan 1000 dollar, yana 1,5 ming nafari esa 2000 dollardan ortiq maosh oladi. Xalqaro va milliy sertifikatlarga ega pedagoglar soni besh yil ichida 29 mingdan 143 ming nafargacha oshdi, maktablardagi kadrlar tanqisligi esa uch baravar kamaydi. PISA reytingida oʻzbekistonlik oʻquvchilar tabiiy fanlar boʻyicha 32 pogʻonaga koʻtarilib, 48-oʻrinni egalladi. Maktab oʻquvchilarini kasbga tayyorlash boʻyicha aniq qarorlar uch oy ichida qabul qilinishi va’da qilindi.