Uy ichidagi va genderga asoslangan zoʻravonlik hanuzgacha Oʻzbekistondagi eng yopiq, ochiq muhokama qilinmaydigan mavzulardan biri boʻlib qolmoqda. AFEW International tomonidan hamkorlar bilan birgalikda, Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Inklyuziv rivojlanish uchun imkoniyatlarni kengaytirish: ayollar va yoshlar bilan ishlovchi Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlarini mustahkamlash” loyihasi doirasidagi “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” media-kampaniyasi doirasida inson huquqlari va gender tengligi boʻyicha ekspert Kamola Arslanova jurnalistikadagi eskirgan yondashuvlar nega jamiyatga muammoni toʻliq koʻrishga xalaqit berayotganini tushuntiradi.
Uy ichidagi yoki genderga asoslangan zoʻravonlik haqida gap ketganda, jurnalistlar materiallarida siz eng koʻp qaysi tipik xatolarni kuzatasiz?
Eng koʻzga tashlanadigan xato — barqaror gender stereotiplarini takrorlashdir. Bunda ayol ojiz yoki qaram holatda, erkak esa doimo ustun yoki tajovuzkor sifatida tasvirlanadi. Bunday yondashuv voqelikni buzib koʻrsatadi va zoʻravonlikni ijtimoiy shartlangan muammo sifatida koʻrishga toʻsqinlik qiladi.
Bunday mavzularni yoritish yuqori darajadagi sezgirlikni talab etadi. Sizningcha, jurnalistlar murakkab savollardan qochmagan holda qahramonlarni “qayta jarohatlamaslik”ni qanday oʻrganishlari mumkin?
Eng muhimi — suhbat formatini oldindan qahramonga tushuntirib berish. Murakkab mavzularni ehtiyotkorlik bilan, bosimsiz koʻtarish kerak, shunda inson allaqachon boshdan kechirgan zaiflik holati yana takrorlanmaydi. Intervyu hurmat va ochiqlik asosida qurilganda, qahramon oʻzini xavfsizroq his qiladi va chuqurroq ochiladi. Aynan shunday amaliyot mediada axloqiy ishlashning poydevoriga aylanadi.
Jurnalistlar uchun oʻz uslubi va kasbiy odatlarida nimani oʻzgartirish eng qiyin?
Eng qiyin jihat — yillar davomida “ayollik burchlari” va “oilaviy totuvlik” haqidagi stereotiplarni takrorlab kelgan odatiy tildan voz kechishdir. Avvallari me’yoriydek tuyulgan koʻplab iboralar, aslida, jabrlanuvchining soʻzlarini shubha ostiga qoʻyadi va bilvosita tajovuzkorni oqlaydi. Shuningdek, asosiy urgʻu voqea syujeti emas, balki insonning huquqlari va xavfsizligiga qaratilgan yondashuvga oʻtish ham oson emas. Bu esa oʻz kasbiy reflekslarini doimiy ravishda qayta koʻrib chiqishni talab qiladi.
Sizningcha, tahririyatlar zoʻravonlik mavzusini chuqurroq anglashga yordam beradigan, stereotiplarni kuchaytirmaydigan materiallar tayyorlash uchun qaysi yoʻnalishda harakat qilishi kerak?
Zoʻravonlikni oddiy maishiy kelishmovchilik sifatida tasvirlashdan voz kechib, uning ildiz sabablarini chuqur tahlil qilish lozim. Mavzuni iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy kontekstda ochib berish oʻquvchiga zoʻravonlik toʻsatdan paydo boʻlmasligini, balki tengsizlik hukm surgan muhitda shakllanishini anglashga yordam beradi. Psixologiya, huquq va ijtimoiy ish sohalaridagi mutaxassislarni jalb etish materiallarning mazmunini sezilarli darajada boyitadi. Bunday yondashuv OAVni an’anaviy qarashlarni mustahkamlovchi emas, balki bilim va tushuncha beruvchi manbaga aylantiradi.
Jurnalistlar gender kun tartibini shakllantirishda qanday rol oʻynaydi? OAV zoʻravonlik va tenglik bilan bogʻliq madaniy me’yorlarga real ta’sir koʻrsata oladimi?
Jurnalistlar soʻz tanlovi, mavzular va qahramonlar orqali kun tartibini shakllantiradi. Ular stereotiplarni mustahkamlashi ham, ayollar va erkaklarni teng huquqli subyektlar sifatida koʻrsatish orqali ularni oʻzgartirishi ham mumkin. Bunday yondashuv asta-sekin jamiyatda ijtimoiy jihatdan maqbul deb qabul qilinadigan tasavvurlarga ta’sir qiladi. OAV nafaqat Oʻzbekiston hayotini aks ettiradi, balki uning qanday yoʻnalishda oʻzgarishini ham belgilaydi.
Soʻnggi yillarda zoʻravonlik haqida shaxsiy hikoyalar orqali soʻzlovchi materiallar koʻpaydi. Bu qanchalik samarali? Va xabardor qilish bilan shaxsiy fojiani ekspluatatsiya qilish oʻrtasidagi chegara qayerda?
Shaxsiy hikoyalar statistik ma’lumotlar ortida real taqdirlar turganini koʻrsatadi, bu esa mavzu koʻpincha tabu boʻlib kelgan Oʻzbekistonda ayniqsa muhim. Biroq insonning fojiasi hissiy bosim vositasiga yoki sensatsiyaga aylantirilmasligi kerak. Agar qahramon nima e’lon qilinishini anglab yetgan boʻlsa va oʻz tajribasiga hurmatni his etsa, material ma’rifiy vazifani bajaradi. Etik jurnalistika diqqatni jarohat tafsilotlariga emas, balki mazmun va ma’noga qaratadi.
Zoʻravonlik mavzusida ham koʻplab OAV “bosiluvchanlik”ka intilayotgani haqida nima deya olasiz? Etik jurnalistika va samarali material taqdimotini uygʻunlashtirish mumkinmi?
Bunday mavzularda bosish ortidan quvish koʻpincha faktlarning buzilishiga va stigmaning kuchayishiga olib keladi. Shok effektiga qurilgan sarlavhalar jabrlanganlarga ham, mavzuning jamiyat tomonidan qabul qilinishiga ham zarar yetkazadi. Shu bilan birga, sifatli va chuqur yondashuv auditoriyada ishonch uygʻotadi va kamroq e’tibor tortmaydi. Zoʻravonlik mavzusi sariq matbuot uslubida yoritilishi mumkin ham, lozim ham emas.
Zoʻravonlikning oldini olishda OAV qanday rol oʻynaydi? Agar maqsad alohida holatlar haqida xabar berish emas, balki ularning oldini olish boʻlsa, qaysi format va yondashuvlar eng samarali?
OAV zoʻravonlik qanday mexanizmlar orqali rivojlanishini tushuntirish, shuningdek, himoya imkoniyatlari — ishonch telefonlari, “himoya orderi” va boshqa choralar haqida ma’lumot berish orqali profilaktikaga hissa qoʻsha oladi. Inson qayerga murojaat qilishi va xavfli vaziyatdan chiqish uchun qanday qadamlar qoʻyishi mumkinligini koʻrsatib beradigan materiallar ayniqsa samaralidir. Podkastlar, videolar, yoʻriqnomalar kabi ma’rifiy formatlar odamlarning harakat qilishga tayyorligini mustahkamlaydi. OAV zoʻravonlikni shaxsiy fojia emas, balki ijtimoiy muammo sifatida koʻrsatganida, uning oldini olish uchun zarur sharoitlar shakllanadi.
Siz tahririyatlar faoliyati dinamikasini kuzatasiz. Jurnalistlarning gender savodxonligi yetarlimi? Ularga nimalar keskin yetishmayapti?
Mavzuga qiziqish ortgan, biroq tizimli bilimlar hanuz yetarli emas. Koʻpincha jurnalistlar oʻylamasdan ishlatilgan iboralar viktimbleymingni kuchaytirishi va ayol “oʻzi aybdor” degan tasavvurni yuzaga keltirishi mumkinligini anglab yetmaydi. Muntazam treninglar, tahririyat ichki standartlari hamda gender va zoʻravonlik bilan bogʻliq mavzularni yoritish uchun aniq mezonlarning ishlab chiqilishi materiallar sifatini sezilarli darajada oshirishi, jurnalistlarga mavzuni yanada aniq, mas’uliyat bilan va kamroq buzilishlar bilan yetkazishga yordam berishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda zoʻravonlik, gender va ayollar huquqlari mavzusida dezinformatsiya koʻpaymoqda. OAV bunday narrativlarga qanday qarshi tura oladi va ularni tasodifan kuchaytirib yubormaslik uchun nima qilishi kerak?
OAV tasdiqlangan ma’lumotlarga tayanishi va ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalayotgan boʻlsa ham, feyklarni kuchaytirmasligi lozim. Miflarni yorqin shaklda takrorlash emas, balki xotirjam tarzda aynan qayerda buzib talqin qilinayotganini tushuntirish muhim. Tahlil va mutaxassislar izohlari suhbatni faktlar tomon yoʻnaltirishga yordam beradi.
Zoʻravonlik masalalarida auditoriyaning mediasavodxonlik darajasini qanday baholaysiz? Ular uchun nimani tushunish yoki qabul qilish eng qiyin?
Mediasavodxonlik asta-sekin oshib bormoqda, biroq koʻpchilik hanuz zoʻravonlikni faqat jismoniy shaklda tasavvur qiladi. Jamiyatga psixologik, iqtisodiy va raqamli bosim turlari ham mavjudligi va keng tarqalganini yetkazish zarur. Eng qiyin jihat — mas’uliyatni jabrlanuvchiga yuklaydigan odatiy qarashlardan voz kechishdir. OAVning ma’rifiy faoliyati bu tasavvurni oʻzgartirishga xizmat qiladi.
Raqamli zoʻravonlik, onlayn nafrat va xafagarchilik (harassment) tobora media voqeligiga aylanmoqda. Ayollar raqamli muhitda oʻzini himoya qilish uchun qaysi vosita va koʻnikmalarni egallashi kerak?
Ayollar uchun asosiy xavfsizlik vositalarini bilish muhim. Tahdidlarni, ayniqsa xafagarchilik va shaxsiy ma’lumotlarga kirishga urinishlarni tanib olish koʻnikmasi zaruratga aylandi. Dalillarni qayd etish va zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish mumkinligini bilish ham muhimdir.
Qonunchilik haqida gapiradigan boʻlsak: bugun sizningcha nima muhimroq — yangi qonunlar qabul qilishmi yoki jurnalistlar va davlat tuzilmalarining kompetensiyalarini oʻzgartirishmi?
Oʻzbekistonda qonunchilik bazasi sezilarli darajada kengaydi, biroq qonunlarning samaradorligi ularning qanday qoʻllanilishiga bogʻliq. Jurnalistlar sodir boʻlayotgan jarayonlarning mazmunini toʻgʻri yetkazishi, auditoriyani chalgʻitmasligi muhim. Davlat tuzilmalari esa murojaatlar bilan toʻgʻri ishlashi va jabrlanganlarni har bir bosqichda qoʻllab-quvvatlashi lozim. Eng yaxshi natija puxta qonunchilik va malakali mutaxassislar uygʻunligida erishiladi.
Zoʻravonlik va teng huquqlilik haqidagi diskursni oʻzgartirishda ayollar medialari, platformalari va tashabbuslari qanday rol oʻynaydi? Bugun ularning soni va ta’siri yetarlimi?
Ayollar medialari koʻpincha yirik tahririyatlar doirasidan tashqarida qolib ketadigan suhbatlar uchun maydon yaratadi. Ular ayollar tajribasini tasvirlash uchun yangi tilni shakllantiradi va zoʻravonlikning tizimli sabablari borligini jamiyatga koʻrsatishga yordam beradi. Aynan shu tashabbuslar yirik OAV darajasida ham kuchaytirilishi lozim boʻlgan yoʻnalishni belgilab beradi.
Zoʻravonlik mavzusining ideal media aksini qanday tasvirlagan boʻlardingiz? Bunday hikoyalarni yoritishda “sogʻlom” standart qanday boʻlishi kerak?
E’tibor markazida dramatik syujet emas, balki insonning oʻzi turishi kerak. Hurmatli til, faktlarning aniqligi va ayblov ohangining yoʻqligi — yetuk yondashuvning asosidir. Sodir boʻlayotgan voqealarning sabablarini tushuntirish, mas’uliyatni qurbon emas, balki tajovuzkor zimmasiga yuklash muhim. Bunday yoritish jamiyatga muammoni chuqurroq anglash va yechimlar izlashga yordam beradi.
Yakunida: “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” davomida har bir tahririyat, har bir jurnalist va har bir qiz nimani eshitib, yodda saqlab qolishini istardingiz?
Jurnalistlar shuni yodda tutishi kerakki, ularning soʻzlari jamiyatning zoʻravonlikka munosabatini shakllantiradi va nafaqat jabrlanganlarga, balki barchamiz uchun qaysi me’yorlar, kutilmalar va xulq-atvor modellari maqbul boʻlib borishiga ta’sir koʻrsatadi. Halol va e’tiborli jurnalistika madaniyatni oʻzgartirish va ishonchni mustahkamlashga qodir. Qizlar esa oʻz xavfsizligi va ovozi muhimligini, yordam esa haqiqatdan ham mavjudligini bilishi kerak. Bu 16 kun — hurmat va himoya me’yor boʻlib shakllanadigan makonni birgalikda yaratishimiz mumkinligini eslatib turadi.
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul boʻlib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas
#ZoravonlikkaQarshi16Kun
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.