25 noyabrdan 10 dekabrgacha Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi xalqaro “Gender zoʻravonligiga qarshi 16 kunlik faollik” tashabbusi doirasida axborot kampaniyasini oʻtkazadi.

Bu yili global mavzu — ayollar va qizlarga nisbatan eng tez tarqalayotgan zoʻravonlik shakllaridan biri boʻlgan raqamli zoʻravonlikka qarshi kurashdir. Kampaniya “Barcha ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish uchun birlashing” shiori ostida oʻtmoqda.

BMT va UN Women ma’lumotlariga koʻra:

  • dunyodagi har uchinchi ayol jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikni boshidan kechirgan;

  • ayollarning 38 foizi onlayn tarzda ta’qib, tahdid yoki bezorilikga duch kelgan;

  • dipfeyklarning 95 foizigacha pornografik mazmunda boʻlib, ularning deyarli barcha jabrdiydalari — ayollardir.

“Raqamli zoʻravonlik endi shunchaki ‘onlayn qoʻpol munosabat’ emas. Bu qoʻrqitish, nazorat qilish va obroʻni yoʻq qilish vositasiga aylangan. Ayollar internet makonida oʻzini xavfsiz his qilmaguncha, haqiqiy raqamli transformatsiya haqida gapirishning iloji yoʻq”, — deyiladi ZJRM direktori Saida Sulaymanovaning analitik hisobotida.

Axborot kampaniyasining asosiy xeshtegi
#ZoravonlikkaQarshi16Kun

U barcha materiallarda — ijtimoiy tarmoqlarda, media nashrlarida, videoroliklarda, kartochkalarda va storilarda qoʻllaniladi.

Xeshtegning maqsadi:

  • kampaniyaning barcha kommunikatsiyalarini yagona raqamli oqimga birlashtirish;

  • mavzuning ijtimoiy tarmoqlardagi koʻrinuvchanligini oshirish;

  • yoshlar, ambassadorlar va OAVni safarbar etish;

  • raqamli zoʻravonlik mavzusi xavfsiz va konstruktiv tarzda muhokama qilinadigan onlayn makon yaratish.

Xeshteg kampaniyaning asosiy navigatsion elementi boʻlib, barcha hamkorlar va ambassadorlarning kontentiga integratsiya qilinadi.

Kampaniya yirik OAVlardan tortib yoshlar uchun moʻljallangan raqamli platformalargacha boʻlgan asosiy kommunikatsiya kanallarini qamrab oladi. Anhor.uz va hududiy nashrlar bilan hamkorlikda analitik materiallar, shifokorlar va ekspertlar bilan intervyular, shuningdek, videokontent tayyorlanmoqda.

Maqsad — keng jamoatchilik muhokamasini yaratish va nozik mavzularni ochiq muhokamaga olib chiqish.

Alohida e’tibor ma’rifiy platformalarga qaratilgan: “Tabassum” (https://edusmile.uz/ru) saytida ayollar va OIV bilan yashovchi shaxslarning huquqlari, OIV boʻyicha keng tarqalgan miflar hamda zoʻravonlik mavzusining OAVda toʻgʻri yoritilishi haqida materiallar seriyasi chop etiladi. Shuningdek, ushbu mavzularda material tayyorlaydigan jurnalistlar uchun maxsus qoʻllanma ham taqdim etiladi.

Factchecknet.uz sayti #ThinkCheckShare xeshtegi ostida oʻquvchilarni ma’lumotni tanqidiy tahlil qilishga undashga qaratilgan faktchek maqolalar turkumini tayyorlaydi.

Axborot kampaniyasiga 18–28 yoshdagi yosh faktchek ambassadorlari ham qoʻshiladi. Ular Instagram va Telegram’da mualliflik kontenti yaratadi, chellenjlar boshlaydi hamda stereotiplarni buzishga yordam beradigan hikoyalar bilan oʻrtoqlashadi.

Yoshlar yoshlarga murojaat qiladi — bu ishonchni shakllantirish va auditoriyani jalb etishning eng samarali mexanizmi hisoblanadi.

Kampaniya ayollar va OIV bilan yashovchi shaxslar bilan ishlaydigan hamkor nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladi. Ushbu tashkilotlar stigmatizatsiyaga eng koʻp duch keladigan va ma’lumot hamda qoʻllab-quvvatlashni xavfsiz muhitda olishga muhtoj boʻlgan insonlar bilan bevosita ishlaydi.

Kampaniya nimalarni oʻz ichiga oladi

  • OIV va zoʻravonlik boʻyicha analitik va ma’rifiy materiallar

  • Virusshunoslar, yuristlar va NNT vakillari bilan intervyular

  • “OIV boʻyicha miflar va faktlar” kartochkalar turkumi

  • OIV va zoʻravonlik mavzularini toʻgʻri yoritish boʻyicha jurnalistlar uchun qoʻllanma

  • Factchecknet.uz’da faktchek materiallari va interaktiv testlar

  • Faktchek ambassadorlarining faolligi

  • Respublika va hududiy OAVlarda rus va oʻzbek tillarida chop etiladigan materiallar

Kampaniya raqamli zoʻravonlik va OIV mavzulari professional, xavfsiz va faktlarga tayangan holda yoritiladigan yagona axborot makonini yaratadi. U stigmatizatsiya darajasini kamaytirishga, ishonchli ma’lumotlarga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga va har kuni diskriminatsiyaga duch keladigan insonlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Axborot kampaniyasiga qoʻshiling. Birgalikda ovozimiz yanada kuchliroq eshitiladi!

Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul boʻlib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.