Integratsiya amalda shaxsni tasdiqlashning davlat mexanizmi bilan tijorat platformasini birlashtiradi: OneID orqali autentifikatsiyadan oʻtgach, foydalanuvchi alohida roʻyxatdan oʻtmasdan sayt funksiyalaridan foydalanish imkoniga ega boʻladi.

Factchecknet.uz platformadan foydalanishda qanday ma’lumotlar qayta ishlanishi mumkinligini va qaysi holatlarda ularni uzatishga yoʻl qoʻyilishi mumkinligini aniqlash uchun foydalanuvchi hujjatlari va xizmatning maxfiylik siyosatini oʻrganib chiqdi.

Wildberries Oʻzbekistonda OneID davlat identifikatsiya tizimi orqali kirish imkoniyatini qoʻshdi: foydalanuvchilar bilishi lozim boʻlgan muhim ma’lumotlar

Shaxsiy ma’lumotlarning Rossiya va boshqa davlatlarga transchegaraviy uzatilishi

«WB INT EXPORT» MCHJ xizmatlarining Maxfiylik siyosatida koʻrsatilishicha, «uzatish» deganda «shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oʻtkazishga olib keladigan har qanday harakatlar va operatsiyalar, shu jumladan shaxsiy ma’lumotlarning transchegaraviy uzatilishi» tushuniladi.

Wildberries Oʻzbekistonda OneID davlat identifikatsiya tizimi orqali kirish imkoniyatini qoʻshdi: foydalanuvchilar bilishi lozim boʻlgan muhim ma’lumotlar

Kompaniya «Sizning shaxsiy ma’lumotlaringizning transchegaraviy uzatilishini faqat qonuniy asoslar mavjud boʻlganda va Sizning Roziligingiz bilan amalga oshirishi mumkin»ligini ma’lum qiladi.

Shu bilan birga, quyidagilar alohida qayd etilgan: «Kompaniya Rossiya Federatsiyasiga Xizmatga tashrif buyuruvchilarni, foydalanuvchilarni kompaniya bilan tuzilgan shartnoma asosida qayta ishlovchi boʻlgan «RWB» MCHJga (…) transchegaraviy oʻtkazishni amalga oshiradi.»

Shuningdek, hujjatda koʻrsatilishicha, buyurtmalarni rasmiylashtirish va ularni keyinchalik yetkazib berish yoki qaytarishda «Kompaniya, agar bu Xizmatlar toʻgʻrisidagi bitimlarni bajarish uchun zarur boʻlsa, bunday uchinchi shaxslar joylashgan xorijiy mamlakatlardagi sotuvchilar, yetkazib berish xizmatlari, logistika kompaniyalariga shaxsiy ma’lumotlarni transchegaraviy uzatishni amalga oshiradi.»

Qoʻshimcha ravishda ta’kidlanishicha, ma’lumotlar uzatilishi «subyektlar huquqlarini yetarli darajada himoya qiladigan xorijiy davlatlar hududiga,» shuningdek, «shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qilmaydigan xorijiy davlatlar hududiga» ham amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun foydalanuvchining roziligi, jamoat tartibi va fuqarolar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq holatlar yoki xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan holatlar asos boʻladi.

Shaxsiy ma’lumotlar kimlarga ulashilishi mumkin

Siyosatda «Uchinchi shaxslar» deganda «har qanday uchinchi shaxslar (…) shu jumladan Kompaniya bilan bir kompaniyalar guruhiga kiruvchi yuridik shaxslar, professional maslahatchilar (yuridik, moliyaviy, texnik va boshqa maslahatchilar), auditorlar, xizmat koʻrsatuvchilar, davlat organlari, davlat va nodavlat tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan kredit tashkilotlari va Kompaniyaning axborot resurslarini saqlash, yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash uchun Kompaniyaga axborot va/yoki tahliliy xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa shaxslar» tushuniladi.

Aniqlik kiritilishicha, bunday shaxslar «Oʻzbekiston Respublikasida yoki istalgan xorijiy davlatda» boʻlishi mumkin.

Wildberries Oʻzbekistonda OneID davlat identifikatsiya tizimi orqali kirish imkoniyatini qoʻshdi: foydalanuvchilar bilishi lozim boʻlgan muhim ma’lumotlar

Kompaniya shuningdek, qonuniy asoslarga koʻra ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga qayta ishlash uchun topshirish orqali yoki topshirmasdan ham uzatishini ma’lum qiladi. Bu jarayonga shartnomadagi shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish boʻyicha maxsus shartlar ham kiradi.

Qanday ma’lumotlar yigʻiladi va qayta ishlanadi?

Xizmatlardan foydalanuvchilar uchun «sahifalarni koʻrish ma’lumotlari va qurilmalar haqidagi texnik axborot» qayta ishlanadi. Bunga IP-manzil, brauzer haqidagi ma’lumotlar, ilova versiyasi va cookie-fayllar kiradi.

Wildberries Oʻzbekistonda OneID davlat identifikatsiya tizimi orqali kirish imkoniyatini qoʻshdi: foydalanuvchilar bilishi lozim boʻlgan muhim ma’lumotlar

Foydalanuvchilar uchun roʻyxat quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin: «telefon raqami; foydalanuvchi identifikatori; foydalanuvchi taxallusi; familiyasi, ismi, otasining ismi; jinsi; elektron pochta manzili; buyurtmalar haqidagi ma’lumotlar; siz taqdim etgan boshqa ma’lumotlar», shuningdek, «sahifalarni koʻrish haqidagi ma’lumotlar va qurilmalar toʻgʻrisidagi texnik axborot: IP-manzil, brauzer, ilova versiyasi, joylashuv ma’lumotlari, shu jumladan, cookie-fayllari».

Buyurtmalarni rasmiylashtirishda qoʻshimcha ravishda «yetkazib berish manzillari, buyurtma ma’lumotlari, chek ma’lumotlari, telefon raqami, Foydalanuvchi identifikatori, toʻlov usuli haqidagi ma’lumotlar: bank kartasi rekvizitlari yoki boshqa toʻlov ma’lumotlari» qayta ishlanadi.

Ba’zi hollarda, «agar Xizmat interfeysida koʻrsatilgan boʻlsa», «F.I.Sh., shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar ma’lumotlari, JSHSHIR» soʻralishi mumkin. Shu bilan birga, kompaniya bunday ma’lumotlarni «Foydalanuvchidan bevosita olib, zarurat tugʻilganda sotuvchilar, yetkazib berish xizmatlari va logistika kompaniyalariga uzatishimiz»ni ta’kidlaydi.

OneID orqali shaxsiy ma’lumotlar uzatilishini qanday cheklash mumkin

Tizimda «Ma’lumotlarni boshqarish» xizmati mavjud boʻlib, u foydalanuvchiga Raqamli ma’lumotlar platformasiga ulangan tashkilotlarga shaxsiy ma’lumotlarni uzatishga ruxsat berish yoki bloklash imkonini beradi.

Ushbu mexanizm orqali JSHSHIR va ID-karta raqamini oʻz ichiga olgan soʻrovlarni bloklash yoki ruxsat berish mumkin. Kirish ruxsati bloklangan tashkilotlar tegishli soʻrovlar orqali ma’lumotlarni ololmaydi.

Misol sifatida, tijorat banklari raqamli ma’lumotlar platformasi orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini olishi koʻrsatiladi. Agar foydalanuvchi ma’lum bir bank uchun kirishni cheklasa, ushbu bank shaxsiy ma’lumotlarni tekshirishni talab qiladigan amaliyotlarni, jumladan kredit rasmiylashtirishni amalga oshira olmaydi.

Bunda xizmatning texnik xususiyatini hisobga olish muhim: funksiyani dastlab faollashtirishda Platformaga ulangan barcha tashkilotlar uchun soʻrovlar bloklanadi. Kirishni tiklash uchun har bir tashkilotga alohida ma’lumot uzatishga ruxsat berishingiz kerak boʻladi.

OneID akkauntini qanday himoyalash mumkin: tizim tavsiyalari

OneID 300 dan ortiq davlat va nodavlat axborot tizimlariga kirish uchun qoʻllaniladi. Bu esa tizimdagi shaxsiy kabinetni raqamli servislar uchun asosiy kirish nuqtasiga aylantiradi. Rasmiy xavfsizlik tavsiyalarida quyidagi choralar koʻrsatilgan.

Foydalanuvchilarga login va parolni uchinchi shaxslarga bermaslik hamda ularni brauzerda saqlamaslik tavsiya etiladi. Parolni muntazam ravishda almashtirish va shaxsiy ma’lumotlarga asoslanib topib boʻlmaydigan murakkab kombinatsiyalardan foydalanish tavsiya qilinadi. Alohida ta’kidlanishicha, OneID rasmiy mobil ilovasi orqali ikki faktorli autentifikatsiyani yoqish zarur. Bu parol oshkor boʻlib qolgan taqdirda ham ruxsatsiz kirish xavfini kamaytiradi.

Tavsiyalarda, shuningdek, SIM-kartani va mobil qurilmani uchinchi shaxslarga topshirmaslik kerakligi ham koʻrsatilgan, chunki ular orqali OneID ilovasiga va foydalanuvchi ma’lumotlarini tiklash jarayoniga kirish imkoniyati mavjud.

Foydalanuvchilarga avtorizatsiyalar tarixi va faol seanslarni kuzatib borish, ma’lumotlar sizib chiqishiga shubha tugʻilganda esa darhol parolni oʻzgartirish yoki kirishni tiklash jarayonidan oʻtish tavsiya etiladi.

Alohida qayd etilishicha, pasport ma’lumotlari va JSHSHIRni begona shaxslarga bermaslik kerak, shuningdek, foydalanuvchi foydalanishni rejalashtirmagan avtorizatsiya usullarini oʻchirib qoʻyish tavsiya etiladi.

OneID orqali kirish majburiymi

Platformada muqobil avtorizatsiya usullari ham nazarda tutilgan. Foydalanuvchi akkauntga OneID tizimi orqali ham, telefon raqami yordamida ham kirishi mumkin.

Bu davlat identifikatsiya tizimidan foydalanish yagona kirish usuli emasligini, balki qoʻshimcha variant sifatida taklif etilishini anglatadi.

Bunday sharoitda avtorizatsiya usulini tanlash foydalanuvchining oʻziga qoladi va qulaylik hamda shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish boʻyicha shaxsiy afzalliklarga bogʻliq boʻlishi mumkin.

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.