Sun’iy intellekt allaqachon butun dunyo boʻylab mehnat bozorini oʻzgartirmoqda. Goldman Sachs investitsiya bankining baholashicha, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari taxminan 300 millionta ish oʻrniga ta’sir koʻrsatishi, odamlar bugungi kunda bajarayotgan vazifalarning qariyb 25–30%i esa yaqin yillarda avtomatlashtirilishi mumkin. Bunda gap kasblarning butunlay yoʻq boʻlib ketishi haqida emas, balki aynan ish jarayonlarining oʻzi tubdan oʻzgarishi haqida ketmoqda.

Jahon iqtisodiy forumi (Future of Jobs Report) ma’lumotlariga koʻra, 2030-yilgacha mavjud ish oʻrinlarining qariyb 22%i avtomatlashtirish, raqamlashtirish va sun’iy intellektning joriy etilishi sababli oʻzgaradi. Ayni paytda, texnologiyalarni rivojlantirish, ma’lumotlarni tahlil qilish, kiberxavfsizlik va raqamli xizmatlar bilan bogʻliq 78 millionga yaqin yangi ish oʻrni paydo boʻlishi kutilmoqda. Ish beruvchilar allaqachon koʻnikmalarga oid talablarni qayta koʻrib chiqmoqda. Kompaniyalarning taxminan 70%i sun’iy intellekt bilan ishlash malakasiga ega xodimlarni yollashni rejalashtirayotgan boʻlsa, 41% vazifalarni algoritmlar bajara oladigan lavozimlarning qisqarishini kutmoqda.

Alohida tadqiqotlar sun’iy intellekt texnologiyalarini bilish iqtisodiy ustunlikka aylanishini koʻrsatmoqda. Masalan, sun’iy intellekt vositalari bilan ishlaydigan mutaxassislar bunday koʻnikmalarga ega boʻlmagan mutaxassislarga nisbatan oʻrtacha 56% ga yuqori maosh olishlari mumkin.

Eng tez oʻzgarayotgan kasblar qaysilar

Sun’iy intellekt eng koʻp ishning katta qismi axborotni qayta ishlash bilan bogʻliq sohalarga ta’sir koʻrsatmoqda.

Bular jumlasiga quyidagilar kiradi:

• jurnalistika va media kontent

• marketing va reklama

• dasturlash va IT-yordam

• moliyaviy tahlil

• call-markazlar va mijozlarga xizmat koʻrsatish

• ma’muriy va ofis lavozimlari

Masalan, generativ tizimlar matnlarni avtomatik yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, hujjatlarni tarjima qilish va hisobotlar shakllantirish kabi vazifalarni allaqachon bajara oladi.

Natijada koʻplab kasblar butunlay yoʻqolib ketmaydi, ammo ularning tuzilishi oʻzgaradi: ayrim vazifalarni algoritmlar bajaradi, inson esa tekshirish, tahlil qilish va qaror qabul qilish kabi funksiyalarni bajaradi.

Kompaniyalar allaqachon moslashmoqda

Ba’zi kompaniyalar sun’iy intellektning rivojlanishiga javoban oʻz jamoalarini qayta qurishni boshladilar. Masalan, Block fintech kompaniyasi 2026-yilda avtomatlashtirish va sun’iy intellekt vositalariga oʻtish doirasida 4 mingdan ortiq xodimini qisqartirishini e’lon qildi. Shu bilan birga, Yevropa Markaziy banki ma’lumotlariga koʻra, koʻplab kompaniyalar bandlikni qisqartirish oʻrniga tashkilot ichidagi koʻnikmalar tuzilmasini oʻzgartirib, yangi texnologik rollarni yaratmoqda.

Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston

Markaziy Osiyo davlatlarida sun’iy intellektni joriy etish hali erta bosqichda, biroq iqtisodiyotning raqamlashtirilishi tezlashmoqda.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda quyidagi yoʻnalishlar faol rivojlanmoqda:

• raqamli davlat xizmatlari

• fintex va onlayn banking

• elektron tijorat

• startap ekotizimi

• IT boʻyicha ta’lim dasturlari

Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga koʻra, mamlakatda 1400 dan ortiq IT-kompaniyalar faoliyat yuritmoqda, IT-xizmatlar eksporti esa 300 million dollardan oshgan.

Nima uchun bu raqamli huquqlar bilan bogʻliq?

Sun’iy intellektning rivojlanishi nafaqat iqtisodiyotga, balki insonning raqamli muhitdagi huquqlariga ham ta’sir koʻrsatadi.

Qaror qabul qilish jarayonida algoritmlar ishtirok etar ekan, yangi savollar yuzaga keladi:

• shaxsiy ma’lumotlar qanday himoyalanadi;

• algoritmlardagi xatolar uchun kim javobgar boʻladi;

• avtomatlashtirilgan tizimlar ishga qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilishi mumkinmi;

• tizim tomonidan qabul qilingan qarorni inson qanday tartibda shikoyat qilishi yoki qayta koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin.

Bu masalalar allaqachon xalqaro miqyosda muhokama qilinmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqi sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari va algoritmlarning shaffofligiga qoʻyiladigan talablarni joriy etuvchi AI Actni qabul qildi.

Tadqiqotlarning asosiy xulosasi shundaki, sun’iy intellekt mehnat bozorini yoʻq qilishdan koʻra koʻproq iqtisodiyot va koʻnikmalar tuzilishini oʻzgartiradi.

Tarixan shunga oʻxshash jarayonlar ilgari ham - sanoat inqilobi, ishlab chiqarishning ommaviy avtomatlashtirilishi va internetning rivojlanishi davrida sodir boʻlgan.

Har bir texnologik toʻlqin ba’zi kasblarning yoʻq boʻlib ketishiga va boshqalarining paydo boʻlishiga olib keldi. Bugungi farq shundaki, raqamli texnologiyalar ancha tez tarqalmoqda.

Shuning uchun bugungi kunda nafaqat texnologiyalarning rivojlanishi, balki jamiyatning yangi sharoitlarga moslashish qobiliyati - ta’lim, tartibga solish va raqamli huquqlarni tushunish orqali asosiy omilga aylanmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekiston uchun bu bir vaqtning oʻzida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va aholining raqamli savodxonlik darajasini oshirish zarurligini anglatadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari qanday ishlashi, qanday ma’lumotlardan foydalanilishi va insonning raqamli muhitdagi huquqlari nimalardan iboratligini tushunish asta-sekin zamonaviy huquqiy madaniyatning muhim qismiga aylanib bormoqda.

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.