Raqamlashtirish avvalo qulaylik va cheksiz erkinlik dunyosiga kirish eshigi boʻlishi kerak edi, biroq asta-sekin chiqish yoʻli boʻlmagan toʻliq nazorat tizimiga aylanmoqda. Bu xavotirli hodisa haqida yaqinda Telegram asoschisi Pavel Durov eslatib oʻtdi. Uning hissiyotga boy bayonoti virus kabi tarqaldi: «Bizning avlod — erkinliklarga ega boʻlgan, ammo ularni qoʻldan boy bergan soʻnggi avlod sifatida tarixda qolish xavfida». Bu tuygʻu millionlab insonlarning kayfiyati bilan hamohang: ozodlik vositasi sifatida yaratilgan raqamli makon tobora qat’iy nazorat mexanizmiga aylanmoqda.
Bugun har qanday oddiy harakat raqamli tasdiqni talab qiladi: shifokorga yozilish — ilova orqali, chipta xaridi — shaxsiy ma’lumot kiritish orqali, xizmatlar uchun toʻlov — biometrik tasdiq orqali amalga oshadi. Bir qarashda bu taraqqiyotga oʻxshaydi. Ammo uning ortida tashvishli haqiqat yashiringan: agar hayotiy muhim xizmatni olish uchun rozilik bermaslikning imkoni boʻlmasa, demak, ma’lumotlarni qayta ishlashga rozilik endi ixtiyoriy emas. Shu tarzda “raqamli majburiyat” paydo boʻladi — insonning raqamli tizimda ishtirok etishi asosiy huquq va imkoniyatlarga ega boʻlish uchun majburiy shartga aylanadi. Rad etish esa zamonaviy jamiyatdan oʻz-oʻzini chetlashtirish bilan barobar.
Koʻplab mamlakatlarda ijtimoiy, transport va ma’muriy xizmatlarning katta qismi allaqachon onlaynga oʻtkazilgan. Bu, albatta, jarayonlarni tezlashtiradi, korrupsiya xavfini kamaytiradi va resurslarni tejaydi. Ammo buning narxi — tanlov erkinligini yoʻqotishdir.
Oʻzbekistonda ham bu jarayon tez sur’atlarda kechmoqda. Elektron hukumat, myID superilovasi, E-Med platformasi va my.gov.uz portali kabi loyihalar xizmatlarni soniyalar ichida olish imkonini beradi, biroq buning evaziga fuqarolar tobora chuqurroq raqamli qaramlikka tushib bormoqda. Tibbiy yordam olish, hujjatlarni rasmiylashtirish yoki soliqlarni toʻlash uchun fuqaro tizimda roʻyxatdan oʻtishi, biometrik ma’lumotlarini tasdiqlashi va sezgir ma’lumotlarni qayta ishlashga rozilik berishi shart. Aslida, bundan bosh tortishning iloji yoʻq — raqamli identifikatsiyasiz asosiy xizmatlar mavjud emas.
Natijada davlat sogʻliq holati, mulk, oilaviy ahvol va fuqaroning harakatlanishlari haqidagi sezgir ma’lumotlarga misli koʻrilmagan darajada kirish imkoniga ega boʻladi. Agar davlat yoki biznes faqat raqamli aloqa yoʻlini taklif etsa, ma’lumot yigʻishga rozilik erkin irodadan chiqib, majburiy zaruratga aylanadi.
Yevropa Ittifoqining Ma’lumotlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi Reglamentida (GDPR, 2018) aniq koʻrsatilganidek, rozilik faqat "erkin, aniq, xabardor qilingan va ikki ma’noli boʻlmagan holda berilgan" taqdirdagina haqiqiy hisoblanadi. Agar xizmat koʻrsatish rozilikka bogʻliq boʻlsa, bu holatda u ixtiyoriy boʻla olmaydi. Ushbu tamoyil BMTning biznes va inson huquqlari boʻyicha qoʻllanmalarida (Guiding Principles on Business and Human Rights, 2011) ham tasdiqlangan boʻlib, unda kompaniyalar asosiy xizmatlardan foydalanishni yoʻqotmasdan, ma’noli tanlovni (meaningful choice) ta’minlashi shartligi ta’kidlangan. OECDning ma’lumotlarni himoya qilish boʻyicha tavsiyalarida (2022) ta’kidlanishicha, raqamli kelishuv koʻpincha "oqibatlarni tushunmasdan bosilgan mexanik tugma"ga aylanadi.
Bu orada raqamlar oʻz-oʻzidan gapirmoqda. UNESCOʻning 2023-yilgi “Raqamli inklyuziya hisobotiga” (Digital Inclusion Report)koʻra, dunyo aholisining 37% dan ortigʻi hali raqamli koʻnikmalarga ega emas, ammo allaqachon tibbiy yordam, ta’lim yoki ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash olish uchun onlayn xizmatlardan foydalanish talabiga duch kelmoqda. OECD’ning 2022-yilgi “Raqamli iqtisodiyotga oid tahlili” (Digital Economy Outlook) esa shuni koʻrsatdiki, foydalanuvchilarning 42% shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik bildiradi, chunki aks holda xizmatdan foydalana olmaydi. Aynan shu holat — raqamli majburiylikdir: ya’ni tanlovsiz rozilik, qulaylikning qaramlik shakliga aylanishi.
Muammo, ayniqsa, raqamlashtirish jarayoni huquqiy va axloqiy me’yorlarni shakllantirishdan koʻra tezroq kechayotgan mamlakatlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Transport va banklardagi biometrik tizimlar yuzni doimiy ravishda skanerlashni talab qiladi. Mobil ID shaxsni tasdiqlashning yagona usuliga aylanib bormoqda. Davlat portallari oflayn muqobil variantlarni taklif etishni toʻxtatmoqda. Natijada, texnologik taraqqiyot yangi ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqara boshlaydi: yoshi katta fuqarolar , qishloq aholisi va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi raqamli iqtisodiyotdan chetda qolmoqda, chunki ular oʻz ma’lumotlarini oʻtkaza olmaydilar yoki oʻtkazishni istamaydilar.
Raqamli majburlash nafaqat texnologiya masalasi, balki tanlov erkinligi masalasi hamdir. Xalqaro huquqda bu tushunchaga hozircha aniq ta’rif berilmagan, lekin koʻpchilik mutaxassislar uni qonun darajasida mustahkamlashga chaqirmoqdalar. Davlatlar fuqarolarning asosiy xizmatlarga oflayn ravishda kirish huquqini ta’minlashi, "raqamli majburlash" tushunchasini qonunchilikka kiritishi va majburiy rozilik shakllarini aniqlash maqsadida raqamli tizimlarni muntazam tekshirishni talab qilishi mumkin.
Oʻzbekiston kabi faol raqamli transformatsiya bosqichida boʻlgan mamlakatlar uchun bu masala ayniqsa muhimdir. Bu erda milliy super dasturlar yaratilmoqda, biometrik identifikatsiya joriy etilmoqda, elektron hukumat rivojlanmoqda.
Ushbu qadamlarning barchasi foydalidir, ammo ular foydalanuvchi huquqlarini himoya qilish bilan parallel boʻlishi kerak. Aks holda, erkinlik vositasi sifatida yaratilgan raqamlashtirish bosim mexanizmiga aylanadi.
Raqamli savodxonlik va texnologiya axloqi bu tahdidning oldini olishning kalitiga aylanmoqda. Foydalanuvchilar qanday ma’lumotlarni uzatishlarini, kimga, qanday shartlarda va qanday boshqarishlari mumkinligini tushunishlari kerak. Kompaniyalar va davlat tuzilmalari esa bu jarayonni shaffof va hisobdor qilishlari shart. Majburlash, hatto qulaylik niqobi ostida boʻlsa ham, majburlash boʻlib qolaveradi.
Haqiqiy raqamli erkinlik nafaqat ulanish huquqi, balki rad etish huquqidan ham iborat. Agar inson tanlov imkoniyatini yoʻqotsa, texnologiyalar taraqqiyot vositasi emas, nazorat shakliga aylanadi. Raqamli transformatsiya faqat fuqaro "yoʻq" deb ayta olganda va oʻz huquqlarini yoʻqotmasa adolatli boʻladi.
Bugungi kunda aynan shu muvozanat — innovatsiyalar va erkinlik, ma’lumotlar va qadr — qimmat oʻrtasida-raqamli kelajak qanday boʻlishini belgilaydi. Va davlatlar ongli rozilikni himoya qilishga qanchalik tayyor ekanligi, raqamli davr erkinlik davri yoki yangi qaramlik davri boʻlishini koʻrsatadi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Lola Maxmudova19-iyul, 20266 daq
Raqamli davrning bosimi
Raqamlashtirish avvalo qulaylik va cheksiz erkinlik dunyosiga kirish eshigi boʻlishi kerak edi, biroq asta-sekin chiqish yoʻli boʻlmagan toʻliq nazorat tizimiga aylanmoqda.