Sun’iy intellekt texnologiyalari yangi davrni - simulyatsiyalar davrini ochib berdi. Neyrotarmoqlar yordamida nafaqat ma’lum bir shaxsning nutqi, yuzi va mimikasini taqlid qilish, balki uning nomidan "gapirish" va "harakat qilish" qobiliyatiga ega boʻlgan haqiqiy raqamli nusxalarni yaratish mumkin. Deepfake endi beozor ermak/zararsiz oʻyinchoq sifatida qabul qilinmaydi: u bosim oʻtkazish, obroʻsizlantirish va manipulyatsiya vositasiga aylandi. Va agar bir necha yil oldin bu texnologik forumlarning mavzusi boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda bu sud tizimi va shaxs huquqiga jiddiy chaqiriqdir.
Sun’iy intellekt texnologiyalari yangi davrni - simulyatsiyalar davrini ochib berdi. Neyrotarmoqlar yordamida nafaqat ma’lum bir shaxsning nutqi, yuzi va mimikasini taqlid qilish, balki uning nomidan "gapirish" va "harakat qilish" qobiliyatiga ega boʻlgan haqiqiy raqamli nusxalarni yaratish mumkin. Deepfake endi beozor ermak/zararsiz oʻyinchoq sifatida qabul qilinmaydi: u bosim oʻtkazish, obroʻsizlantirish va manipulyatsiya vositasiga aylandi. Va agar bir necha yil oldin bu texnologik forumlarning mavzusi boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda bu sud tizimi va shaxs huquqiga jiddiy chaqiriqdir.
Yuristlar endi rasm, video yoki ovozni shubhasiz dalil sifatida qabul qila olmaydilar. Mukammal soxtalik yaratishning texnologik imkoniyati an’anaviy ishonchlilik prezumpsiyasini yoʻq qildi. Masalan, AQShda insonning ruxsatisiz uning yuzidan foydalangan holda tasvirlarni yaratuvchi va tarqatuvchi xizmatlarga qarshi qaratilgan AB 621 qonun loyihasi qabul qilindi, bu esa deepfake asta-sekin mustaqil huquqiy tartibga solish predmetiga aylanib borayotganining yana bir dalilidir.
Turli mamlakatlar sudlarida allaqachon deepfake bosim oʻtkazish va obroʻni toʻkish vositasiga aylanib borayotgan ishlar koʻrib chiqilmoqda. Shunday qilib, Kaliforniyada San-Fransisko prokuraturasi konsensual boʻlmagan deepfake-pornografiya yaratgan 16 ta saytga qarshi da’vo qoʻzgʻatdi. Tekshiruv natijasida ularning oʻntasi yopildi, sud esa bunday xatti-harakatlarni tasvir huquqiga va shaxsning qadr-qimmatiga tajovuz deb topdi. Janubiy Koreyada mashhur ayollarning soxta videolari va tasvirlari bilan bogʻliq ketma-ket janjallardan soʻng, parlament jinoiy javobgarlikni kuchaytirdi: endi hatto shaxsning roziligisiz deepfake-pornografiyani tomosha qilish yoki uni saqlash uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 30 million vongacha jarima bilan jazolanadi. Bu holatlar shuni koʻrsatadiki, huquq tizimi insonning sha’ni va obroʻsiga ziyon yetkazilgandan keyingina harakatga oʻtishga majbur boʻlmoqda. Ammo agar bu tendensiya oʻzgarmasa, sud yaqin kelajakda nafaqat kim haqligini, balki qaysi holat haqiqat va qaysi biri sun’iy ravishda yaratilgan simulyatsiya ekanligini ham aniqlashga majbur boʻladi.
Asosiy tahdid nafaqat obroʻga putur yetkazishda, balki dalillarga ishonch inqirozida hamdir. Agar istalgan video sun’iy tarzda yaratilishi mumkin boʻlsa, sud haqiqatni emas, balki simulyatsiyani koʻrib chiqayotganiga kim kafolat beradi? Odil sudlov uchun bu tizimli xavf: soxtalashtirish asl nusxadan farq qilmaydigan boʻlib qolsa, uning poydevori - xolislik tamoyili qulaydi. Bunga javoban, ba’zi mamlakatlar allaqachon raqamli suv belgilari, blokcheyn tekshiruvi va sun’iy intellekt kontentining sud ekspertizasini joriy etmoqda. Lekin universal mexanizm yoʻq.
Jahon amaliyoti oldindan harakat qilishga urinmoqda. AQShda DEEPFAKES Accountability Act qabul qilingan boʻlib, u sun’iy kontentni belgilash majburiyatini va ogohlantirishsiz soxta materiallarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Yevropa Ittifoqida sun’iy intellekt toʻgʻrisidagi qonun AI Act (2024) sun’iy intellekt tizimlari operatorlarining foydalanuvchini kontent yaratish fakti haqida xabardor qilish majburiyatini belgilaydi va GDPR biometrik ma’lumotlarni - jumladan yuz va ovozni - oʻta sezgir ma’lumotlar toifasiga kiritadi. Janubiy Koreya texnologik yetakchi davlatlardan biri sifatida deepfake-videolarni roziliksiz yaratishni toʻgʻridan-toʻgʻri jinoyatlar roʻyxatiga kiritgan. Natijada, insonning raqamli identifikatsiyasi asta-sekin huquqni muhofaza qilish obyektiga aylanmoqda.
Oʻzbekistonda ham bu mavzu qonunchilik kun tartibiga kiritilgan. 2025-yil 13-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi "Sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish toʻgʻrisida"gi qonunni uchinchi oʻqishda qabul qildi. Hujjat hozircha Senatda koʻrib chiqish bosqichida boʻlib, uning toʻliq matni ochiq e’lon qilinmagan. Ma’lumki, loyiha "sun’iy intellekt" tushunchasini belgilaydi, ushbu sohadagi davlat siyosati tamoyillarini mustahkamlaydi va sun’iy intellektni rivojlantirish va undan foydalanish uchun mas’ul boʻlgan davlat organining vakolatlarini belgilaydi. Rasmiy xabarlarga koʻra, shaxs huquqlarini algoritmik texnologiyalarni qoʻllash bilan bogʻliq ehtimoliy xatarlardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Fuqarolarning huquq va erkinliklariga daxl qiluvchi qarorlarni faqat sun’iy intellekt tizimlari xulosalari asosida qabul qilishni taqiqlovchi norma alohida ahamiyatga ega. Bu algoritm inson hukmining oʻrnini bosa olmasligining qonuniy e’tirofidir - ayniqsa, bu yerda or-nomus, obroʻ yoki huquqiy maqom xavf ostida boʻlsa. Qonun, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsiy ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berish va ularni internet yoki ommaviy axborot vositalarida tarqatish uchun ma’muriy javobgarlikni ham nazarda tutadi. Shunday qilib, Oʻzbekiston shaxsni himoya qilishni raqamli qonunchilikka kiritish yoʻlida birinchi qadamni tashlamoqda.
Biroq raqamli huquq nuqtayi nazaridan bu qadam faqat boshlanishi. Qonun sun’iy intellekt tizimlarini yaratish va ulardan foydalanishni tartibga soladi, ammo shaxsni simulyatsiya qilish - roziliksiz ovozli yoki vizual nusxalar yaratish, deepfake-kontent yoki tarmoq aloqalarida shaxsni almashtirish kabi holatlarini qamrab olmaydi. Bu yerda boʻshliq mavjud: fuqaroning raqamli identifikatsiyasi - uning yuzi, ovozi, nutq uslubi - aniq belgilangan huquqiy maqomga ega emas. Demak, hozircha “sun’iy intellekt orqali yaratilgan inson nusxasi”ni roziliksiz yaratish harakatlarini bir ma’noli tarzda huquqbuzarlik deb baholashning imkoni yoʻq.
Yuridik nuqtayi nazardan, muammo yangi huquqni - raqamli haqiqiylik huquqini tan olishni talab qiladi. U quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
- shaxsning roziligisiz uning raqamli simulyatsiyalarini yaratish va tarqatishni taqiqlash;
- raqamli dalillarning haqiqiyligini aniqlash tartib-taomili;
- virtual muhitda shaxsni almashtirganlik uchun javobgarlikka tortish mexanizmi.
Bu me’yorlarsiz raqamli erkinlik muqarrar ravishda raqamli zaiflikka aylanadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari insoniyatga xizmat qiluvchi vositaga aylanishi mumkin — agar ularning rivoji huquq doirasida kechsa, ya’ni markazda algoritm yoki kod emas, balki inson shaxsi tursa. Aks holda, simulyatsiyalar haqiqatni siqib chiqaradi, sud, ommaviy axborot vositalari va jamiyat esa eng muhim mezondan — faktlarga boʻlgan ishonchdan mahrum boʻladi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.