Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda raqamli davlat xizmatlari kundalik hayotning odatiy qismiga aylandi. Ma’lumotnomalar olish, biznesni roʻyxatdan oʻtkazish, hujjatlarni rasmiylashtirish va turli ma’muriy jarayonlar tobora koʻproq onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda. Raqamlashtirish davlat bilan oʻzaro aloqani tezroq va qulayroq qiladi, biroq raqamli xizmatlar kengaygani sayin yana bir savol paydo boʻladi: bunday tizimlarda foydalanuvchilar ma’lumotlari qanchalik samarali himoyalangan

Raqamli texnologiyalar vaziri ta’kidlashicha, davlat xizmatlarini raqamlashtirish ularning himoya mexanizmlariga nisbatan tezroq rivojlanmoqda. Koʻplab platformalarni ishlab chiqishda asosiy e’tibor xizmatlarning fuqarolar uchun qulayligi va ochiqligiga qaratilgan. Bunday yondashuv raqamli infratuzilmani tez kengaytirishga imkon berdi, ammo shu bilan birga kiberxavfsizlikni kuchaytirish zarurligini koʻrsatdi.

Bugungi kunda davlat va fuqarolar oʻrtasidagi raqamli hamkorlik koʻlami allaqachon katta. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 760 dan ortiq elektron xizmatlar mavjud boʻlib, ulardan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi. Kelgusida hukumat raqamli xizmatlar sonini 900 taga yetkazishni, shuningdek, ayrim davlat xizmatlariga sun’iy intellekt elementlarini joriy etishni rejalashtirmoqda.

Davlat xizmatlari portalidan foydalanish statistikasi fuqarolarning raqamli platformalardan qanchalik faol foydalanayotganini koʻrsatadi. My.gov.uz portali ma’lumotlariga koʻra, birgina 2025-yil boshidan buyon saytga 35,7 milliondan ortiq tashrif qayd etilgan, bu foydalanuvchilarning davlat raqamli xizmatlariga yuqori darajada bogʻliqligini koʻrsatadi.

Umuman olganda, raqamli muhit mamlakat aholisining deyarli barchasini qamrab oladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga koʻra, aholining 94,2 foizi internetdan foydalanadi. Bu esa raqamli xizmatlar tizimidagi har qanday oʻzgarishlar - yangi identifikatsiya mexanizmlari boʻladimi yoki ma’lumotlardan foydalanish qoidalarimi - jamiyatning katta qismini bevosita qamrab olishini anglatadi.

Bunday vaziyatda kiberxavfsizlik masalalari faqat texnik vazifa boʻlib qolmaydi. Ular fuqarolarning raqamli huquqlari haqidagi kengroq muhokamaning bir qismiga aylanadi.

Himoyani kuchaytirish vositalaridan biri sifatida foydalanuvchilarni raqamli identifikatsiyalash tizimi boʻldi. Oʻzbekistonda MyID va MobileID orqali shaxsni tasdiqlash mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Ushbu tizimlar ma’lumotlaridan foydalanilayotgan shaxs davlat xizmatlaridan foydalanishiga ishonch hosil qilish imkonini beradi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan bunday choralar standart amaliyot hisoblanadi. Koʻp omilli identifikatsiya foydalanuvchi akkauntlariga ruxsatsiz kirish xavfini kamaytiradi va firibgarlikning oldini olishga yordam beradi.

Biroq bunday oʻzgarishlar foydalanuvchilar tomonidan jarayonlarning murakkablashuvi sifatida qabul qilinishi mumkin. Masalan, shaxsni qoʻshimcha tasdiqlash yoki telefon raqamini oʻz nomiga roʻyxatdan oʻtkazish talabi fuqarodan koʻproq harakatni talab qiladi.

Raqamli davlatning oʻziga xos muammosi ham aynan shunda yuzaga keladi. Bir tomondan, xizmatlar imkon qadar sodda va qulay boʻlishi kerak. Ikkinchi tomondan esa ular ma’lumotlarning ishonchli himoyasini ta’minlashi va suiiste’molchilikka yoʻl qoʻymasligi lozim.

Ushbu muhokamada raqamli huquqlar masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Davlat platformalari fuqarolar toʻgʻrisidagi katta hajmdagi ma’lumotlarni — aloqa ma’lumotlaridan tortib turli raqamli identifikatorlargacha boʻlgan axborotni qayta ishlaydi. Shu bois, qanday ma’lumotlar yigʻilayotgani, ulardan qay tarzda foydalanilayotgani va qanday himoya mexanizmlari mavjudligini anglash muhim.

Kiberxavfsizlik sohasidagi soʻnggi voqealar mavzuni yanada keskinlashtirdi. 2026-yil fevral oyida rasmiylar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgani haqidagi xabarlarni tekshirdi. Raqamli texnologiyalar vazirining aniqlik kiritishicha, gap ba’zi nashrlarda aytilganidek, 15 million fuqaroning ma’lumotlari emas, balki taxminan 60 ming noyob ma’lumotlar haqida ketmoqda. Shuningdek, yanvar oyi oxirida uchta davlat organining axborot tizimlari kiberhujumlarga uchragani haqida xabar qilingandi. Muayyan hodisaning koʻlami dastlabki xabarlardan kichikroq boʻlsa ham, bunday voqealarning oʻzi raqamli davlat allaqachon muhim infratuzilmaga aylanganini va ma’lumotlarni himoya qilish jamoatchilik ishonchi masalasiga aylanganini koʻrsatadi.

Ushbu mazmundagi raqamli huquqlar bir nechta asosiy elementlarni oʻz ichiga oladi:

  • xavfsiz raqamli identifikatsiyaga boʻlgan huquqi;

  • shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish huquqi;

  • raqamli tizimlar faoliyatining shaffofligi boʻlgan huquqi.

Xalqaro baholashlar Oʻzbekiston raqamli davlatni rivojlantirishda sezilarli darajada oldinga siljiganini tasdiqlaydi. Jahon bankining GovTech Maturity Index 2025 yangilanishiga koʻra, mamlakat raqamli davlat boshqaruvining yetuklik darajasi juda yuqori boʻlgan davlatlar guruhiga kiradi.

Biroq raqamlashtirishning yuqori darajasi ma’lumotlar himoyasi va raqamli infratuzilmaning barqarorligiga qoʻyiladigan talablarni ham oshiradi.

Foydalanuvchilar uchun bu davlat raqamli platformalari qanday ishlashini, tizimlar oʻrtasida qanday ma’lumotlar uzatilishini va ularni himoya qilish uchun qanday mexanizmlar qoʻllanilishini yaxshiroq tushunish zarurligini anglatadi. Bunday shaffoflik boʻlmasa, hatto qulay raqamli xizmatlar ham ishonchsizlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuning uchun raqamli transformatsiyaning keyingi bosqichi nafaqat onlayn xizmatlarni kengaytirish, balki kiberxavfsizlik tizimlari, algoritmlar shaffofligi va ma’lumotlarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirish bilan bogʻliq. Millionlab fuqarolar har kuni davlat raqamli platformalaridan foydalanayotgan bir paytda, ushbu tizimlarning xavfsizligi jamiyatning raqamli davlatga boʻlgan ishonchining muhim qismiga aylanmoqda.

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.