2026-yil 9-yanvar kuni Qozogʻiston Prezidenti ma’lumotlar, raqamli aktivlar, biometriya hamda raqamli hukumatga oid normalarni 106 ta moddada oʻzida jamlagan — dunyodagi ilk ushbu turdagi hujjat boʻlmish Raqamli kodeksni imzoladi. Unga erishish yoʻli uch yildan ortiq vaqt oldi va bu jarayon hali ham toʻliq yakunlangani yoʻq: kodeks imzolangan boʻlsa-da, hali kuchga kirgani yoʻq. Qoʻshni davlatdagi ushbu voqea yana bir muhim savolni kun tartibiga olib chiqmoqda: Oʻzbekistonga ham shunday hujjat kerakmi yoki bizda mavjud boʻlgan qonunchilik bazasi yetarlimi?
Ushbu savolga javob berish uchun, eng avvalo, bugungi kunda Oʻzbekistonda raqamli sohani aynan nimalar tartibga solayotganini tahlil qilib olish lozim — bu esa alohida va unchalik sodda boʻlmagan masaladir.
Bugun Oʻzbekistonning raqamli qonunchiligi nimalardan iborat?
Bizda butun raqamli soha uchun javob beradigan yagona va yaxlit hujjat mavjud emas. Buning oʻrniga — turli davrlarda, turli tashabbuskorlar tomonidan va har xil mantiqqa tayanib qabul qilingan qonunlar majmui amal qilmoqda.
«Axborotlashtirish toʻgʻrisida»gi Qonun poydevor boʻlib qolmoqda — u uzoq 2003-yilda qabul qilingan va oʻshandan beri muntazam ravishda toʻldirib kelinmoqda. Aynan ushbu hujjatga 2026-yilning yanvar oyida sun’iy intellektga oid normalar kiritildi: 2026-yil 21-yanvardagi OʻRQ-1115-sonli Qonun sun’iy intellekt tushunchasini mustahkamladi, inson huquqlariga daxldor yuridik ahamiyatga ega qarorlar faqatgina avtomatlashtirilgan tizimlarning xulosalari asosida qabul qilinishi mumkin emasligini belgiladi hamda sun’iy intellekt yordamida shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qayta ishlash uchun javobgarlikni joriy etdi. Aytish joizki, bu muayyan masalaga tezkor munosabat bildirishning yaqqol namunasidir: deputatlar qonunchilik tashabbusining birinchi oʻqishdan (2025-yil avgust) oʻtib, Prezident tomonidan imzolanishigacha (2026-yil yanvar) boʻlgan yoʻli yarim yildan kamroq vaqtni oldi.
Paralel ravishda 2019-yilda qabul qilingan alohida «Shaxsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisida»gi Qonun ham amal qilmoqda — yaqindagina, 2026-yilning fevralida unga ham shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini mamlakat ichida saqlash shartlari va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibini aniqlashtiruvchi oʻzgartishlar kiritildi.
Axborot xavfsizligi masalalarini esa 2022-yilda qabul qilingan alohida «Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida»gi Qonun tartibga soladi. Unda vakolatli organ etib Davlat xavfsizlik xizmati belgilangan — ya’ni axborotlashtirish uchun mas’ul boʻlgan Raqamli texnologiyalar vazirligiga hech qanday aloqasi boʻlmagan idora.
Yana bir mustaqil hujjat — 2022-yil tahriridagi (2025-yilgi tuzatishlar bilan) «Eski elektron tijorat toʻgʻrisida»gi Qonun boʻlib, u oʻzining alohida tushunchalarini joriy etadi: «raqamli mahsulotlar», «elektron savdo maydonchasi», «axborot vositachisi» — bu atamalar «Axborotlashtirish toʻgʻrisida»gi Qonundagi ta’riflar bilan hech qayerda oʻzaro bogʻlanmagan.
Bularga elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunni, axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunni hamda mutlaqo alohida bir qatlamni — qonunlar bilan emas, balki farmon va qarorlar bilan tartibga solish amaliyotini ham qoʻshish lozim: masalan, kripto-aktivlar muomalasi Prezidentning 2018-yildagi PQ-3832-sonli qarori bilan tartibga solinadi, sun’iy intellektdan foydalanishning etik qoidalarini esa 2026-yil mart oyida Adliya vazirligi qonun shaklida emas, idoraviy hujjat sifatida roʻyxatdan oʻtkazdi.
Ushbu tizimda qayerda qarama-qarshiliklar (nomuvofiqliklar) yuzaga kelmoqda?
Oddiy roʻyxatning oʻzidayoq koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistondagi raqamli soha kamida yettita-sakkizta turli qonunlar hamda oʻnlab farmonlar, qarorlar va idoraviy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Ularning har biri oʻz vakolatli organiga, oʻz tushunchalar apparatiga hamda oʻz mantiqiga ega.
Buning amaliy oqibati — atama va tushunchalardagi chalkashlikdir. «Axborotlashtirish toʻgʻrisida»gi Qonunda «axborot resursi», «Elektron tijorat toʻgʻrisida»gi Qonunda «raqamli mahsulotlar», sun’iy intellektga oid qonunda esa «sun’iy intellektga asoslangan axborot tizimi» tushunchalari mavjud, biroq ularning hech biri umumlashgan bitta xulosaga keltirilmagan — umuman olganda, nimani «raqamli obyekt» deb hisoblash kerak va u mol-mulkka kiradimi-yoʻqmi? Taqqoslash uchun — Qozogʻiston kodeksida bu aniq belgilab qoʻyilgan: raqamli yozuvlar, resurslar, tizimlar va platformalar fuqarolik qonunchiligi tatbiq etiladigan mol-mulk deb tan olinadi. Bizda esa ma’lumotlar, dasturiy ta’minot va raqamli aktivlarning fuqarolik huquqlari obyekti sifatidagi maqomi hech qayerda bunday aniq va toʻgʻridan-toʻgʻri mustahkamlanmagan.
Ikkinchi oqibat — ahamiyati jihatidan oʻxshash boʻlgan masalalarning har xil yuridik kuchga egaligidir. Shaxsga doir ma’lumotlar va kiberxavfsizlik parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar bilan tartibga solinadi. Kripto-aktivlar muomalasi esa Qonunchilik palatasi va Senatning ishtirokisiz oʻzgartirilishi mumkin boʻlgan Prezident qarori bilan tartibga solinmoqda. Davlat 2030-yilga borib bir milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilishni rejalashtirayotgan soha uchun qaror darajasidagi tartibga solish biznes va fuqarolarga qonun darajasidagi tartibga solishga qaraganda kamroq huquqiy kafolatlar beradi.
Uchinchisi — huquqiy kategoriya sifatida «raqamli huquqlar» degan qamrovli tushunchaning mavjud emasligidir. U ekspertlar hamda ta’lim muhitida mavjud (jumladan, oʻzimiz tayyorlagan materiallarda ham raqamli huquqlar shaxsiy daxlsizlik, tarmoqda oʻz fikrini erkin bildirish, ulkan ma’lumotlar (Big Data) bilan ishlash hamda intellektual mulkni muhofaza qilishni oʻz ichiga olishini bir necha bor tushuntirganmiz), biroq qonunchilikda bunday umumlashtiruvchi tushuncha yoʻq — faqat uning sohaviy qonunlar boʻylab tarqoq holda joylashgan alohida boʻlaklarigina mavjud.
Shunday qilib, kodeks kerakmi?
Bu oʻrinda Qozogʻiston tajribasiga yana bir bor murojaat qilish joiz — biroq koʻr-koʻrona nusxa koʻchirish uchun emas, balki topshiriqning qanchalik mukammal va murakkab ekanligini anglash uchun. Kontinental huquq tizimida kodeks — tartibga solish usuli jihatidan bir jinsli boʻlgan, yetuk huquq sohalari uchun moʻljallangan shakldir: fuqarolik huquqi teng subyektlar oʻrtasidagi mulkiy munosabatlarni, ma’muriy huquq esa davlat va fuqaro oʻrtasidagi hokimiyat munosabatlarini tartibga soladi. Raqamli soha esa har ikkisini oʻzida mujassam etadi: kiberxavfsizlik — mohiyatiga koʻra ommaviy huquq, raqamli aktivlar muomalasi — xususiy huquq, algoritmik shaffoflik masalalari esa sohaviy tartibga solishdan koʻra inson huquqlariga koʻproq yaqindir. Hatto Qozogʻistonning oʻzida ham tayyorgarlik bosqichida ushbu sohaning kodifikatsiyaga tayyor ekanligiga shubhalar bildirilgan edi — zero, bu soha shiddat bilan oʻzgarishda davom etmoqda, bugun yozilgan qonun esa amaliyotda mustahkamlanib ulgurmasidanoq eskirib qolish xavfi mavjud.
Oʻzbekiston uchun hozirgi bosqichda Qozogʻiston modelini toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirish biroz oshiqcha qadamdek koʻrinadi. Tizimimiz yangi texnologiyalarga nisbatan manzilli qonunlar orqali nisbatan tezkor munosabat bildirishga qodirligini koʻrsatib boʻldi — 2022-yilda kiberxavfsizlik, oʻsha yilning oʻzida elektron tijorat hamda 2025–2026-yillarda sun’iy intellekt boʻyicha qabul qilingan hujjatlar buning tasdigʻidir. Toʻliq shakldagi kodifikatsiya — yillarga choʻziladigan jarayon boʻlib, hatto toʻliq siyosiy iroda mavjud boʻlganda ham, Qozogʻiston misoli koʻrsatganidek, qonun imzolanishi, ammo darhol kuchga kirib ketmasligi mumkin.
Biroq kodeksga hozircha ehtiyoj yoʻqligini tan olish — amaldagi holat barchani qoniqtrmoqda, degani emas. Parchalanganlik (fragmentatsiya) shunchaki neytral fakt emas, balki aniq huquqiy xatarlarning manbaidir: bir-biriga oʻxshash munosabatlarning turlicha darajada himoyalanganligi, raqamli huquqlarning yagona ta’rifi yoʻqligi, ma’lumotlar va raqamli aktivlarning huquq obyektlari sifatidagi maqomi noaniqligi hamda muhim sohalarning qonunlar oʻrniga farmon va qarorlar bilan tartibga solinayotgani shular jumlasidandir.
Aynan ushbu parchalanganlik (fragmentatsiya) tashxisini raqamli huquq hamda sun’iy intellektni tartibga solish boʻyicha mutassis, huquq fanlari doktori (PhD in Law) Anna Ubaydullayeva ham qoʻymoqda — biroq u urgʻuni boshqacha beradi: u kishi uchun kodeks tizimlashtirishning muqobili emas, balki uning mantiqiy yakunidir.
«Bugungi kunda Oʻzbekiston uchun Raqamli kodeksni qabul qilish masalasi haqiqatan ham oʻz vaqtida koʻtarilmoqda. Biroq, mening nazarimda, muhokamani kodifikatsiya faktining oʻzidan emas, balki uning maqsadlari, mazmuni va amaliy qiymatini belgilab olishdan boshlash lozim.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda raqamli munosabatlarni tartibga soluvchi yetarlicha keng me’yoriy baza shakllanib boʻlgan: axborotlashtirish, shaxsga doir ma’lumotlar, kiberxavfsizlik, elektron tijorat, elektron hujjat aylanishi sohasidagi qonunlar, shuningdek, raqamli transformatsiya va sun’iy intellektni rivojlantirishga bagʻishlangan koʻplab qonunosti hujjatlari amal qilmoqda. Shu bilan birga, tartibga solish parchalangancha qolmoqda: normalar qonunchilikning turli tarmoqlari boʻyicha taqsimlangan, bir jinsli boʻlmagan terminologiya qoʻllaniladi, ma’lumotlar, raqamli aktivlar, platformali iqtisodiyot va sun’iy intellekt texnologiyalarini tartibga solishda yagona yondashuvlar mavjud emas.
Aynan shu sababli, mening fikrimcha, Oʻzbekistonga Raqamli kodeks kerak. Biroq u amaldagi me’yoriy hujjatlarning mexanik birlashmasi emas, balki raqamli iqtisodiyotni tartibga solishning yagona prinsiplarini ta’minlaydigan, tushunchalar apparatini unifikatsiya qiladigan, mavjud boʻshliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etadigan hamda raqamli texnologiyalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratadigan zamonaviy tizim hosil qiluvchi hujjatga aylanishi lozim.
Shu bilan birga, bunday kodeksning qabul qilinishi raqamli qonunchilik komplek islohotining boshlangʻich nuqtasi emas, balki mantiqiy yakuni boʻlishi kerak. Avvalambor, amaldagi normalarni tizimlashtirish, sohaviy tartibga solishni uygʻunlashtirish (garmonizatsiya qilish) va raqamli huquqning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish zarur.
Faqat shundagina Raqamli kodeks navbatdagi me’yoriy hujjat emas, balki innovatsiyalarni rivojlantirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, davlatning raqamli suvereniteti va raqamli iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi oʻrtasidagi muvozanatni ta’minlashga qodir boʻlgan strategik hujjatga aylanadi».
Boshqacha aytganda, bu yerdagi bahs kodeksning umuman kerak-kerakmasligi haqida emas, balki uni islohotning qaysi bosqichida qabul qilish lozimligi haqidadir: boshlangʻich nuqta sifatidami yoki uning natijasi oʻlaroqmi. Har ikkala pozitsiyadan kelib chiqadigan amaliy xulosa bitta — ishni kodeks matnidan emas, balki allaqachon mavjud boʻlgan hujjatlarni tizimlashtirishdan boshlash kerak.
Oʻzbekiston nimani amalga oshirishi maqsadga muvofiq?
— Kripto-aktivlar va raqamli aktivlarni tartibga solishni farmon va qarorlar darajasidan qonun darajasiga oʻtkazish, ularning huquqiy maqomi hamda egalarining huquqlari himoyasini qonunosti hujjatlari emas, balki barqaror qonunchilik asosida mustahkamlash;
— «raqamli huquqlar», «raqamli obyekt», «raqamli ma’lumotlar» tushunchalarining yagona ta’riflarini joriy etadigan hamda sohaviy qonunlarga ularni oʻzaro muvofiqlashtirilgan holda qoʻllash majburiyatini yuklaydigan ramka (asosiy) qonunni — albatta kodeks boʻlishi shart emas — qabul qilish;
— Qozogʻiston kodeksida amalga oshirilganiga oʻxshash tarzda, ma’lumotlar, dasturiy ta’minot va raqamli yozuvlarning fuqarolik huquqlari obyekti sifatidagi maqomini toʻgʻridan-toʻgʻri qonunchilikda mustahkamlash;
— «Axborotlashtirish toʻgʻrisida»gi Qonunda sun’iy intellekt uchun belgilangan — sof avtomatlashtirilgan (algoritmik) qarorlarga yoʻl qoʻyilmasligi prinsipini ushbu qarorlar ustidan shikoyat qilish mexanizmini nazarda tutgan holda, avtomatlashtirilgan tizimlarning yanada kengroq doirasiga tatbiq etish;
— raqamli sohaning turli yoʻnalishlari uchun mas’ul boʻlgan idoralar — Raqamli texnologiyalar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish agentligi oʻrtasida ularning hujjatlaridagi tushuncha va yondashuvlar bir-biridan farq qilmasligi uchun idoralararo koordinatsiyani (hamkorlikni) yoʻlga qoʻyish.
Oʻzbekistonda raqamli huquq yagona reja boʻyicha emas, balki yangi xatarlar va texnologiyalarning paydo boʻlishi barobarida rivojlandi — bugun biz guvohi boʻlayotgan tafovutlar ham shundan kelib chiqqan. Ushbu boʻshliqlarni toʻldirish uchun albatta bitta katta kodeks shart emas. Biroq ularni shundayligicha qoldirish — odamlarning huquqlari va mablagʻlariga daxldor masalalarda raqamli huquqlarni qonunlar oʻrniga yana farmon va qarorlar orqali hal qilishda davom etishni anglatadi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.