Soʻrovnomada AQShda yashovchi qariyb 2 000 nafar katta yoshli aholisi ishtirok etdi. Sun’iy intellekt foydalanuvchilarining 32% chat-botga doʻstlari, qarindoshlari, hamkasblari yoki shifokori bilan boʻlishishga tayyor boʻlmagan ma’lumotlarini aytganini tan oldi. Oʻzini «sun’iy intellekt ishqibozi» deb hisoblaydiganlar orasida esa bu koʻrsatkich 56 foizga yetgan.

Bu tendensiya, ayniqsa, ota-onalar orasida yaqqol koʻzga tashlanadi: soʻrovda qatnashgan ota-onalarning 43% boshqalarga, jumladan, oʻz farzandlariga hech qachon aytmagan gaplarini sun’iy intellekt bilan boʻlishganini ma’lum qilishgan. Farzandi boʻlmagan foydalanuvchilar orasida bu koʻrsatkich deyarli ikki baravar past boʻldi.

Shu bilan birga, soʻrovda qatnashganlarning yarmidan koʻpi (53%) yozishmalari standart tarzda modelni oʻqitish uchun ishlatilishini bilmagan yoki bunga shubha qilgan. Yozishmalar sud talabi asosida olinishi mumkinligini bilganlar esa atigi 25% tashkil etgan. Odamlar nimalarni baham koʻrayotgani va buning oqibatlari haqida nimalarni tushunayotgani oʻrtasidagi tafovut endi mavhum faraz emas, balki oʻlchangan haqiqatdir.

Ammo huquqiy jihatdan sun’iy intellekt bilan suhbat kundalik emas. Quyida bu soʻzlar bilan amalda nima sodir boʻlishi, avvalo xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, keyin esa Oʻzbekiston misolida tahlil qilinadi.

1. Soʻzlaringiz aslida kimning tasarrufida?

Oddiy savoldan boshlaylik: chatga siz yozgan matn kimga tegishli?

Aksariyat yirik xizmatlar (OpenAI, Google, Anthropic va boshqalar)ning foydalanish shartlariga koʻra, kiritilgan ma’lumotlar — ya’ni siz kiritgan narsalar — huquqiy jihatdan sizniki boʻlib qoladi. Kompaniya sizning xabaringiz "muallifi"ga aylanmaydi. Bundan tashqari, OpenAI oʻz shartlarida foydalanuvchi servis qoidalariga rioya qilgan taqdirda, suhbat natijasida yaratilgan kontentga boʻlgan huquqlar foydalanuvchiga berilishini aniq belgilaydi. Ya’ni yaratilgan matndan, jumladan, tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin.

Ammo aynan shu yerda odamlarni oʻzlarini aldangandek his qilishiga sabab boʻladigan asosiy chalkashlik yashiringan: matnga egalik qilish huquqi siz haqingizdagi ma’lumotlarni nazorat qilish bilan bir xil emas. Siz oʻz xabaringizga “egalik” qilishingiz mumkin, biroq ayni paytda uning kompaniya tizimlaridagi izini butunlay oʻchirishning real imkoniyatiga ega boʻlmasligingiz, uni yana kim koʻrishi mumkinligini bilmasligingiz yoki kelajakdagi modellarni oʻqitishda undan foydalanishni taqiqlay olmasligingiz mumkin.

Bular ikki xil huquqiy qatlamdir:

● Mualliflik huquqi - yaratilgan matn kimga tegishli.

● Ma’lumotlar huquqi (privacy law) - shaxs sifatida siz haqingizdagi ma’lumotlarni kim toʻplashi, saqlashi, uzatishi va ishlatishi mumkin.

"Sun’iy intellekt bilan suhbatlar kimga tegishli?" degan bahs aslida deyarli har doim ikkinchi masala — mualliflik emas, balki shaxsiy ma’lumotlar haqida boradi.

2. «Oʻchirildi» degani «butunlay yoʻqoldi» degani emas: hammasini oʻzgartirgan sud pretsedenti

2025-yil yozida ChatGPT foydalanuvchilarining millionlab odamlari uchun muhim saboq boʻlgan voqea yuz berdi. The New York Times OpenAI va Microsoftga qarshi sud jarayoni doirasida (nashr kompaniyalarni oʻz materiallaridan modelni oʻqitishda ruxsatsiz foydalanganlikda ayblagan) AQSh sudi OpenAI kompaniyasiga foydalanuvchilarning barcha yozishma loglarini, hatto allaqachon oʻchirilgan chatlarni ham muddatsiz saqlash majburiyatini yukladi. Sudya ushbu ma’lumotlar ish boʻyicha dalil sifatida kerak boʻlishi mumkin, deb hisoblagan va foydalanuvchilarning maxfiyligi buzilishi haqidagi e’tirozlarni rad etgan. Keyinchalik sud kompaniyani da’vogarlarga 20 millionta egasizlantirilgan suhbatlarni taqdim etishga majbur qilgan.

Bot bilan kasalliklar, moliya, ajrashish, sud ishlari haqida yozishgan foydalanuvchilar bunday mavzular uchun istisno qilishni soʻrashgan, biroq sud bu talabni rad etgan.

OpenAI rahbari Sem Altman ochiqchasiga tan oldi: ChatGPT bilan yozishmalar shifokor yoki advokat bilan suhbatdan farqli ravishda hech qanday huquqiy daxlsizlikka ega emas. Chatga kiritgan barcha ma’lumotlaringiz texnik jihatdan sudda oshkor boʻlishi mumkin, chunki yozishmalar boshidan oxirigacha shifrlash bilan himoyalanmagan va kompaniya ularga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish huquqiga ega.

Ushbu boʻlimning asosiy sabogʻi shuki: interfeysdagi “chatni oʻchirish” tugmasi — siz koʻrayotgan ma’lumotlarni boshqarish vositasi. U deyarli hech qachon kompaniya serverlaridagi ma’lumotlarning jismonan va qaytarib boʻlmaydigan tarzda yoʻq qilinishini anglatmaydi. Ayniqsa, ma’lumotlarni saqlab qolish uchun huquqiy, tartibga soluvchi yoki sudga oid asoslar mavjud boʻlsa.

3. Stenford tadqiqoti nimani koʻrsatadi: oltita yirik kompaniyaning hech biri foydalanuvchilar ma’lumotlarini bir xil darajada himoya qilmaydi

Kirish qismida keltirilgan DuckDuckGo statistikasi muammoning foydalanuvchilar nuqtayi nazaridan koʻlamini koʻrsatadi. Ammo kompaniyalarning oʻzi nuqtayi nazaridan, ya’ni sizning soʻzlaringiz keyinchalik nima boʻlishi haqida ham tadqiqot mavjud.

2025-yil oktyabr oyida Stenford inson markazli sun’iy intellekt instituti (Stanford HAI) maxfiylik siyosatlarining tizimli tahlilini e’lon qildi. Tadqiqotchi Jennifer King Amerikaning oltita yirik ishlab chiqaruvchisi: Amazon (Nova), Anthropic (Claude), Google (Gemini), Meta (Meta AI), Microsoft (Copilot) va OpenAI (ChatGPT) ning 28 ta hujjatini - maxfiylik siyosatlari, ular bilan bogʻliq kichik siyosatlari va tushuntirishlarini tahlil qildi. Birgalikda bu kompaniyalar AQSHdagi chat-botlar bozorining taxminan 90% tashkil qiladi.

Asosiy xulosalar:

● Oltita kompaniyaning barchasi standart holatda modellarni oʻqitish uchun foydalanuvchilarning yozishmalaridan foydalanadi - ya’ni sizning faol harakatingizsiz rozilik "olingan" deb hisoblanadi. Rad etish (opt-out) imkoniyati hammada ham mavjud emas va har doim ham intuitiv tushunarli tarzda ishlamaydi.

● Foydalanuvchilar xavotirga tushishi kerakmi degan toʻgʻridan-toʻgʻri savolga tadqiqot muallifi ikkilanmasdan: “Albatta, ha”, deb javob bergan. Agar siz ChatGPT, Gemini yoki boshqa yetakchi model bilan suhbatda maxfiy ma’lumotlarni baham koʻrsangiz, ular toʻplanishi va modelni oʻqitish uchun ishlatilishi mumkin. Bunga xabarning oʻzi emas, balki alohida yuklangan fayl ham kirishi mumkin.

● Voyaga yetmaganlarning ma’lumotlarini himoya qilishda aniq boʻshliq aniqlandi. Amaliyotlar keskin farq qiladi: Google 13–18 yoshdagi oʻsmirlarning roziligi bilan ularning ma’lumotlaridan modellarni oʻqitishda foydalanishga yoʻl qoʻyadi; Meta va OpenAI 13 yoshdan boshlab maxsus cheklovlarsiz roʻyxatdan oʻtishga ruxsat beradi; Microsoft bolalar ma’lumotlarini toʻplaydi, biroq ulardan modellarni oʻqitishda foydalanmaydi; faqat Anthropic 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarga umuman ruxsat bermasligini bildiradi. Biroq kompaniyalarning hech biri roʻyxatdan oʻtish vaqtida yoshni tekshirmaydi, ya’ni amalda bu cheklov ishlamaydi.

● Tadqiqotchilarning umumiy xulosasiga koʻra, sun’iy intellekt xizmatlarining maxfiylik siyosati muntazam ravishda yetarli darajada shaffof emas - ularda koʻpincha ma’lumotlar qanday yigʻilishi, saqlanishi va qayta ishlatilishi tushunarsiz boʻladi. Olimlar toʻgʻridan-toʻgʻri hukumatga maxfiylikni kompleks federal tartibga solishni, oʻqitish uchun ma’lumotlardan foydalanishga majburiy faol rozilik (opt-in, opt-out emas) va shaxsiy ma’lumotlarni yozishmalardan sukut boʻyicha filtrlashni joriy etishni tavsiya etmoqda.

Nega bu masala nafaqat amerikaliklarni, balki barchani tashvishga solishi kerak?

Ikkala tadqiqot ham - kirish qismidagi DuckDuckGo soʻrovi ham, Stenford tahlili ham - AQSH ma’lumotlari asosida oʻtkazilgan, biroq ularning xulosalari universal ahamiyatga ega, chunki texnologiyaning oʻzi barcha bozorlarda, jumladan Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlarda ham bir xil:

1. Rasmiy "rozilik" deyarli hech qachon ongli qarorni anglatmaydi. Aksariyat odamlar foydalanish shartlarini oʻqimaydilar va ularning soʻzlari oʻquv ma’lumotlarining bir qismi yoki sudda dalil boʻlishi mumkinligini bilishmaydi.

2. Ulashish qulayligi va oqibatlarni tushunish oʻrtasidagi tafovut individual emas, balki tizimli hisoblanadi. Bu “odamlar e’tiborsiz” degan masala emas. Bu xavflarni oldindan emas, ma’lumotlar sizib chiqqanidan keyin tushuntiradigan interfeyslar va siyosatlar dizayni bilan bogʻliq masala.

3. Bolalar butun tizimdagi eng himoyasiz guruhdir, chunki "bola qonuniy ahamiyatga ega rozilik bera olmaydi" degan tartibga solish tamoyili amalda deyarli hech bir platforma tomonidan texnik jihatdan tekshirilmaydi.

4. Xalqaro huquq nima deydi

Yevropa: GDPR eng qat’iy standart sifatida

Yevropa Ittifoqining ma’lumotlarni himoya qilish boʻyicha umumiy reglamenti (GDPR) sun’iy intellekt xizmati bilan yozishmalarni, agar unda muayyan shaxsni aniqlash mumkin boʻlsa, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash sifatida koʻrib chiqadi, yozishmalarda esa deyarli har doim shunday tafsilotlar (ism, shahar, ish joyi, sogʻliq holati, moliyaviy ma’lumotlar) mavjud boʻladi. Shundan foydalanuvchining kompaniya ta’minlashi shart boʻlgan qator huquqlari kelib chiqadi:

● siz haqingizda qanday ma’lumotlar toʻplanayotgani va buning sababini bilish huquqi (13–14-moddalar);

● kirish huquqi — oʻz ma’lumotlarining nusxasini olish (15-modda);

● notoʻgʻri ma’lumotlarni tuzatish huquqi (16-modda);

● oʻchirish huquqi — «unutilish huquqi» (17-modda);

● ma’lumotlardan, masalan, modelni oʻrgatish maqsadida foydalanishga e’tiroz bildirish huquqi (21-modda).

Aynan ushbu tamoyillarning buzilishi sababli 2023-yil mart oyida Italiya oʻz hududida ChatGPT’ni vaqtincha bloklab qoʻydi: regulyator OpenAI’da foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash uchun qonuniy asos yoʻqligini va yoshni tekshirish tizimi mavjud emasligini ta’kidladi. Kompaniya rozilik mexanizmlarini va yozishmalarni oʻqitish uchun ishlatishdan voz kechish imkoniyatini qoʻshgandan keyingina xizmat qayta tiklandi.

Qoidabuzarliklar uchun jarimalar jiddiy — qaysi biri kattaroq boʻlishiga qarab, 20 million yevrogacha yoki kompaniya global aylanmasining 4 foizigacha miqdorda belgilangan.

AQSH: bozor deyarli hamma narsani hal qiladi

AQSHda GDPRga oʻxshash yagona federal qonun yoʻq. Foydalanuvchi va sun’iy intellekt xizmati oʻrtasidagi munosabatlar birinchi navbatda shartnoma — deyarli hech kim oʻqimaydigan oʻsha Terms of Use (Foydalanish shartlari) orqali tartibga solinadi. Bu sizning huquqlaringiz hajmi muayyan kompaniya va shtatga bogʻliq ekanini anglatadi. Masalan, Kaliforniyada iste’molchilar maxfiyligini himoya qilish boʻyicha oʻz qonuni (CCPA) mavjud. Biroq aksariyat boshqa shtatlarda foydalanuvchi Yevropa Ittifoqidagiga qaraganda ancha zaifroq huquqiy himoyaga ega.

Shu sababli NYT ishi juda muhim misol boʻldi: u kompaniyada yomon niyat boʻlmagan taqdirda ham foydalanuvchilarning ma’lumotlari sud tomonidan olib qoʻyilishi mumkinligini koʻrsatdi — chunki bunga protsessual huquq yoʻl qoʻyadi.

Umumiy tendensiya: huquq "global" boʻlib bormoqda, ammo parchalanib ketmoqda

Aksariyat mamlakatlar hozirda ikki yoʻldan birini tanlamoqda:

1. GDPR modelini koʻchirish (Buyuk Britaniya, Braziliya, Janubiy Koreya va boshqa bir qator davlatlar) - ya’ni tartibga solishni ma’lumotlar subyekti huquqlari atrofida qurish.

2. Sun’iy intellektni aniq tartibga solish yoʻlidan borish - aynan sun’iy intellekt haqida alohida qonunlar qabul qilish (sun’iy intellekt kontentini belgilash, inson ishtirokisiz avtomatik ravishda huquqiy ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishni taqiqlash, zarar uchun javobgarlik va boshqalar). Aytgancha, yaqinda Oʻzbekiston ham shu yoʻldan bordi.

Umumiy tendensiya shundan iboratki, huquq sun’iy intellekt bilan yozishmalar sezgir shaxsiy ma’lumotlarning bir turi ekanini tan olmoqda. Biroq dunyoning hech bir joyida, agar ma’lumotlarni saqlash uchun qonuniy manfaat — tergov, sud, regulyator talablari yoki milliy xavfsizlik kabi asoslar mavjud boʻlsa, foydalanuvchining oʻz raqamli izini “bir marta va butunlay oʻchirib tashlash”ga mutlaq huquqi mavjud emas.

5. Oʻzbekiston: milliy qonunchilik nima deydi?

"Shaxsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisida"gi qonun

Asosiy hujjat — Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi OʻRQ-547-son "Shaxsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisida"gi Qonuni.

Unga koʻra, shaxsga doir ma’lumotlar subyekti, ya’ni siz, oʻz ma’lumotlaringizni kim va nima maqsadda qayta ishlayotganini bilish, ularni aniqlashtirishni talab qilish, ma’lumotlarni qayta ishlashga bergan roziligini qaytarib olish huquqiga ega. Operatorning (shartli ravishda — xizmat koʻrsatuvchi kompaniyaning) ham oʻz majburiyatlari bor: ma’lumotlarning maxfiyligi va yaxlitligini ta’minlash hamda ularning noqonuniy qayta ishlanishiga yoʻl qoʻymaslik.

Sun’iy intellekt chat-botlari mavzusi uchun muhim jihat: shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash muddati subyekt oʻz roziligini bergan muddatdan oshmasligi kerak. Ya’ni nazariy jihatdan, agar siz roziligingizni qaytarib olsangiz, kompaniya ma’lumotlarni qayta ishlashni toʻxtatishi kerak. Masala shundaki, server xorijda joylashgan hollarda buni amalda nazorat qilish qanchalik mumkin.

Ma’lumotlarni mahalliylashtirish: qoida 2026-yilda yumshatildi

2021-yildan boshlab qonunda internet orqali qayta ishlangan Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlarini mamlakat hududidagi serverlarda jismonan saqlashni talab qiluvchi 27-1 - modda amal qilgan. Rasman bu Oʻzbekiston fuqarolarining ma’lumotlarini qayta ishlaydigan har qanday xorijiy xizmat (jumladan, chat-bot bilan yozishmalar) ushbu talabga rioya qilishi shartligini anglatardi — buni esa ChatGPT kabi global sun’iy intellekt platformalariga nisbatan texnik jihatdan nazorat qilish deyarli imkonsiz edi.

2026-yil 26-martda qonunga ushbu talabni yumshatuvchi tuzatishlar (OʻRQ-1125) kiritildi. Endilikda Oʻzbekiston hududida faqat ma’lumotlar toifalarining yopiq roʻyxati — birinchi navbatda biometrik va genetik ma’lumotlargina majburiy mahalliylashtirilishi shart. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa, agar qonunda belgilangan shartlardan biri bajarilsa (masalan, qabul qiluvchi mamlakat Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ma’lumotlarni himoya qilishning tegishli darajasini ta’minlasa), chet elda saqlash va qayta ishlash mumkin.

Amaliy xulosa: 2026-yildan boshlab xorijiy sun’iy intellekt xizmatlaridan (ChatGPT, Claude va boshqalar) foydalanish oʻz-oʻzidan mahalliylashtirish talabiga rasman zid kelmaydigan boʻldi — botga biometrik yoki shunga oʻxshash himoyalangan ma’lumotlarni taqdim etish holatlari bundan mustasno.

Sun’iy intellekt toʻgʻrisidagi yangi qonun (2025–2026)

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib sun’iy intellekt toʻgʻrisida alohida qonunchilikni qabul qildi. Senat 2025-yil noyabr oyida sun’iy intellektni qoʻllashni tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunni ma’qulladi, 2026-yil 21-yanvarda esa Prezident Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirishlar kirituvchi qonunni imzoladi. Asosiy qoidalar:

● Sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berish, shuningdek, ularni ommaviy axborot vositalari yoki internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Jarima — huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (qonun qabul qilingan paytda taxminan 20,6 million soʻmdan 41,2 million soʻmgacha) etib belgilandi.

● Sun’iy intellektga asoslangan axborot resurslari yordamida inson hayoti, sogʻligʻi, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishni taqiqlash mustahkamlab qoʻyildi.

● Inson huquqlari va erkinliklariga ta’sir koʻrsatadigan huquqiy ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellektga tayanish taqiqlandi — ya’ni, shartli ravishda, sizning kredit, viza yoki sud ishingiz boʻyicha qaror inson ishtirokisiz bot tomonidan avtomatik ravishda chiqarilishi mumkin emas.

● Qonun loyihasining dastlabki variantida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni majburiy belgilash hamda qoidabuzarliklar uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan edi. Biroq ushbu ikkala band ham yakuniy tahrirdan oʻrin olmadi.

2026-yil mart oyida Adliya vazirligi qonuniylik, ma’lumotlarni himoya qilish va shaxs manfaatlari ustuvorligi tamoyillarini mustahkamlovchi alohida Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi qoidalarini ham roʻyxatdan oʻtkazdi.

Bu Oʻzbekistondagi oddiy foydalanuvchi uchun amalda nimani anglatadi

1. Rasman, siz ma’lumotlaringizdan qanday foydalanilishini bilish va ularni qayta ishlashga bergan roziligingizni chaqirib olish huquqiga egasiz — ammo bu huquq avtomatik ravishda emas, balki ma’lumotlar operatori orqali amalga oshiriladi.

2. Agar xorijiy sun’iy intellekt xizmati ma’lumotlaringizdan noqonuniy foydalansa, Oʻzbekiston qonunchiligida nazariy javobgarlik (jarima shaklida) allaqachon belgilab qoʻyilgan — ammo uning Oʻzbekistonda yuridik shaxsga ega boʻlmagan xalqaro kompaniyaga nisbatan amalda qoʻllanishi ochiq masala boʻlib qolmoqda. Milliy jarimalar, birinchi navbatda, mamlakat hududida faoliyat yurituvchi kompaniyalar va dasturchilarga nisbatan ishlaydi.

3. Oʻzbekistondagi birorta ham me’yoriy hujjat (dunyoning deyarli hech bir joyida boʻlmaganidek) sun’iy intellekt bilan yozishmalar «mijoz — advokat» yoki «bemor — shifokor» munosabatlari kabi himoyalanganiga kafolat bermaydi. Chat-bot bilan muloqotning huquqiy immuniteti yoʻq.

4. Ma’lumotlarni mahalliylashtirish talabi endilikda birinchi navbatda nozik toifalarga (biometriya, genetika) taalluqli — agar siz bot bilan bunday ma’lumotlarni muhokama qilsangiz (masalan, fotosuratli hujjat skanerini yoki genetik test natijalarini yuklasangiz), ularga oddiy matnli muloqotga qaraganda qat’iyroq qoidalar qoʻllanadi.

6. Amalda bundan nima kelib chiqadi

Yuqorida bayon etilgan huquqiy mantiq bir nechta oddiy amaliy qoidalarga asoslanadi:

● Sudda yoki regulyatorda hujjat boʻlishi mumkin boʻlgan narsalarni sun’iy intellekt bilan yozishma deb hisoblang. Agar ma’lum sharoitlarda uchinchi shaxs tomonidan oʻqilishiga tayyor boʻlmasangiz, uni chat-botga yozmang.

● "Chatni oʻchirish" - bu interfeysni boshqarish, ma’lumotlarni yoʻq qilish kafolati emas. Ayniqsa, GDPR kabi qat’iy tartibga solinmagan yurisdiksiyalarda.

● Agar imkoningiz boʻlsa, sun’iy intellektga qonun tomonidan oʻta nozik hisoblangan ma’lumotlarni - biometriya, sogʻliq haqidagi ma’lumotlar, pasport ma’lumotlarini - bermang. Bu nafaqat qulaylik masalasi, balki qonunchilik (jumladan, Oʻzbekiston qonunchiligi) yanada qat’iy talablar va qoidabuzarlik uchun jiddiyroq javobgarlikni belgilaydigan hududdir.

● Muayyan xizmat sozlamalarini oʻrganing. Koʻplab AI platformalarida modelni oʻrgatish uchun suhbatlaringizdan foydalanishni faolsizlantirish imkoniyati mavjud — bu sizda mavjud boʻlgan real nazorat mexanizmlariga eng yaqin imkoniyatdir.

● Tomonlar oʻrtasidagi nomutanosiblikni yodda tuting. Siz tugmani bir marta bosish orqali foydalanish shartlariga rozilik bildirasiz, ammo mavhum "xalqaro huquq" emas, balki aynan shu hujjat muayyan xizmatdagi haqiqiy huquqlaringizning 90% belgilaydi.

● Agar ota-ona boʻlsangiz, ikki barobar e’tiborli boʻling. DuckDuckGo tadqiqoti ota-onalar sun’iy intellekt bilan farzandi boʻlmagan foydalanuvchilarga qaraganda deyarli ikki baravar koʻproq ochiq ma’lumot boʻlishishini koʻrsatdi. Ehtimol, bunga chat inson oʻzidagi ruhiy zoʻriqishni chiqarib yuborishi mumkin boʻlgan xavfsiz makon sifatida qabul qilinishi sababdir. Aynan mana shu holatda maxfiylik hissi va real holat oʻrtasidagi tafovut ayniqsa katta boʻladi.

Huquq texnologiyani hozircha quvib yetmoqda: sun’iy intellekt bilan suhbatlar kimga tegishli degan savolga aniq javob beradigan yagona standart mavjud emas. Biroq, umumiy tendentsiya aniq - qonun chiqaruvchilar, jumladan, Oʻzbekistondagi qonun chiqaruvchilar, sun’iy intellekt bilan oʻzaro ta’sirni himoya talab qiladigan shaxsiy ma’lumotlar shakli sifatida tobora koʻproq tan olishmoqda, shu bilan birga davlat va sudlarga ushbu ma’lumotlarga kirish uchun yetarli asoslar qoldirmoqdalar. Hozircha shunday ekan, eng ishonchli himoya texnik yoki huquqiy emas, balki xulq-atvor bilan bogʻliq: sun’iy intellekt bilan suhbat shaxsiy kundalik emas, balki boshqalar tomonidan eshitilishi mumkin boʻlgan suhbat ekanligini yodda tutish kerak.

Uzbekistan Digital Rights Media Initiative (UDRMI) loyihasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining (YI) moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda