Farzandlar — ota-onalar uchun eng oliy qadriyatdir, raqamli texnologiyalar asrida esa bu tabiy ravishda ularning ilk qadamlari, maktabdagi gʻalabalari yoki quvnoq gap-soʻzlari kabi muvaffaqiyatlarini boshqalar bilan ulashish istagiga aylanadi. Koʻpchilik ota-onalar bunday lahzalarni faqat yaqinlar uchun ochilgan yopiq guruhlarda emas, balki istalgan odam koʻrishi mumkin boʻlgan ochiq tarmoqlarda e’lon qiladi.
Ushbu fenomen «sherenting» (sharenting — inglizcha share (ulashmoq) va parenting (ota-onalik) soʻzlaridan) nomini oldi va soʻnggi yillarda tobora jiddiy ilmiy hamda huquqiy tahlil obyektiga aylanib bormoqda. Bir-biridan mustaqil ravishda tadqiqot olib borgan uch nafar olim turli nuqtayi nazardan yondashib, yagona xulosaga kelishdi. Ularning dalillari birlashib, nima sababdan bolalar suratlarini tarmoqqa joylashtirish endilikda shunchaki oddiy va zararsiz odat boʻlmay qolganining yaxlit manzarasini koʻrsatib beradi.
Etik jihat: bola oʻz roziligini bermagan
Garvard universiteti tadqiqotchisi Liya Plankett oʻzining «Sharenthood: Why We Should Think Before We Talk About Our Kids Online» («Sherenthud: Bolalarimiz haqida internetda gapirishdan oldin nima uchun oʻylashimiz kerak?») nomli kitobida muammoni nihoyatda keskin tarzda oʻrtaga tashlaydi: bolaning suratini tarmoqqa joylashtirish orqali biz uni shaxsiy hayot daxlsizligi huquqidan mahrum qilamiz. Olimaning keltirgan dalili qandaydir aniq bir noqulay surat haqida emas, balki fundamental prinsip xususidadir: shaxsiy raqamli iz (raqamli tarix) qoldirish toʻgʻrisidagi qarorni faqatgina shu ish daxldor boʻlgan insonning oʻzi qabul qilishi kerak. Bola hali e’tiroz bildirish yoshiga yetmagan ekan, uning oʻrniga kimdir bu qarorni qabul qilishga haqli emas.
Huquqiy jihat: kimning huquqi ustunroq?
Huquqshunos Steysi Steynberg oʻzining «Sharenting: Children’s Privacy in the Age of Social Media» (Emory Law Journal, 2017) nomli maqolasida aynan shu muammoni sof huquqiy tekislikka olib oʻtadi va bu shunchaki mavhum axloqiy bahs emas, balki ikki qonuniy manfaat oʻrtasidagi real toʻqnashuv ekanini koʻrsatib beradi. Bular — bolaning shaxsiy hayot daxlsizligi hamda normal rivojlanish huquqi va ota-onaning oʻz fikrini erkin ifoda etish huquqidir. Steynbergning ushbu asari muammoning ochiq-oydin koʻrinadigan soxta soddaligiga chek qoʻyishi bilan muhim ahamiyatga ega: endilikda «bu mening farzandim, nima qilsam oʻzim bilaman» qabilida shunchaki gapirib boʻlmaydi — chunki bolaning ham oʻz huquqlari bor va bu huquqlar ota-onaning huquqlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ziddiyatga kirishadi.
Texnik jihat: gap maxfiylik sozlamalarida emas
Kiberhavfsizlik boʻyicha ekspert Bryus Shnayer oʻzining «Ma’lumotlar va Gofat» («Data and Goliath», 2015) nomli kitobida odatda e’tibordan chetda qoladigan muhim bir dalilni keltirib oʻtadi: maxfiylik sozlamalari — profilning ochiq yoki yopiqligi — aslida hech qanday ahamiyatga ega emas. Bu yerda eng muhim omil — suratning texnologik kompaniyalar serverlariga yuklanishining oʻzidir: ular ushbu tasvirlarni muddatsiz ravishda toʻplaydi, tahlil qiladi va saqlaydi. Shnayerning fikricha, ota-onalar shu tariqa farzandlarining biometrik ma’lumotlarini hamda ijtimoiy aloqalari haqidagi axborotlarni tijoriy kuzatuv tizimlariga mutlaqo bepul topshirib yubormoqdalar. Eng achinarli jihati, ular buni bola bu narsaga roziligi yoki noroziligini mustaqil hal qila oladigan yoshga yetmasidan oldin amalga oshirishmoqda.
Ushbu uchta pozitsiyani nima birlashtiradi?
Agar ushbu dalillarni bir joyga jamlasak, qarshimizda uchta bir-biridan uzilgan ogohlantirish emas, balki izchil mantiqiy zanjir namoyon boʻladi: Plankett fundamental huquq haqida gapiradi, Steynberg bu huquqning yuridik jihatdan muhimligini va ota-ona huquqlari bilan raqobatga kirishishini isbotlaydi, Shnayer esa ota-onaning maxfiylik sozlamalari haqida qanchalik qaygʻurganidan qat’i nazar, ushbu tanlovning oqibatlari texnik jihatdan ortga qaytarilmasligini koʻrsatib beradi. Boshqacha aytganda, muammo suratni qandaydir «notoʻgʻri odam» koʻrib qolishi mumkinligida emas — muammo shundaki, ushbu tasvir bola oʻzi yaratishni tanlamagan shaxsiy ma’lumotlar bazasining abadiy qismiga aylanib ulgurganidadir.
Bu amaliyotda nimani anglatadi?
Bu bolalarni umuman suratga olmaslik yoki ularning hayotidagi muhim lahzalarni muhrlashni taqiqlashga chaqiriq emas — gap ijtimoiy tarmoqlarga rasm joylashtirishga shunchaki kundalik odatiy harakat emas, balki boshqa bir insonning endigina shakllanayotgan shaxsiyatiga daxldor jiddiy qaror sifatida yondashish haqida bormoqda. Bolaning suratini ommaga ochiq tarmoqqa yuklashdan oldin, oʻzimizga quyidagi savolni berib, unga halol javob qaytarishimiz lozim: «Agar unda tanlash imkoniyati boʻlganida, u buni xohlagan boʻlarmidi?»
Biroq bolaning shaxsiy hayot daxlsizligi faqatgina uning ruxsatisiz tarmoqqa joylashtirilgan fotosuratlar masalasigina emas. Bolalar ulgʻayib, internetning faol foydalanuvchilariga aylanib borishgani sayin, aynan oʻsha masala — ularning raqamli hayotini kim va qanday asosda tasarruf etishi muammosi yana kun tartibiga chiqadi. Faqat bu safar teskari koʻrinishda: endi ota-ona dunyoga nimani koʻrsatishni emas, balki bolaning hayotida nimalarni koʻrishga haqli ekanini hal qila boshlaydi.
Ota-onalar farzandlarini internetda qanday nazorat qiladi — xavfsizlik va poyloqchilik oʻrtasidagi chegara qayerda?
Axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan ota-onalar va farzandlar oʻrtasidagi munosabatlar butunlay oʻzgardi. Agar oldinlari ota-onalar farzandining hovlida kim bilan oʻynayotganidan xavotir olgan boʻlsa, bugungi kunda bu xavotir raqamli olamga — oʻsmirlar vaqtining asosiy qismini oʻtkazadigan makonga koʻchdi. Internet muloqot, ta’lim va oʻzini namoyon qilish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi, biroq shu bilan birga yangi tahdidlar ham paydo boʻldi: kiberbulling, firibgarlik, zararli kontent, xavfli onlayn-hamjamiyatlar va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik. Aynan shuning uchun ham koʻplab ota-onalar barchasini oʻz nazorati ostida ushlab turishga harakat qiladi: yozishmalarni tekshiradi, telefondan foydalanish vaqtini cheklaydi, layk va obunalarni kuzatib boradi, ota-ona nazorati dasturlarini oʻrnatadi.
Ammo gʻamxoʻrlik tugab, mutlaq nazorat boshlangan nuqtada ishonch ham sekin-asta yemiriladi. Oʻsmir qoʻllab-quvvatlovni emas, balki bosim va doimiy kuzatuvni his qila boshlaydi. Unga endi xuddi oʻzidek boʻlishi va erkin muloqot qilishi mumkin boʻlgan shaxsiy makoni yoʻqdek tuyuladi. Oqibatda oilada tushunmovchilik, asabiylik va ziddiyatlar tez-tez yuzaga keladi. Ochiq-oydin suhbat oʻrnini yashirinlik va uzoqlashish egallaydi: bolalar yashirin akkauntlar ochadi, yozishmalarni oʻchirib tashlaydi, oʻzining asl his-tuygʻulari va qiziqishlarini sir tutadi.
Ushbu vaziyatdagi eng murakkab jihat — xavfsizlik va ishonch oʻrtasidagi muvozanatni topish. Axir har bir oʻsmir ota-onasi tomonidan nafaqat himoyani, balki uning shaxsiyati, fikri va shaxsiy chegaralariga boʻlgan hurmatni ham his qilishi oʻta muhimdir.
Ota-onalar farzandlarining yozishmalarini tekshirishga haqlimi?
Xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi Marjona ota-onasi uning onlayn muloqotlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini hali ham qattiq nazorat qilishi haqida soʻzlab berdi. Ular Telegram’dagi yozishmalarni muntazam tekshiradi, kimlar bilan gaplashayotganiga qiziqadi, shuningdek, qaysi postlarni koʻrayotgani va ularga layk bosayotganini kuzatib boradi. Ota-ona oʻz harakatlarini qizining xavfsizligi haqida qaygʻurish hamda uni internetning salbiy ta’siridan himoya qilish istagi bilan izohlaydi.
Biroq Marjonaning oʻzi buni shunchaki gʻamxoʻrlik emas, balki shaxsiy chegaralarining buzilishi deb qabul qiladi. Uning fikricha, inson voyaga yetganidan keyin, hatto ota-onasi u uchun xavotir olishni davom ettirgan taqdirda ham, oilada ishonchni his qilish va shaxsiy makonga ega boʻlish huquqi u uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Jurnalistika fakulteti talabasi Shahboz ham oʻtmishda ota-onasi uning telefoni va yozishmalarini muntazam tekshirib turganini soʻzlab berdi. Bunga sabab — ular oʻgʻlining suhbatdoshlariga ishonmagani va uning nimalar bilan mashgʻul ekanligidan xavotirda boʻlganidir. Uning soʻzlariga koʻra, ota-ona nazorati internetning oʻzi bilan emas, balki koʻproq atrof-muhit va boshqa odamlarning ta’siri bilan bogʻliq boʻlgan.
Ammo u universitetga oʻqishga kirganidan keyin vaziyat oʻzgardi. Ota-ona oʻgʻlining qarorlarni yanada anglagan holda qabul qilayotganini va oʻz hayotini mustaqil ravishda qurayotganini koʻrib, unga koʻproq ishona boshladi. Talabaning oʻzi oilada paydo boʻlgan aynan shu ishonch tufayli vaqt oʻtishi bilan nazorat susayganini ta’kidladi.
Shuningdek, u koʻplab ota-onalarni oʻsmirning uyga kech qaytishi yoki biror klubga borishi emas, balki uning qanday davrada ekani va atrofida kimlar borligi koʻproq qoʻrqitishini qoʻshimcha qildi. Talabaning fikricha, aynan farzand xavfsizligi uchun xavotir hissi koʻpincha ota-onalar tomonidan qattiq nazorat oʻrnatilishiga sabab boʻladi.
Koʻplab ota-onalar yozishmalarni tekshirishni bolani internetdagi xavf-xatarlar va salbiy muhitdan himoya qilish uchun zaruriy chora deb hisoblaydi. Biroq oʻsmirlar buni aksariyat hollarda shaxsiy chegaralarning buzilishi va ishonchga nisbatan xiyonat sifatida qabul qiladi.
Internetda ota-ona nazorati masalasi zamonaviy jamiyatda eng koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan mavzulardan biri boʻlib qolmoqda. Bir tomondan, ota-onalarni tushunish mumkin: raqamli muhit haqiqatan ham xavf-xatarlarga toʻla, oʻz farzandini himoya qilish istagi esa har bir oila uchun tabiiydir. Ikkinchi tomondan, yozishmalarning tinimsiz tekshirilishi va ijtimoiy tarmoqlardagi har bir qadamning nazorat qilinishi koʻp hollarda bolalar va ota-onalar oʻrtasida tushunmovchilik hamda hissiy uzoqlashishga sabab boʻlmoqda.
Mualliflar: Abdullayev Muslim, Shahobiddinova Arjumandbonu
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.