Dunyoning koʻplab fabrika va omborlarida xodimlar faoliyatini endilikda odamlar emas, balki algoritmlar kuzatmoqda. Sun’iy intellektli kameralar konveyerdagi harakat tezligini tahlil qiladi, dasturiy ta’minot esa operatsiyalar orasidagi har bir toʻxtalishni qayd etib boradi. Avtomatlashtirilgan tizimlar xodimlarning mehnat unumdorligi toʻgʻrisida hisobotlar tuzishi va hatto intizomiy choralar koʻrishni tashabbus qilishi ham mumkin. Dastlab ishlab chiqarishni optimallashtirish maqsadida yaratilgan texnologiyalar asta-sekin mehnat ustidan doimiy raqamli nazorat vositasiga aylanib bormoqda.

Boshqaruvning ushbu modeli algoritmik menejment (algorithmic management) deb nomlandi. Unda an’anaviy rahbarlarning koʻplab vazifalarini raqamli tizimlar bajaradi: ular topshiriqlarni taqsimlaydi, xodimlarning ish samaradorligini baholaydi va ish jarayoni toʻgʻrisida batafsil ma’lumotlar toʻplaydi.

Eng koʻp muhokama qilingan misollardan biri Xitoy korxonalarida ishchilarni kuzatish amaliyoti boʻldi. South China Morning Post surishtiruvi xodimlarning himoya dubulgʻalariga oʻrnatilgan sensorlar bilan oʻtkazilgan tajribalarni tasvirlaydi. Ushbu qurilmalar ishchilarning miya faoliyati va hissiy holati koʻrsatkichlarini qayd etib, menejerlarga ishlab chiqarishdagi charchoq va stress darajasini kuzatish imkonini berdi.

Biometrik sensorlardan tashqari, koʻplab Xitoy fabrikalarida kompyuter koʻrish tizimlari ham qoʻllaniladi. Sun’iy intellekt algoritmlari bilan jihozlangan kameralar konveyerdagi xodimlarning harakatlarini tahlil qiladi va operatsiyalarni bajarish tezligini baholaydi. MIT Technology Review ma’lumotlariga koʻra, bunday texnologiyalar kompaniyalarga real vaqt rejimida xodimlar samaradorligini kuzatish va belgilangan me’yorlardan chetga chiqishlarni tezda aniqlash imkonini beradi.

Raqamli nazorat tizimlaridan Gʻarb kompaniyalarida ham faol foydalanilmoqda. Bunga Amazon logistika markazlari eng yorqin misollardan biri boʻla oladi. Bu yerda algoritmlar buyurtmalarga ishlov berish tezligini tahlil qiladi hamda xodim bevosita ish bilan band boʻlmagan vaqtni, ya’ni “Time Off Task” (TOT) deb ataluvchi davrlarni qayd etib boradi. Bu koʻrsatkichlar xodimlarning ish samaradorligini baholashga bevosita ta’sir qiladi.

Ba’zi hollarda algoritmlarning roli yanada muhimroq boʻladi. The Verge surishtiruviga koʻra, agar xodimning mehnat samaradorligi koʻrsatkichlari uzoq vaqt davomida belgilangan me’yorlardan past boʻlib qolsa, Amazon’ning avtomatlashtirilgan tizimlari mehnat shartnomasini bekor qilish haqida xabarnoma shakllantirishi mumkin.

Biznes nuqtayi nazaridan bunday texnologiyalar aniq afzalliklarga ega. Ma’lumotlarni tahlil qilish kompaniyalarga ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, logistika tizimidagi kamchiliklarni tezroq aniqlash va ish yuklamasini samaraliroq taqsimlashga yordam beradi. Global raqobat sharoitida bunday vositalar unumdorlikni oshirishning muhim qismiga aylanmoqda.

Biroq samaradorlik oshishi bilan birga yana bir muammo — xodimlar ustidan raqamli kuzatuv koʻlami ham kengaymoqda.

Ada Lovelace Institute tadqiqotiga koʻra, algoritmlar tobora koʻproq menejer vazifalarini bajarmoqda: ular vazifalarni taqsimlaydi, samaradorlikni tahlil qiladi va xodimlarni boshqarish boʻyicha tavsiyalarni shakllantiradi. Shu bilan birga, xodimlarning oʻzlari koʻpincha tizim tomonidan aynan qaysi parametrlar baholanishini va ularning samaradorlik koʻrsatkichlari qanday hisoblanishini tushunmaydilar.

Inson huquqlari tashkilotlari bunday tizimlar ish beruvchilar va xodimlar oʻrtasidagi hokimiyat nomutanosibligini kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Human Rights Watch hisobotida ta’kidlanishicha, raqamli monitoring texnologiyalari koʻpincha kam haq toʻlanadigan ishchilarga nisbatan qoʻllaniladi - masalan, fabrikalar, omborlar yoki yetkazib berish sohasida. Bu esa doimiy texnologik kuzatuv va ishchilarga yuqori bosim oʻtkazish holatiga olib kelishi mumkin.

Yevropada ish joylarida raqamli nazorat yuzasidan olib borilayotgan bahs-munozaralar allaqachon qonuniy yechimlarga olib keldi. Fransiyaning Ma’lumotlarni himoya qilish boʻyicha regulyatori (CNIL) Amazon kompaniyasini ombor xodimlarini haddan tashqari qattiq nazorat qilgani uchun 32 million yevro miqdorida jarimaga tortdi. Regulyatorning xulosasiga koʻra, nazorat tizimining ayrim unsurlari mutanosiblik hamda xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish tamoyillariga zid boʻlgan.

Yevropadagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ham raqamli mehnat monitoringi insonning asosiy huquqlariga, jumladan, shaxsiy daxlsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish huquqlariga ta’sir koʻrsatishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Huquqiy nuqtai nazardan, asosiy masala biznes manfaatlari va xodimlar huquqlari oʻrtasidagi muvozanatni qanday ta’minlashdan iborat. Kompaniyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun ma’lumotlardan foydalanishdan manfaatdor. Biroq, haddan tashqari raqamli nazorat shaxsiy daxlsizlikning buzilishiga va algoritmlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning noshaffofligiga olib kelishi mumkin.

Huquqshunoslar va tadqiqotchilar bunday texnologiyalarni tartibga solishga asos boʻlishi mumkin boʻlgan bir nechta tamoyilni taklif qilmoqda.

Birinchidan, algoritmlar shaffofligi: xodimlar oʻz ish faoliyatini baholashda qanday ma’lumotlar yigʻilayotganini va ulardan qanday foydalanilishini tushunishlari lozim.

Ikkinchidan, monitoring mutanosibligi: ma’lumotlar yigʻish faqat mehnatni tashkil etish uchun zarur koʻrsatkichlar bilangina cheklanishi kerak.

Uchinchidan, insoniy qaror huquqi: intizomiy chora qoʻllash yoki ishdan boʻshatish kabi muhim kadrlar masalalari toʻlaligicha algoritmlar ixtiyoriga topshirilmasligi kerak.

Sun’iy intellektning rivojlanishi davom etgani sari mehnat jarayonini boshqarishda algoritmlarning ahamiyati tobora ortib boradi. Shu bois monitoring texnologiyalari haqidagi bahslar endi faqat texnik masala bilan cheklanmaydi. Bu mavzu raqamli huquqlar — xususan, shaxsiy hayot daxlsizligi, algoritmlarning ochiqligi va raqamli iqtisodiyotda adolatli mehnat sharoitlari kabi masalalarni qamrab olgan kengroq munozaraning bir boʻlagiga aylanmoqda.

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.