Messenjerlarda muloqot qilganimizda, izoh qoldirganimizda yoki onlayn xizmatlardan foydalanganimizda, biz taxallus ortiga yashirinishimiz yoki VPN yordamida yashirinishimiz mumkindek tuyuladi. Internetda koʻrinmaslik illyuziyasi juda jonli boʻlib qolmoqda, ammo haqiqat ancha qat’iy: zamonaviy texnologiyalar va qonunlar shunday tuzilganki, toʻliq anonimlik deyarli imkonsiz. Biz internetda nimaiki qilmaylik, barchasi ma’lum bir shaxs bilan bogʻliq boʻlishi mumkin - masala faqat bu ma’lumotlarga kim va qachon kirish imkoniyatiga ega boʻlishida.

Anonimlik har doim soʻz erkinligini himoya qiluvchi vosita boʻlgan. Bir paytlar yozuvchilar taxallus ostida matnlarni nashr etishgan, jurnalistlar manbalar bilan yashirincha muloqot qilishgan va maxfiylik huquqi konstitutsiyalarda mustahkamlangan. Ammo XXI asrda bu himoya darz ketmoqda. Internet - har bir qadam koʻrinadigan, har bir harf abadiy saqlanadigan maydonga aylandi. Biz koʻpincha oʻzimizga savol beramiz: bugungi kunda anonimlik huquqi mavjudmi yoki bu allaqachon afsonaga aylanganmi?

Zamonaviy texnologiyalar odatiy maxfiylik chegaralarini yoʻq qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar telefon raqami va ba’zan hatto pasport orqali tasdiqlashni talab qiladi. Brauzerlar va qidiruv tizimlari IP-manzildan tortib qidiruv tarixi va geolokatsiyagacha boʻlgan metama’lumotlarni toʻplaydi. Videokuzatuv kameralari tobora koʻproq yuzni aniqlash tizimi bilan jihozlanmoqda: masalan, Londonda faqat 2024-yilning oʻzida politsiya live facial recognition texnologiyasi yordamida mingdan ortiq hibsga olishlarni amalga oshirdi (Sky News). Hatto uzoq vaqt davomida anonimlik ramzi hisoblangan kriptovalyutalar ham bugun blokcheyn vositalari orqali tahlil qilinmoqda. Shu bilan birga, tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, VPN yoki Tor’dan foydalanish ham toʻliq koʻrinmaslikni kafolatlamaydi: 2010-yilda Electronic Frontier Foundation “raqamli brauzer izlari" deb ataluvchi noyob xususiyatni isbotlab bergan edi. Bu xususiyat qurilma parametrlari toʻplami orqali foydalanuvchini kuzatish imkoniyatini beradi. Keyinchalik EFF’ning "Behind the One-Way Mirror" hisobotida himoyalangan tarmoqlar va anonimayzerlar ham zaifliklarni bartaraf eta olmasligi koʻrsatildi. Zamonaviy akademik sharhlar browser fingerprinting (brauzer barmoq izlari) faol rivojlanayotganini va raqamli maxfiylikka jiddiy tahdid boʻlib qolayotganini tasdiqlaydi.

Qonunlar faqat nazoratga moyillikni kuchaytiradi. Yevropa Ittifoqida GDPR mavjud boʻlib, u shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiladi va fuqarolarga ma’lumotlarni unutish huquqini beradi. Ammo bu faqat nazariyada: internetdan oʻzingiz haqidagi barcha izlarni oʻchirib tashlashga urinib koʻring, bu imkonsiz ekanini tezda anglaysiz. Xitoyda barcha akkauntlarni pasport orqali roʻyxatdan oʻtkazish majburiy. AQShda soʻz erkinligi Konstitutsiya bilan himoyalangan, biroq maxsus xizmatlar provayderlardan ma’lumotlarni qonuniy ravishda olish huquqiga ega. Oʻzbekistonda "Shaxsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisida"gi qonun mavjud boʻlib, u fuqarolarning ma’lumotlarini mamlakat ichida saqlashni majburiy qiladi. Bu esa nazoratni kuchaytiradi, ammo foydalanuvchiga haqiqiy maxfiylikni boshqarish vositalarini bermaydi.

Anonimlikni himoya qilish kerakmi? Tarafdorlar “ha”, deydi. Chunki anonimliksiz jurnalistlar, blogerlar, huquq himoyachilari erkin ishlay olmaydi. Qarshilari esa “yoʻq” deb hisoblaydi: anonimlik — kiberjinoyatchilar, firibgarlar va feyk mualliflari uchun niqobdir. Murosaga kelish mumkinmi? Mutaxassislarning fikricha, toʻliq anonimlik huquqi oʻrniga nazorat qilinadigan maxfiylik haqida gapirish kerak. Inson oʻzi haqida qanday ma’lumotlar toʻplanishini bilishi, ulardan foydalanishni cheklash va ma’lumotlarni oʻchirishni talab qilish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.

Savol kengroq: davlat nazorati qoʻrqinchlimi yoki bizni oʻzimizdan yaxshiroq biladigan algoritmlar kuchimi? Kameralar har bir qadamingizni kuzatishi mumkin, ammo bundan ham sezilmas darajada bizni ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari va marketing platformalari algoritmlari oʻrganadi. Ular bizning xatti-harakatlarimizni bashorat qiladi, qarorlarga ta’sir qiladi, "axborot pufagi"ni shakllantiradi. Demak, biz yashayotgan dunyoda koʻpincha yashirmoqchi boʻlganimizdan koʻra koʻproq narsani ixtiyoriy ravishda oʻzimiz ochib beramiz.

Oʻzbekistonda bu mavzu hali jamoatchilik muhokamasining markazida emas. Ammo elektron davlat xizmatlarining rivojlanishi, kameralar sonining koʻpayishi va kundalik hayotning raqamlashtirilishi uni tobora dolzarb qilmoqda. Bizning ma’lumotlarimizga kimlar ega? Kompaniyalar ularni biznes uchun qanday ishlatmoqda? Fuqaro shaxsiy ma’lumotlarini oʻchirib tashlashni talab qila oladimi? Bu masalalar nafaqat raqamli muhitga boʻlgan ishonch darajasini, balki odamlar, ayniqsa, jurnalistlar va faollar xavfsizligini ham belgilaydi.

2025-yil sentyabr oyida Qonunchilik palatasida fuqarolarning fotosuratga yoki videotasvirga olish va tasvirdan foydalanishdan oldin majburiy roziligini olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilingan edi. Bolalar uchun alohida qoidalar, kamerali tashkilotlar uchun esa ogohlantiruvchi belgilar qoʻyish majburiyati koʻzda tutilgan. Bu tashabbus shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini himoya qilishga intilishdan dalolat beradi, biroq mutaxassislar ta’kidlashicha: bunday choralar ehtiyotkorlik bilan muvozanatlashtirilishi kerak, aks holda soʻz erkinligi va jurnalistlar faoliyati cheklanishi mumkin.

Bugungi kunda anonimlik endi mutlaq emas, balki murosadir. Tarmoqdan butunlay gʻoyib boʻlishning iloji yoʻq, lekin raqamli izingizni boshqarishni oʻrganishingiz mumkin. Axir, gap biz butunlay koʻrinmas boʻla olishimiz yoki olmasligimiz haqida emas, balki raqamli shaxsiyatimizni kim boshqarishida: biz oʻzimizmi yoki algoritmlarmi? Va aynan shu savolga beriladigan javob raqamli huquqlar kelajagini belgilaydi.



Shaxsiy ma’lumotlaringizni qanday himoya qilish mumkin: har bir kishi uchun mini-cheklist

  • Xizmatlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun "bir martalik" elektron pochta va telefon raqamlarini yarating. Bu ma’lumotlar sizib chiqishi va spam xavfini kamaytiradi, shuningdek, xizmat bloklanganda asosiy kontaktlaringiz xavfsizligini ta’minlaydi.

  • Internetda siz haqingizda qanday ma’lumotlar borligini tekshiring. Masalan, Have Been Pwned kabi xizmatlar va mahalliy tashabbuslar mavjud boʻlib, ular elektron pochta yoki telefon raqamingiz sizdirilgan ma’lumotlar bazasiga tushgan-tushmaganligini koʻrsatadi.

  • Turli vazifalar uchun turli brauzerlardan foydalaning. Biri - faqat ish uchun, ikkinchisi - shaxsiy ishlar uchun, uchinchisi - anonim qidiruvlar uchun. Bu "profillarni ajratishga" yordam beradi va toʻliq portret tuzishni murakkablashtiradi.

  • Telefondagi ilovalarning ruxsatlarini muntazam tekshirib turing. Koʻplab dasturlar haqiqiy zarurat boʻlmasa-da, geoma’lumotlarni toʻplashni yoki mikrofonni tinglashni davom ettirmoqda.

  • "Xususiy DNS" funksiyalari yoki treker bloklagichlardan foydalaning. Bu saytlar va ilovalarning fon rejimida ulashadigan yashirin soʻrovlardan himoyalaydi.

  • "Raqamli vasiyatnoma rejasi"ni yarating. Agar hisob va fayllaringizni boshqara olmasangiz, ularga nima boʻlishini oldindan belgilang. Bu raqamli huquqlarning yangi, ammo muhim jihatlaridan biridir.

Diskleymer

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (EI)ning moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.