Insoniyat Ikkinchi jahon urushidan soʻng asosiy huquq va erkinliklarni mustahkamlayotganda, u oflayn dunyo haqiqatlaridan kelib chiqqan edi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948) va Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt (1966) soʻz erkinligi, shaxsiy hayot sirini saqlash, axborot olish va davlatning oʻzboshimchalik bilan aralashuvidan himoyalanish huquqini mustahkamladi. Oʻsha paytda bu huquqlar juda aniq talqin qilinar edi: soʻz erkinligi – bu matbuot va mitinglar, maxfiylik - uy-joy va yozishmalarni himoya qilish, axborotga kirish esa - gazeta va kitob oʻqish yoki radio tinglash imkoniyatini anglatardi.

Biroq raqamli inqilob nafaqat texnologiyalarni, balki inson huquqlarining mazmunini ham oʻzgartirdi. Internet fikr bildirish, ijtimoiy aloqalar va iqtisodiy faollik uchun asosiy platformaga aylandi. Ilgari maxfiylik eshik qulfi yoki xat solingan konvert bilan ta’minlanardi, endi esa u katta hajmdagi shaxsiy ma’lumotlarning qanday saqlanishi va ishlatilishiga bogʻliq boʻlib qoldi. Agar soʻz erkinligi avvallari gazeta ustunini nazarda tutgan boʻlsa, endi u ijtimoiy tarmoqdagi postga aylandi. Biroq, bunday post algoritm tomonidan oʻchirilishi yoki "shaffof boʻlmagan qoidalar" bilan cheklanishi mumkin.

Aynan shuning uchun raqamli muhit yangi huquqlar va yangi umidlarni keltirib chiqardi. 1981-yilda Yevropa Kengashi raqamli sohani tartibga soluvchi birinchi xalqaro shartnoma - "Shaxsga doir ma’lumotlarga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berishda shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisida"gi 108-sonli Konvensiyani qabul qildi. Keyinchalik bunga "raqamli unutilish" huquqi (Yevropa Ittifoqi), internetga kirish huquqi (bir qator mamlakatlarda ijtimoiy huquq qismi sifatida tan olingan) va bolalarni onlayn himoya qilishga oid maxsus normalar (masalan, AQShdagi COPPA qonuni, 1998) qoʻshildi. XXI asrda "inson huquqlari" masalasi majlislar va gazetalar kontekstida emas, balki algoritmlar, ma’lumotlar bazalari va ijtimoiy tarmoqlar kontekstida tobora koʻproq yangramoqda.

Raqamli texnologiyalar bosimning yangi shakllarini ham yaratdi. Davlatlar kuzatuvni kengaytirishni terrorizm va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bilan oqlamoqda. Kiberjinoyatchilik toʻgʻrisidagi Budapesht konvensiyasi (2001) ilk bor raqamli muhitda tergov uchun xalqaro standartlarni belgiladi, biroq aslida axborotga kengroq kirish imkonini qonuniylashtirdi. AQShda 2018-yildagi CLOUD Act qonuni huquqni muhofaza qilish organlariga hatto mamlakat tashqarisidagi provayderlardanham ma’lumotlarni soʻrash huquqini beradi. Osiyo va Lotin Amerikasida ham davlatlar nazorat tizimini yoʻlga qoʻymoqda: Hindiston Raqamli shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi Digital Personal Data Protection Act qonunni (2023), Braziliya esa ma’lumotlarni qayta ishlashni tartibga soluvchi LGPD qonunini (2018) qabul qildi.

Korporatsiyalar, oʻz navbatida, davlat arxivlariga tenglashadigan hajmdagi ma’lumotlar toʻplamlarini yigʻib oldilar. Kanadaning PIPEDA (2000) va Janubiy Koreyaning PIPA (2011, 2020-yilda yangilangan) qonunlari biznesning ma’lumotlardan tijorat maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri cheklaydi. Ammo shunda ham foydalanuvchilar "axborot pufaklari"ga tushib qoladilar, bu yerda algoritmlar nimani koʻrishimiz va nimani koʻrmasligimizni hal qiladi. Soʻz erkinligi boshqacha qabul qilinadi, chunki auditoriyaga kirish platformalar tomonidan nazorat qilinadi.

Oʻzbekistonda raqamli huquqlar endigina shakllanmoqda. Konstitutsiya (2023) shaxsiy hayot daxlsizligini mustahkamladi, "Shaxsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisida"gi Qonun (2019) axborotni qayta ishlashning asosiy qoidalarini belgilab berdi. Ammo bu hujjatlar raqamlashtirishning dastlabki qadamlari davri uchun ishlab chiqilgan va hozircha XXI asr savollariga javob bermaydi: algoritmlarni qanday tartibga solish, axborotni oʻchirish huquqini qanday ta’minlash, fuqarolarni onlayn kamsitilishdan qanday himoya qilish kerak.

Mutaxassislar fikricha, raqamli huquqlarning kelajagi yangi kafolatlarni mustahkamlash bilan bogʻliq. Algoritmlarning shaffoflik huquqi allaqachon muhokama qilinmoqda - har bir kishi u yoki bu kontent yoki reklama nima uchun aynan unga koʻrsatilayotganini bilishi kerak. "Raqamli tushuntirish" huquqini - avtomatik tizim nima uchun xizmatni rad etganini bilish imkoniyatini joriy etish taklif qilinmoqda. Algoritmik kamsitishdan himoyalanish masalasi tobora koʻproq koʻtarilmoqda: sun’iy intellekt jins, yosh, din boʻyicha tarafkashlikni takrorlamasligi kerak. Va nihoyat, "raqamli avtonomiya" gʻoyasi - insonning oʻz ma’lumotlari, raqamli profili va onlayn obroʻsi ustidan toʻliq nazorati tobora kuchayib bormoqda.

Shunday qilib, inson huquqlari evolyutsiyasi shuni koʻrsatadiki, raqamlashtirish erkinliklarni yoʻq qilmaydi, balki ularning mazmunini oʻzgartiradi. Agar XX asrda kurash matbuot va yigʻilishlar erkinligi uchun olib borilgan boʻlsa, XXI asrda asosiy muammo ma’lumotlarni himoya qilish va algoritmlarning shaffofligini ta’minlashdir. Bugun raqamli erkinlik kuchli bosim ostida — davlatlar va korporatsiyalar ma’lumotlar hamda muloqotni tobora koʻproq nazorat qilishga urinmoqda. Biroq kelajak qonunlarning oʻzgarayotgan raqamli haqiqatga moslasha olishiga bogʻliq. Agar davlatlar, biznes va fuqarolik jamiyati xavfsizlik va huquqlar oʻrtasidagi muvozanatni topa olsa, raqamli davr erkinliklarning yoʻqolishi emas, balki kengayishi davri boʻladi.

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.