Kafe yoki dorixonada naqd pulni qabul qilishdan boshtortilganda, bu taraqqiyot sari tashlangan tabiiy qadam boʻlibtuyuladi. Naqd pulsiz toʻlov haqiqatan ham hayotniqulaylashtiradi - bir qarashda tezroq, shaffofroq vaxavfsizroqdek koʻrinadi. Biroq raqamlashtirish qanchalikchuqurlashib borsa, yaqin-yaqingacha hech kim oʻylamagansavollar shunchalik koʻpayib bormoqda: agar tizim ishdanchiqsa, toʻlov ma’lumotlari tarqalib ketsa yoki pulmablagʻlarimizga kirish imkoniyati qoʻlimizdan ketsa, nimaboʻladi?

Muammo endi ahamiyatsiz masala boʻlmay qoldi — uni butun dunyo boʻylab iqtisodchilar, huquqshunoslar va tartibga soluvchi organlar muhokama qilmoqda. Germaniya va Avstriyada naqd pul bilan toʻlash huquqini hatto Konstitutsiyada mustahkamlash imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner ta’kidlaganidek: "Naqd pul bilan toʻlash erkinligi bizning shaxsiyatimizning bir qismidir. Davlat fuqaroga oʻz pulini qanday sarflashni buyurishga haqli emas" (Die Welt, 2023). Raqamli texnologiyalar kundalik hayotga singib ketgan Yaponiyada naqd pul "xavfsizlik buferi" - kiberhujumlar, uzilishlar yoki texnik inqirozlar holatida himoya vositasi sifatida qaralmoqda (Sankei Shimbun, 2024). Bu munozaralar taraqqiyotdan qoʻrquvni emas, balki inson mustaqilligisiz moliyaviy barqarorlikni ta’minlab boʻlmasligi haqidagi tushunchaning tobora ortib borayotganini aks ettiradi.

Onlayn toʻlovlar qulaylik va zamonaviylik ramziga aylandi. Oʻzbekistonda QR-kodlar, Click, Payme va Humo odatiy holga aylandi. Markaziy bank ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilda milliy toʻlov tizimlari orqali 700 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ oʻtgan, bu oʻtgan yilga nisbatan 40 % koʻpdir. Bu oʻsish jamiyatning texnologiyalarga ishonishini koʻrsatadi. Ammo ishonch bilan birga qaramlik ham ortib boradi. Har bir oʻtkazma, xarid yoki taksi buyurtmasi raqamli iz qoldiradi - kim, qayerda, nima uchun va qachon toʻlagan. Bu ma’lumotlar shunchaki statistika emas, balki raqamli asrning yangi valyutasiga aylanmoqda. Ular tijorat profayling, xulq-atvorni tahlil qilish uchun ishlatiladi va ba’zi mamlakatlarda, masalan, Xitoyda - fuqarolarning moliyaviy va raqamli ma’lumotlari xizmatlardan foydalanish va ijtimoiy imkoniyatlarga ta’sir koʻrsatadigan ijtimoiy reyting tizimlarida qoʻllaniladi. Garvard universiteti professori, "Kuzatuvchi kapitalizm davri" kitobi muallifi Shoshan Zuboff ogohlantirganidek: "Bizning hayotimiz haqidagi ma’lumotlar tovarga aylanganda, inson subyekt boʻlishdan toʻxtaydi - u xomashyoga aylanadi." Shuning uchun ham bugun taraqqiyot tarafdorlari ham qulaylik taraqqiyotning yagona mezoni boʻla olmasligini e’tirof etmoqda. Har bir toʻlov kuzatuv elementiga aylanganda, shaxsiy avtonomiya chegaralari yoʻqola boshlaydi.

Raqamli asrning paradoksi shundaki, hayotni osonlashtiradigan har qanday narsa uni yanada zaifroq qiladi. "Qulaylik - xavfsizlikning asosiy dushmani," - deya eslatadi kiberxavfsizlik boʻyicha ekspert Bryus Shnayer. Toʻlov qilish qanchalik oson boʻlsa, tizim uchun bizning harakatlarimizni kuzatish shunchalik osonlashadi. Biznes uchun bu marketing vositasi, davlat uchun - nazorat, fuqaro uchun esa - maxfiylikni yoʻqotish demakdir.

Fuqarolarning barchasi ham raqamli muhitga birdek jalb etilmagan. Qariyalar, qishloq aholisi, smartfoni yoki barqaror interneti boʻlmagan odamlar raqamli iqtisodiyotning chetida qolmoqda. Ular uchun majburiy onlayn toʻlov erkinlik emas, toʻsiq boʻlib qolmoqda. BMT oʻzining Digital Rights Report (2023) hisobotida shunday ta’kidlaydi: "Raqamlashtirish raqamli majburlashga aylanmasligi kerak. Xizmatlardan oflayn foydalanish huquqi inson huquqlarining bir qismidir." Ilovasiz hisobni toʻlay olmaslik yoki smartfonsiz chipta sotib ololmaslik- bu endi innovatsiya emas, balki istisno shakli. Shunday qilib, raqamli savodxonlik ijtimoiy tengsizlikning yangi chegarasiga, puldan foydalanishdagi tengsizlik esa kamsitishning yangi shakliga aylanadi.

Raqamli tahdidlar koʻlami tobora ortib bormoqda. Interpol ma’lumotlariga koʻra (2024), toʻlov ilovalari orqali kiberfiribgarlik internetdagi jinoyatlarning eng keng tarqalgan turiga aylandi. Oʻzbekistonda ham raqamli tahdidlar koʻlami ortib bormoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilda davlat va tijorat resurslariga qarshi 12 milliondan ortiq kiberhujum urinishlari qayd etilgan. Shuningdek, onlayn firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar soni 34 % oshgani kuzatilgan.

Hodisalarning aksariyati fishing va toʻlov ilovalari orqali mablagʻlarni oʻgʻirlash bilan bogʻliq. Banklar va fintex platformalari yangi himoya mexanizmlarini faol joriy etayotgan boʻlsa-da, hech qanday texnologiya mutlaq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi. Ilgari choʻntak oʻgʻrilaridan qoʻrqsak, endi soxta sahifalar va firibgarlik havolalaridan qoʻrqamiz. Raqamli makonda pulni yoʻqotish nafaqat moddiy muammoga, balki raqamli taraqqiyot gʻoyasiga boʻlgan ishonchga ham zarba boʻladi.

Dunyo endi qogʻoz pullar davriga qayta olmaydi, ammo moliyaviy xavfsizlik va ixtiyoriylik tamoyillarini saqlab qolishi mumkin. Raqamli transformatsiya - bu shunchaki texnologik jarayon emas, balki ijtimoiy tuzilmaning oʻzgarishidir. Pul ustidan nazorat tobora koʻproq platformalar va nazoratchilar qoʻlida toʻplanmoqda va muvozanatni saqlash uchun davlat operator emas, balki kafolatchi - insonning avtonomiya va xavfsizlik huquqini himoya qiluvchi boʻlishi kerak. Yevropa Kengashi "Raqamli transformatsiya va inson huquqlari boʻyicha koʻrsatmalar" (Guidelines on Digital Transformation and Human Rights) (Council of Europe, 2022) hujjatida "Raqamli iqtisodiyot fuqarolarni kuzatuv obyektiga aylantirmasdan, ularning manfaatlari yoʻlida rivojlanishi kerak," deb ta’kidlaydi.

Har bir raqamli toʻlov ma’lumotlar uzatilishi bilan kechadi - ism, karta, joylashuv, xaridlar. Shu bois toʻlov ma’lumotlarini qayta ishlashni tartibga solish muhim vazifaga aylanmoqda. Yevropada buni GDPR (eur-lex.europa.eu, 2016/679), Oʻzbekistonda esa "Shaxsga doir ma’lumotlar toʻgʻrisida"gi qonun ta’minlaydi. Biroq u hozircha xulq-atvor ma’lumotlariga asoslangan skoring yoki kredit reytinglari kabi avtomatlashtirilgan yechimlar xavfini toʻliq qamrab olmaydi.

Banklar va fintek platformalarining ma’lumotlar sizib chiqishi haqida xabar berish majburiyatini mustahkamlash, foydalanuvchilarga oʻz ma’lumotlarini nazorat qilish va oʻchirish huquqini berish, shuningdek, ulardan belgilangan maqsadlardan tashqari foydalanganlik uchun javobgarlikni oʻrnatish lozim.

Hatto raqamlashtirish eng rivojlangan davlatlar ham naqd pul ishonch infratuzilmasi ekanligini anglay boshladi. Germaniyada naqd pul bilan toʻlash huquqini asosiy erkinlik sifatida mustahkamlovchi Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish masalasi koʻrib chiqilmoqda (Bundestag DE, 2024-yil). Yaponiya va Janubiy Koreya Markaziy banklari esa tijorat banklariga minimal naqd pul zaxiralarini saqlashni majburiy qildi. Bu choralar fuqarolar kiberhujumlar yoki tizim uzilishlari paytida "oflayn pul"lardan foydalana olishlari uchun qabul qilingan (Yaponiya Banki, 2024; Koreya Banki, 2024).

Shu kabi yondashuv Oʻzbekiston uchun ham foydali boʻlishi mumkin — qonunchilikda ikki tomonlama kirish tamoyilini mustahkamlash: onlayn toʻlovlarni qabul qiluvchi har bir subyekt naqd pul orqali toʻlovni amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashga majbur boʻlishi lozim.

Ammo bu algoritmlar noaniqligicha qolmoqda: odamlar kreditni ma’qullash yoki toʻlovni bloklash haqida qaror qabul qilishda tizim qanday ma’lumotlar va parametrlardan foydalanishini bilmaydi. Diskriminatsiyaning oldini olish uchun sun’iy intellekt qarorlarining tushuntirilishi tamoyilini va inson tomonidan qayta koʻrib chiqish huquqini mustahkamlash lozim — bu GDPRning 22-moddasiga oʻxshash yondashuvdir.

Agar inson oʻzini qanday himoya qilishni bilmasa, eng mukammal qonun ham yordam bermaydi. Shuning uchun raqamli xavfsizlik har bir foydalanuvchi uchun ajralmas zaruratga aylanmoqda. Yevropada keksalarni havolalar va QR-kodlarni tekshirishga oʻrgatadigan "Digital Inclusion for Seniors" (European Commission, 2023) dasturlari mavjud. Oʻzbekistonda foydalanuvchilarning raqamli xavfsizligi masalalarini tegishli tuzilmalar, jumladan Banklar uyushmasi va Kiberxavfsizlik markazi bilan hamkorlikda, ta’lim va ma’rifiy tashabbuslar orqali rivojlantirish mantiqan toʻgʻri boʻladi.

Raqamlashtirish — erkinlikning dushmani emas, agar inson “yoʻq” deyish imkoniyatini saqlab qolsa. Onlayn toʻlov qilmaslik huquqi texnologiyalarga qarshi norozilik emas, balki taraqqiyot insonni boshqarmasligi, aksincha unga xizmat qilishi kerakligini eslatishdir. Innovatsiyalar va mustaqillik, tezlik va xavfsizlik oʻrtasidagi muvozanatni oʻrnata olgan davlat nafaqat zamonaviy toʻlov tizimini, shuningdek, yangi ishonch madaniyatini ham yaratadi - bunda texnologiya va erkinlik bir-birining hisobidan emas, balki yonma-yon yuradi.

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.