Nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan zoʻravonlik — inson huquqlarining eng koʻzga koʻrinmaydigan buzilishlaridan biri. Bunga sabab holatlar kamligi emas, balki jamiyat ovozi past eshitiladigan insonlarni koʻrmaslikka va eshitmaslikka oʻrganib qolganidadir.
“Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” doirasida biz nogironligi boʻlgan shaxslarning xavfsizligi yoʻlida qanday toʻsiqlar mavjudligi va ularning huquqiy hamda ijtimoiy himoyasi istisno emas, balki ustuvor masala boʻlishi uchun nimalar qilish zarurligini muhokama qilamiz.
1. Dana, siz koʻp yillardan beri ijtimoiy mavzular, jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari haqida yozib kelasiz. Sizning kuzatuvingizcha, bunday shaxslarga nisbatan zoʻravonlik mavzusi jamoatchilik maydonida qanchalik koʻrinadi?
Bu mavzu juda sust yoritiladi. Ba’zi holatlar OAVga chiqadi, xolos. Nogironligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan zoʻravonlik holatlarida boʻlgani kabi, bu yerda ham voqealar odatda jamoatchilikning kuchli reaksiyasidan keyin e’tiborga olinadi. Masalan, shu yil sentabr oyida Surxondaryoda bir ayolning xonada emas, balki xonadonning xayvonlar uchun moʻljallangan joyida saqlangani va tarvuz poʻstlogʻini yeyishga majbur boʻlgani haqida ma’lum boʻldi. Besh yil oldin Namanganda xuddi shunday voqea sodir boʻlgan — oʻsha paytda nogironligi boʻlgan ayolni qorovxonaga qamab qoʻyishgan. Koʻpincha nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan zoʻravonlik yopiq eshiklar ortida sodir boʻladi. Afsuski, bunday shaxslar hanuzgacha “yashiriladi”, buning sababi esa ularni jamiyatdan ajratadigan stigma va nogironlikka nisbatan hukmron boʻlgan tibbiy modeldir.
2. Nogironligi boʻlgan ayollar va qizlar ikki karra xavf ostida — ayol sifatida ham, sogʻligʻi boʻyicha cheklovlari boʻlgan shaxs sifatida ham — deb ayta olamizmi?
Mutlaqo shunday. Nogironligi boʻlgan shaxslar nogironligi boʻlmaganlarga qaraganda jinsiy zoʻravonlik xavfiga ancha koʻp duch keladi — xavf 2,2 baravar yuqori. Keksalar va nogironligi boʻlgan ayollar esa alohida xatarlar bilan toʻqnashadi: ularga nisbatan qoʻpol muomala yoki zoʻravonlik ba’zan parvarish bilan shugʻullanuvchi shaxslar yoki tibbiyot xodimlari tomonidan ham sodir boʻlishi mumkin.
Yana bir masala — jamiyatda nogironligi boʻlgan shaxslar “yetaklovchi” emas, balki “ergashuvchi” rolida tasavvur qilinadi, ularga juda kam agentlik beriladi. Bugun parlamentda nogironligi boʻlgan deputatlar bor, ammo davlat organlarida nogironligi boʻlgan shaxslar rahbar lavozimlarida ishlayotgani haqida deyarli bilmaymiz.
3. Nogironligi boʻlgan shaxslarga yordam soʻrash yoki zoʻravonlik holatlari haqida xabar berishga qanday toʻsiqlar xalal beradi? Mavjud qoʻllab-quvvatlash tizimi qanchalik qulay?
Toʻsiqlar bir nechta. Birinchisi — tizimli toʻsiqlar. Kasalxonalar, ichki ishlar boʻlimlari, jamoat transporti kabi joylarda jismoniy infratuzilma muammolari mavjud. Shuningdek, kommunikatsion toʻsiqlar bor: surdotarjimonlarning yoʻqligi, Brayl alifbosidagi materiallarning yetishmasligi, ariza topshirishning muqobil shakllarining (SMS, messenjerlar, onlayn shakllar) mavjud emasligi. Eshitish, koʻrish yoki kognitiv cheklovlari bor shaxslarning koʻpi ulardan nima talab qilinayotganini tushuna olmaydi yoki sodir boʻlgan voqeani izohlashda qiynaladi. “Ishonch telefoni” ham muqobil aloqa kanallariga ega boʻlishi shart. Ichki ishlar organlari xodimlari, tibbiyot xodimlari va ijtimoiy xizmatlar mutaxassislari nogironligi turlicha boʻlgan shaxslar bilan ishlash va zoʻravonlikni aniqlash boʻyicha maxsus oʻqitilishi zarur.
Ikkinchi muammo — zoʻravonlikni parvarish koʻrsatuvchilar sodir etgan holatlar. Bunday vaziyatda nogironligi boʻlgan shaxs shikoyat qilsa, yordamdan, uyidan yoki parvarishdan mahrum boʻlib qolishdan qoʻrqadi. Shu sababli nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻllab-quvvatlovchi hamjamiyat yaratish, muqobil turar-joy shakllarini rivojlantirish juda muhim. Masalan, Polshada nogironligi boʻlgan shaxslarning mustaqil yashashini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Bu yondashuv ularning jamiyatga integratsiya huquqini ta’kidlaydi, institutsionallashtirishdan voz kechishga undaydi va ijtimoiy xizmatlarni, jumladan yaqinda joriy etilgan shaxsiy yordamchi (PA) kafolatini rivojlantiradi. Bu chora-tadbirlar uyda va jamiyatda koʻmak olish imkoniyatlarini kengaytiradi, shaxsiy avtonomiyani oshiradi va odamlarni muassasalarga joylashtirish emas, balki ularni qoʻllab-quvvatlashga urgʻu beradi.
4. Sizningcha, OAV nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va ularga nisbatan zoʻravonlik darajasini kamaytirishga qanday hissa qoʻsha oladi? Jurnalistlar nimani notoʻgʻri qilishmoqda va, aksincha, nimalar ijobiy oʻzgarishga yordam beradi?
OAV vakillari nogironligi boʻlgan shaxslardan, shu yoʻnalishda ishlayotgan NNTlardan tez-tez izoh va sharh soʻrab turishlari mumkin. Ularni faqat “qahramon” yoki “bechora” obrazida emas, balki ekspert, faollik koʻrsatayotgan fuqaro sifatida koʻrsatish muhim.
Afsuski, jurnalistlarda koʻpincha mavzuga chuqur kirib borish uchun yetarli vaqt boʻlmaydi, chunki doimiy “oqim”, tezkor yangiliklar ustuvor boʻladi. Bunday sharoitda materiallar yuzaki chiqadi, yuzaki yondashuv esa nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan munosabatni oʻzgartira olmaydi. Shuning uchun imkon qadar tahlilga, mavzuni chuqur oʻrganishga, qoʻshni mamlakatlar tajribasini koʻrishga koʻproq vaqt ajratishni tavsiya qilaman — bu materialni ancha kuchaytiradi.
5. Zoʻravonlik koʻpincha jismoniy tazyiqdan emas, til va munosabatdan boshlanadi. Jamiyatdagi qaysi stereotiplar nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan zoʻravonlik madaniyatini eng koʻp qoʻllab-quvvatlaydi?
Juda koʻp hollarda bu — insonni qadrsizlantiradigan, dehumanizatsiya qiluvchi iboralar. Masalan, “kasal/sogʻlom”, “normal/nonnormal” kabi boʻlinishlar yoki nogironlikni shaxsning oʻzidan ustun qilib, uni “inson” emas, “parvarish obyektiga” tenglashtirish.
Obyekt sifatida tasavvur qilingan odamni mensimaslik, e’tiborsiz qoldirish yoki — eng yomoni — unga kuch ishlatish osonroq boʻlib qoladi.
NNT “Sharoit Plus” nogironligi boʻlgan shaxslar bilan muloqot madaniyatiga oid qoʻllanma tayyorlagan.
Shuningdek, Anhor.uz ham nogironligi boʻlgan shaxslarni kamsitmaslik uchun ommaviy axborot vositalarida va kundalik suhbatlarda qaysi soʻzlarni ishlatmaslik kerakligi boʻyicha kichik eslatma ishlab chiqqan.
6. Raqamli makon yangi imkoniyatlar yaratadi, lekin yangi tahdidlarni ham keltirib chiqaradi. Nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa ayollar, qaysi shakldagi raqamli zoʻravonlikka duch kelmoqda?
Interseksionallik shuni koʻrsatadiki, turli xil kamsitish turlari bir-biri bilan kesishib, bir nechta marginalizatsiyalangan identifikatsiyaga ega boʻlgan odamlar uchun oʻziga xos, noyob bosim va zoʻravonlik shakllarini vujudga keltiradi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar tarmoqda koʻproq tashqi koʻrinishi, nutqidagi oʻziga xosliklar, harakati yoki yashash uslubi tufayli hujumga uchraydi. Ayniqsa koʻrinadigan nogironlikka ega odamlar tez-tez masxara qiluvchi memlar, fotosuratlar yoki videolarga aylantiriladi.
Onlaynda nogironlikni beqadr qilish hodisasi ham mavjud. Masalan, mittivoylik bilan yashaydigan bloger Viktoriya Simaxina oʻzining kundalik qiyinchiliklari haqida gapiradi — masalan, juda baland joylashtirilgan eshik qulflari haqida. Bunday postlar ostida odatda kimdir shunday deydi: “Nima, endi hamma karklar haqida oʻylashi kerakmi?”
Bu esa yana ijtimoiy ierarxiya, kuch kimda, kimning tajribasiga ishoniladi, kimning ovozi muhim deb topiladi kabi masalalarga borib taqaladi.
7. Sizningcha, jamiyatning nogironligi boʻlgan shaxslar haqidagi asosiy notoʻgʻri tushunchasi nima — bu koʻpincha ularning huquqlarining qadrsizlanishiga va zoʻravonlik holatlarini e’tiborsiz qoldirishga olib keladi?
Nogironligi boʻlgan shaxslarni infantilizatsiya qilish keng tarqalgan amaliyotdir. Bu yashirin kamsitishning eng keng tarqalgan va xavfli shakllaridan biridir. Bu "gʻamxoʻrlik", "xushmuomalalik" yoki "toʻgʻri munosabat" kabi koʻrinadi, lekin aslida u kattalarni "abadiy bolalarga" aylantiradi, ularni erkinlik, ovoz va xato qilish huquqidan mahrum qiladi.
8. Siz bu mavzuda jurnalistning rolini qanday koʻrasiz? U faqat kuzatuvchi boʻlishi kerakmi yoki oʻzgarishlarning faol ishtirokchisi ham boʻlishi mumkinmi?
Mening tushunchamda jurnalistning asosiy vazifasi — axborot berish. Bu uning professional roli. Lekin bu jurnalist fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻla olmaydi, degani emas. U jamiyatning faol a’zosi boʻlishi, shelterlarga koʻmaklashishi, volonterlik qilishi, hamjamiyat hayotida ishtirok etishi mumkin. Ya’ni jurnalist maqolada xolis qoladi, lekin inson sifatida — oʻz hissasini qoʻshishga haqli va buning oʻzi ham ijobiy oʻzgarishlarning bir qismidir.
9. Va oxirgi savol: “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” doirasida jamiyatga qanday murojaat qilmoqchisiz — ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarni himoya qilish masalasida?
Men bilishimcha, Equality Now nogironligi boʻlgan ayollarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holatlari boʻyicha Oʻzbekistonda oʻtkazilgan tadqiqotini e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Uning chop etilishini katta qiziqish bilan kutyapman.
Biz ovozi past eshitiladigan insonlarni nihoyat eshitishimiz kerak — ular kuchsiz boʻlgani uchun emas, balki ularga juda uzoq vaqt davomida yetarli e’tibor berilmagani uchun.
Nogironligi boʻlgan shaxslar — kattalar, mustaqil, his qiladigan va qaror qabul qiladigan shaxslardir. Ularning ham xavfsizlikka, mehrga, shaxsiy chegaralarga, shaxsiy hayotga va qoʻrquvsiz yashashga boʻlgan huquqi boshqalarnikidek teng. Eng muhimi — diagnzni emas, insonning oʻzini koʻra olish.
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul boʻlib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas
#ZoravonlikkaQarshi16Kun
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.