Nega bu shunchaki texnik masala emas va uning qanday huquqiy oqibatlari bor
Deyarli har bir internet foydalanuvchisi bir xil harakat qiladi: saytni ochadi, cookie-fayllar haqidagi qalqib chiquvchi oynani koʻradi va oʻqishni davom ettirishga xalaqit bermaslik uchun rozilik tugmasini tezda bosadi. Bu odatiy, deyarli avtomatik harakatga aylandi. Ammo bu tugma ortida rasmiylik yoki "sayt uchun ruxsatnoma" emas, balki siz haqingizdagi ma’lumotlardan qanday va qanday hajmda foydalanish boʻyicha aniq qaror yashiringan.
Cookies – zamonaviy raqamli muhitning asosiy mexanizmlaridan biri boʻlib, ularning qanday ishlashini tushunish maxfiylik va shaxsiy ma’lumotlar bilan bevosita bogʻliq.
Cookies – bu sayt brauzeringizda saqlaydigan kichik fayllardir. Ularni qisqa qaydlar yoki xotira belgilari sifatida tasavvur qilish mumkin. Ular tufayli sayt sizning avval kirganingizni tushunadi, tanlangan tilni eslab qoladi, avtorizatsiyani yoki mahsulotlarni savatda saqlaydi. Cookie-fayllarsiz koʻplab odatiy funksiyalar shunchaki ishlamay qolardi.
Muammo cookie-fayllarning oʻzidan emas, balki ularning qanday va nima uchun ishlatilishidan boshlanadi. Vaqt oʻtishi bilan saytlar ularni nafaqat foydalanuvchiga qulaylik yaratish uchun, balki xatti-harakatlarni tahlil qilish, harakatlarni kuzatish va reklamalar uchun ham qoʻllay boshladilar. Natijada, bitta kichik fayl nima oʻqiyotganingiz, nimani qidirayotganingiz va nimaga qiziqishingizni kuzatadigan katta tizimning bir qismiga aylanishi mumkin.
Cookie-fayllarning bir nechta turlari mavjud. Ulardan ayrimlari texnik jihatdan zarur — ularsiz sayt normal ishlay olmaydi. Boshqalari esa tahlil uchun ishlatiladi: ular sayt egalariga qaysi sahifalarga koʻproq kirishi, odamlar saytda qancha vaqt oʻtkazishi va qaysi vaqtda tark etishini tushunishga yordam beradi. Reklama cookie-fayllari ham mavjud. Aynan ular foydalanuvchini turli saytlarda "tanish" va tasodifiy boʻlishi uchun juda aniq koʻrinadigan moslashtirilgan reklamalarni koʻrsatish imkonini beradi.
Huquqiy nuqtayi nazardan eng muhim narsa - bu sizning roziligingiz. "Qabul qilish" tugmasini bosganingizda, siz saytga oʻzingiz haqingizdagi ma’lumotlar bilan muayyan harakatlarga ruxsat bergan boʻlasiz. Maxfiylik siyosatiga qarab, bunga xatti-harakatlaringiz haqidagi ma’lumotlarni olish, axborotlarni tahlil va reklama xizmatlariga ulashish hamda raqamli profil yaratish uchun ma’lumotlardan foydalanish kirishi mumkin.
Koʻpchilik cookie-fayllarning shaxsiy ma’lumotlarga aloqasi yoʻq deb hisoblaydi, chunki ularda ism yoki pasport yoʻq. Raqamli huquqda bu xato fikr. Bevosita identifikatorlarsiz ham cookies fayllari IP manzil, qurilma ma’lumotlari, joylashuv axboroti va harakat tarixini oʻz ichiga olishi mumkin. Ushbu ma’lumotlar birgalikda bir foydalanuvchini boshqasidan farqlash va tarmoqdagi xatti-harakatlarni ma’lum bir shaxs bilan bogʻlash imkonini beradi.
Xalqaro huquq cookies haqida nima deydi
Cookies’lardan foydalanish masalasi xalqaro huquqiy me’yorlar bilan tartibga solinadi, birinchi navbatda Yevropada, bu yerda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishning eng qat’iy va batafsil yondashuvlaridan biri shakllangan. Ushbu tartibga solishning asosini ePrivacy direktivasi va GDPR tashkil etadi, ular birgalikda qoʻllaniladi va bir-birini toʻldiradi.
ePrivacy direktivasi saytlar cookie-fayllarini oʻrnatish uchun foydalanuvchining roziligini oldindan olishni talab qiladi, agar ular saytning ishlashi uchun qat’iy zarur boʻlmasa. Bu shuni anglatadiki, tahliliy va reklama cookie-fayllari avtomatik ravishda yoki "odatiy" ravishda oʻrnatilmaydi - foydalanuvchi ongli ravishda tanlov qilishi kerak.
GDPR cookies identifikatorlari va shunga oʻxshash onlayn markerlarni, agar ular Internetdagi harakatlarni ma’lum bir shaxs bilan bogʻlashga imkon bersa, shaxsiy ma’lumotlar sifatida tan olish orqali bu talabni kuchaytiradi. Natijada, xalqaro standart quyidagicha shakllanadi: texnik jihatdan zarur boʻlgan cookie fayllardan tashqari, barcha cookie fayllardan faqat foydalanuvchining erkin ifodalangan, xabardor qilingan va ixtiyoriy roziligi bilan foydalanish mumkin. Bundan tashqari, ulardan voz kechish imkoniyati rasmiy emas, balki haqiqiy boʻlishi shart.
Millionlarga tushgan cookies fayllar
Xalqaro amaliyot cookies qoidalari shunchaki rasmiyatchilik emas, balki amalda qoʻllaniladigan huquq ekanini koʻrsatadi. 2019-yilda Yevropa Ittifoqi sudi Planet49 ishini koʻrib chiqib, shuni aniq koʻrsatdiki, cookie-fayllarga rozilik berish uchun oldindan belgilangan rozilik katakchalari haqiqiy rozilik hisoblanmas ekan. Foydalanuvchi ma’lumotlarni qayta ishlashga oʻzi va aniq rozilik bildirishi kerak, sukut saqlash yoki harakatsizlik esa ruxsat deb hisoblanishi mumkin emas. Ushbu qaror Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilari bilan ishlaydigan barcha saytlar uchun moʻljalga aylandi va koʻzda tutilgan emas, balki faol rozilik tamoyilini mustahkamladi.
Bu qoidalarni buzishning moliyaviy oqibatlari amaliyotda yaqqol koʻrinib turibdi. 2025-yilda Fransiyaning ma’lumotlarni himoya qilish regulyatori – CNIL – yirik xalqaro kompaniyalarni cookie-fayllardan noqonuniy foydalanganlik uchun jarimaga tortdi. Shein onlayn-riteyleri foydalanuvchilarning tegishli roziligisiz reklama cookie-fayllarini oʻrnatgani va ma’lumotlarni toʻplash haqida yetarlicha ma’lumot bermagani uchun 150 million yevro jarimaga tortildi. Google reklama cookie-fayllarini joylashtirgani va Gmail foydalanuvchilariga oldindan tegishli roziliksiz reklama koʻrsatgani uchun 325 million yevro jarimaga tortildi.
Ushbu ishlar cookies’dan foydalanish shunchaki sayt dizayni yoki marketing masalasi emasligini koʻrsatadi. Shaffof boʻlmagan yoki majburiy rozilik jiddiy huquqiy va moliyaviy oqibatlarga olib kelishi mumkin va foydalanuvchining halol va ongli tanloviga qoʻyiladigan talablar bugungi kunda qogʻozda emas, balki amalda qoʻllanilmoqda.
Nega bu oddiy foydalanuvchi uchun muhim
1. Rozilik - bu huquqiy harakat hisoblanadi. "Roziman" tugmasini bosish orqali siz ma’lumotlarni qayta ishlash ruxsatini berasiz va keyinchalik ma’lumotlaringizdan foydalanilganda, kompaniyalar ushbu roziligingizga asoslanishlari mumkin.
2. Rozilik asosli ma’lumotga ega boʻlishi lozim. Yevropada bu saytlar qanday fayllar ishlatilishini, nima uchun va ularga kim kirishini tushuntirishi kerakligini anglatadi.
3. Siz rad etishingiz mumkin. Keraksiz cookieslardan voz kechish sizni qoidabuzar qilmaydi, u shunchaki ma’lumotlarni toʻplashni cheklaydi.
4. Rozilikni bekor qilish mumkin. Sozlamalarni brauzerda yoki saytning oʻzida oʻzgartirishingiz mumkin.
Cookies - bu shunchaki saytlar uchun texnik eslatmalar emas. Bu sizning manfaatlaringiz (qulaylik, moslashtirish) va kompaniyalar manfaatlari (kuzatish, reklama) uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan vositadir.
"Qabul qilish" tugmasini bosganingizda, siz qonuniy ahamiyatga ega harakatni amalga oshirasiz va bugungi kunda koʻplab mamlakatlar bu rozilik avtomatik ravishda emas, balki halol, tushunarli va erkin boʻlishini talab qiladi.
Planet49 qarori hamda Fransiyada Shein va Google’ga nisbatan qoʻllanilgan yirik jarimalar cookies qoidalari real oqibatlarga ega ekanini, bu oqibatlar kompaniyalar uchun ham, oddiy foydalanuvchilar uchun ham muhim ekanini koʻrsatadi.
“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.