Bir necha yillik jadal rivojlanish va milliardlab investitsiyalardan soʻng, 2026 yilni tobora koʻproq “haqiqat sinovi” bosqichi sifatida tasvirlashmoqda. Stanford HAI bu oʻzgarishni juda aniq ifodalaydi: hayajonli ritorika oʻrnini baholash zarurati egallamoqda. Savol endi “sun’iy intellekt buni qila oladimi” emas, balki ancha yetuk va noqulayroq boʻlgan “qanchalik yaxshi, qanday narxda va kim uchun” degan masalaga koʻchmoqda.

Optikaning bu oʻzgarishi nafaqat texnologiyalarni kuzatuvchilar uchun muhim. Bu bevosita raqamli huquqlar bilan bogʻliq, chunki oʻlchovlar va javobgarlik boʻlmagan joyda odatda oddiy foydalanuvchi zarar koʻradi. Ma’lumotlardagi xatolar qarorlardagi xatolarga aylanadi, "aqlli" xizmatlar shaffofligini yoʻqotadi, oqibatlarni esa rad etish yoki shikoyat qilish ancha qiyinlashadi.

Suveren sun’iy intellekt va global infratuzilma poygasi

Stanford HAI hammudiri Jeyms Landey ta’kidlayotgan eng sezilarli tendensiyalardan biri - “sun’iy intellekt suvereniteti” haqidagi munozaralarning tezlashuvi. Uning fikricha, davlatlar sun’iy intellekt yetkazib beruvchilaridan va AQShning siyosiy tizimidan mustaqillikni namoyish etishga intiladi. Amalda bu turlicha koʻrinishi mumkin. Bir variantda davlat oʻzining yirik modelini yaratadi, boshqa variantda esa xorijiy modelni oʻz infratuzilmasida ishga tushiradi, shunda ma’lumotlar mamlakat hududidan tashqariga chiqmaydi. Shu bilan birga, atamaning oʻzi hali aniq ta’rifga ega emas va uning atrofida koʻplab amaliy bahslar boʻladi.

Suverenitet mantiqi tez orada raqamli huquqlarga oid real savollarga olib keladi. Fuqarolarning ma’lumotlari jismonan qayerda saqlanadi? Ularga kimlar kirish huquqiga ega? Audit va shaffoflik boʻyicha qanday talablar mavjud? Va agar texnologik “mustaqillik” amalda yopiq tizimga, jamiyat nazoratining yoʻqligiga aylanib qolsa, buning uchun kim javob beradi?

Kutilmalar pufagi va muvaffaqiyatsizliklar sonining ortishi

Landey shuningdek, 2026 - yilda sun’iy intellekt va’da qilingan unumdorlik oʻsishini, ayrim aniq yoʻnaltirilgan sohalardan tashqari, bermagani haqida koʻproq ochiq tan olishlar paydo boʻlishini va muvaffaqiyatsiz loyihalar soni ortishini bashorat qilmoqda. Uning bahosida muhim bir eslatma bor: bir nuqtada “dunyoning barcha pullarini bitta ishga sarflash”ning imkoni qolmaydi va bozor keskin savollar bera boshlaydi.

Foydalanuvchilar uchun bu juda oddiy xulosaga olib keladi. Agar texnologiya oʻlchab boʻladigan foyda uchun emas, balki moda uchun joriy etilgan boʻlsa, xatolar va nojoʻya ta’sirlar xavfi oshadi. Demak, chiroyli taqdimotlardan koʻra samaradorlik va xavfsizlikni isbotlashni talab qiladigan qoidalar ahamiyati ortadi.

Sun’iy intellekt iqtisodiyoti bahslardan oʻlchovlarga oʻtmoqda

Iqtisodchi Erik Brinyolfsson xuddi shu maqolada sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’sirini muntazam oʻlchash bosqichiga oʻtilayotganini ta’kidlaydi. U sun’iy intellekt qayerda unumdorlikni oshirishi, qayerda ishchilarni siqib chiqarishi va qayerda yangi rollarni yaratishini koʻrsatadigan yuqori chastotali "monitoring panellari" paydo boʻlishini kutmoqda.

Bu muhim oʻzgarish, chunki u muloqot tilini oʻzgartiradi. Umumiy bayonotlar oʻrniga tekshirish va taqqoslash mumkin boʻlgan ma’lumotlar paydo boʻladi. Ma’lumotlar mavjud boʻlgan joyda esa adolatliroq siyosat uchun imkon tugʻiladi — qayta tayyorlash dasturlari, bandlikni qoʻllab-quvvatlash, texnologik oʻzgarishlar tufayli zaif holatga tushib qolganlar uchun himoya choralarini ishlab chiqish.

Huquqiy sun’iy intellekt sifat va xavf-xatar standartlari orqali oʻsib bormoqda

Huquqda bu burilish ayniqsa keskin seziladi. Professor Julian Nyarko advokatlik firmalari va sudlar endi “sun’iy intellekt yozishni biladimi” degan savolni kamroq berishlarini va koʻproq u real jarayonlarda qanchalik yaxshi ishlayotgani, qanday ma’lumotlarga asoslangani va qanday xavf bilan ishlayotgani haqida soʻrashlarini kutmoqda. Aniqlik, havolalar va iqtiboslarning toʻgʻriligi, maxfiylik va imtiyozlar masalalari, shuningdek, hujjatlar va bilimlar bilan kundalik ishlashda oʻlchanadigan samaradorlik diqqat markazida boʻladi.

Raqamli huquqlar nuqtai nazaridan bu deyarli ideal mantiq. Agar vosita yuridik ahamiyatga ega qarorlarga ta’sir qilsa, u “qora quti” boʻlib qolishi mumkin emas. Uning sifati tekshirilishi, xavflari tavsiflanishi, mas’uliyati esa aniq boʻlishi kerak. Aks holda texnologiya huquqning oʻzini almashtira boshlaydi.

Bu mantiq Oʻzbekistonda qanday namoyon boʻldi

Shov-shuvdan tekshiruvga oʻtish jarayoni bizning kontekstimizda ham sezilmoqda. 2026-yil 21-yanvarda Oʻzbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilovchi va ushbu sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquqlarini yanada kuchliroq himoya qiluvchi OʻRQ -1115-sonli Qonun qabul qilindi.

Unda raqamli huquqlarga bevosita taalluqli boʻlgan va oddiy tilda tushuntirish oson boʻlgan ikki norma mavjud.

Birinchisi. Insonning huquq va erkinliklariga ta’sir qiladigan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimlarining xulosalariga tayanish taqiqlanadi. Ya’ni “kompyuter shunday chiqardi” degan asos huquqlar masalasida yagona dalil boʻla olmaydi.

Ikkinchisi. Sun’iy intellektdan foydalanib shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy qayta ishlash, shuningdek bunday ma’lumotlarni OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet orqali tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi. Qonun matnida jarima miqdori diapazoni va huquqbuzarlik predmetlarini musodara qilish imkoniyati koʻrsatilgan.

Bu "baholash davri" ruhidagi muhim signaldir. Davlat sun’iy intellekt shunchaki innovatsiya emas, balki muayyan xatarlar manbai ekanligini va bu xatarlar qonuniy oqibatlarga olib kelishi kerakligini qayd etadi.

Agar barcha yoʻnalishlarni birlashtirsak, 2026 yil sun’iy intellekt haqidagi suhbatning yetilish nuqtasi sifatida koʻrinadi. Dunyo miqyosida - etrikalar, testlar, standartlar va foydani isbotlash talablari orqali. Bizda esa - texnologiyalar insonning huquqlari va ma’lumotlariga ta’sir qila boshlaganida uni himoya qiladigan tamoyillarni mustahkamlash orqali.

Shu sababli bugun har qanday “aqlli” xizmatga beriladigan eng amaliy savol sehr yoki kelajak haqida emas. U juda hayotiy tarzda yangraydi. Tizim nima qiladi? Qaysi ma’lumotlarga tayangan? Bu insonga qanday ta’sir koʻrsatadi? Va agar u xato qilsa, nima boʻladi?

“Uzbekistan Digital Rights Media Initiative” (UDRMI) loyihasi Yevropa Ittifoqi (YI) moliyaviy koʻmagida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Legal Policy Research Centre (LPRC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.