Jahon banki va Ekologiya qoʻmitasi tadqiqoti ma’lumotlarini 21-oktyabr kuni brifingda Green University huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turgʻunov keltirdi. Bu oʻrtacha yillik ulushlar: mavsumlar boʻyicha ular oʻzgarib turadi.

Kuzda ifloslanishni bir vaqtning oʻzida bir necha omil — ob-havo sharoiti, tabiiy chang va isitish mavsumi kuchaytiradi: atmosferaning aralashish qatlami balandligi yozda 2–3 km dan bir necha yuz metrgacha pasayadi, shamol susayadi. 28-sentyabrdan 6-oktyabrgacha olingan laboratoriya namunalarida tabiiy chang bilan bogʻliq komponentlar PM2.5 ning 52–78 foizini, oʻrtacha 64 foizini, 13–14-oktyabrda esa 47–52 foizini tashkil etdi.

Toshkentdagi avtomatik stansiyalar ma’lumotiga koʻra, 1-yanvardan 19-oktyabrgacha PM2.5 ning oʻrtacha konsentratsiyasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga, PM10 esa 32 foizga, oktyabrning dastlabki 19 kunida esa mos ravishda 40 va 56 foizga kamaydi. Oʻtgan yilning shu davrida AQI indeksi 11 kun «zararli» darajaga yetgan boʻlsa, bu yil 19-oktyabrgacha bunday kunlar boʻlmagan. Ammo 24-oktyabrdan 25-oktyabrga oʻtar kechasi keskin sovuq tushishi va kuchsiz shamol tufayli xalqaro AQI boʻyicha havo sifati «noqulay» darajagacha yomonlashdi, 25-oktyabr kuni soat 02:00 dan 08:00 gacha Toshkent shahri va uning atrofidagi hududlarda Meteosat sun’iy yoʻldoshi tasvirlariga koʻra qisqa muddatli changlanish kuzatildi.

Kontekst

2025-yil 24-noyabrda imzolangan «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-229-sonli Farmon bilan Maxsus komissiya tuzilgan. Jahon bankining 2025-yilgi hisobotiga koʻra, Markaziy Osiyo shaharlarida tuproq va choʻl changi PM2.5 yillik ta’sirining 20–50 foizini, Turkmanistonda esa 80 foizdan ortigʻini tashkil etadi.