2026-yil sentyabr holatiga ofislarning ijaraga yaroqli umumiy maydoni 1 074 946 kvadrat metrni tashkil etadi (shundan 282 270 kv. m — kompaniyalar oʻzlari uchun quradigan binolar). Toʻrt yil ichida 13 ta biznes markaz — 112 ming kv. m dan ortiq, ya’ni joriy hajmning qariyb 14 foizi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Eng koʻp ofisni savdo va distribyutsiya (25%), IT-kompaniyalar (16%), konsalting va moliya sektori (har biri taxminan 15%) ijaraga oladi.
A sinfida ijara stavkasi pasaydi — 2025-yildagi eng yuqori kvadrat metr uchun 44 dollardan taxminan 36 dollargacha, ammo bu qisman metodika samarasi: eng qimmat binolar endi alohida Prime toifasiga ajratilgan. B va C sinflarida oʻrtacha stavka 23–31 dollarni tashkil etadi va deyarli 2023-yil darajasiga qaytdi. Taxminan 16,9 foiz maydon boʻsh (2025-yilda — taxminan 16, 2024-yilda — 25 foiz), boʻsh ofislarning yarmi premium Prime toifasida. Yirik kompaniyalar tobora koʻproq oʻzlari uchun ofis quradi, bunday binolar boʻsh maydon va stavkalar hisob-kitobiga kirmaydi.
Kontekst
2020-yilda ofis fondining 57 foizini C sinfi tashkil etgan, 2026-yilga kelib esa 21,4 foizga tushdi. B sinfining ulushi 43 foizdan 55 foizgacha oshdi. A sinfidagi birinchi biznes markazlar 2021-yilda, Prime toifasidagilari esa 2023-yilda paydo boʻldi.