Mirziyoyeva 26-sentabrdan 1-oktabrgacha Abu-Dabida oʻtayotgan Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov boʻyicha BMTning 15-kongressida nutq soʻzladi. Uning mavzusi — jinoyatchilikning oldini olish, jinoiy odil sudlov, qonun ustuvorligi va raqamli transformatsiyaning oʻzaro bogʻliqligi. Forumga 5 mingga yaqin ishtirokchi keldi. Kun tartibida — transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, korrupsiya, ekologik huquqbuzarliklar, bolalarni himoya qilish va qonun ustuvorligi masalalari.
Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston taklifining qoʻllab-quvvatlanishi mamlakatning ochiqligiga xalqaro ishonch va uning muloqotga tayyorligidan dalolat beradi; kongressga tayyorgarlik koʻrish uchun besh yil vaqt bor. U Oʻzbekiston BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bilan hamkorlik qilib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirayotganini ta’kidladi. Kongress doirasida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, shu boshqarma ijrochi direktori Monika Juma bilan uchrashdi.
Kontekst
BMTning jinoyatchilik boʻyicha kongresslari har besh yilda bir oʻtkaziladi, avvalgisi 2021-yilda Kiotoda boʻlib oʻtgan. Abu-Dabi deklaratsiyasini 26-sentabr kuni, kongressning birinchi kunida 119 mamlakat vakillari, jumladan, 40 dan ortiq adliya vaziri ovoz bermasdan ma’qulladi. Hujjat besh yilga moʻljallangan odil sudlov sohasidagi xalqaro siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi va jinoyat protsessida sun’iy intellektni qoʻllash shartlarini alohida tavsiflaydi. Taraqqiyotni BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov boʻyicha komissiyasi kuzatib boradi, milliy majburiyatlar esa 2031-yilgacha — Oʻzbekistondagi kongress yiligacha BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi veb-saytida e’lon qilinadi.