Ish haqi va kompensatsiyalar boʻyicha eng koʻp murojaatlar Rossiyaga toʻgʻri keldi — 533. Keyin Turkiya (155), Koreya Respublikasi (92) va boshqa davlatlar (37).

Agentlik yana 532 nafar vatandoshga vositachilar va xorijiy ish beruvchilarda boʻlgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qaytarishga yordam berdi: Rossiyada 331 ta, Turkiyada 185 ta, Qozogʻistonda 11 ta, Koreyada 5 ta holat. Murojaatlar kechayu kunduz qisqa raqam orqali qabul qilinadi: 1282.

Kontekst

2026-yilning yetti oyida agentlik 622 ta murojaat boʻyicha 570 ming dollar undirdi va 383 nafar fuqaroga hujjatlarini qaytarib berdi. Yil boshidan idora 42 ta davlatdan 716 ta ish beruvchi va rekruting tashkilot bilan muzokaralar oʻtkazdi va 132 ta shartnoma imzoladi, joriy yilda esa xorijda 171 200 kishi ish bilan ta’minlandi.

Qarzni undirishga toʻgʻri kelmaydigan vaziyatga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak

Migratsiya agentligi tavsiyalariga koʻra:

Qonuniy rasmiylashtiring. Xorijda ishga Agentlik orqali yoki litsenziyaga ega xususiy bandlik agentligi orqali joylashing va litsenziyasiz tashkilotlar bilan shartnoma tuzmang.

Shartnomasiz ketmang. Shartnomasiz ish taklifi va ish beruvchi haqida aniq ma’lumot yoʻqligini Agentlik jiddiy xavf belgilari deb ataydi. Uyushgan tarzda ishga joylashtirishda xorijiy ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasining nusxasi hujjatlarga ilova qilinadi, ishga joylashtirish xizmatlari toʻgʻrisidagi shartnoma esa «Xorijda ish» tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Pasportni topshirmang. Hujjatlarni turli bahonalar bilan olib qoʻyish Agentlik tomonidan xavotirli belgilar qatoriga kiritiladi. Bu yil hujjatlarini vositachilar va ish beruvchilar ushlab turgan 532 nafar fuqaroga yordam kerak boʻldi.

Davlat yordamidan foydalaning. Uyushgan tarzda ishga joylashtirishda Migratsiya jamgʻarmasi xarajatlarning bir qismini qoplaydi: til yoki kasb imtihoni uchun BHMning 3 baravarigacha, ish vizasi uchun 5 baravarigacha, chipta uchun 2 baravarigacha va sugʻurta uchun yiliga 300 ming soʻmgacha.

Agar muammo allaqachon yuz bergan boʻlsa. Agentlik murojaatlarni kechayu kunduz 1282 raqami va @huquqiy_yordam_uzbot botida qabul qiladi.