Shaharga har kuni 500 mingtagacha avtomobil kiradi, 2023-yilda bu koʻrsatkich 250 ming edi; yoʻllarning hisobiy oʻtkazish qobiliyati 450–500 ming avtomobilni tashkil etadi. Energiya tarmoqlari yiliga qoʻshimcha 200 MVt quvvat talab qiladi — bu ikkita podstansiyadir. Uch yil ichida 12 ta tumanda oltita yangi maktab qurildi; prezident soʻzlariga koʻra, 2025-yil oxirida shaharga yana 75 ta maktab yetishmayotgan edi. 15,5 ming oʻrinli maktablar loyihalari tayyor va moliyalashtirilgan, 6000 oʻrinli 13 ta bogʻcha loyihalari savdoga tayyorlanmoqda; maktablar, bogʻchalar va sport maktablari uchun 2026-yil boshida taxminan 100 million dollar zaxiraga qoʻyilgan.

Kontekst

Uch yilda Toshkentning YaHM 2022-yildagi 149 trln soʻmdan 2025-yilda qariyb 370 trln soʻmgacha, ya’ni 2,5 barobar oʻsdi, oʻzgarishlar tezligi boʻyicha esa shahar BCG tadqiqotida 80 ta shahar orasida Shenchjen va Ar-Riyoddan keyin uchinchi oʻrinni egalladi. Shahar infratuzilma uchun mablagʻni oʻzidan qidirmoqchi: quruvchilardan obyekt hajmiga bogʻlangan infratuzilma yigʻimi joriy etilgan, tuman ishlab topgan mablagʻlar esa hokim soʻzlariga koʻra, rasman shaharning umumiy byudjeti orqali oʻtsa-da, oʻsha tumanda sarflanadi. Shahar pullik toʻxtash joylari va yoʻl infratuzilmasidan ham daromad olishni moʻljallamoqda: hokim soʻzlariga koʻra, Moskva undan 800 million dollarga yaqin (yoki undan koʻp), Dubay esa 2 milliard dollarga yaqin daromad oladi (u davrni aniqlamagan). Alohida yoʻnalish — yerlarni qaytarish: 8800 ga yaqin noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, 800 gektarga yaqin yer qaytarildi. Pullik toʻxtash joylari va evakuatsiya haqidagi qonunchilikka oʻzgartirishlar tayyorlanmoqda: hokimning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, har kuni kamida 900 ta mashinani evakuatsiya qilish uch-olti oy ichida haydovchilarni trotuarlarda toʻxtashdan qaytaradi.